«Hammasi kuzda boshlanadi» - Zelenskiy prezidentlikning 100 kuni haqida intervyu berdi

Jahon 21:30 / 01.09.2019 20497

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bugungi kunda dunyoning eng g‘alati davlat rahbarlaridan biri sifatida tilga olinadi. Mamlakatning eng mashhur shoumeni ajoyib kunlarning birida shu mamlakat prezidenti bo‘lishini tasavvur qilish chindan ham qiyin. Bu shoumen filmlardan birida prezident rolini o‘ynagan bo‘lsa ham. Ha, xuddi simpsonlar multfilmidagi voqealar to‘g‘ri chiqavergani kabi Zelenskiy ham «Sluga naroda» filmida prezident rolini o‘ynagan.

Endilikda Ukraina prezidentiga aylangan Zelenskiy Igor Kolomoyskiyning «1+1» telekanaliga prezidentligining 100 kuni qanday o‘tgani haqida intervyu berdi. Zelenskiyga yuqorida nomi tilga olingan filmda bosh vazir rolini o‘ynagan Stanislav Boklan suhbatdosh bo‘ldi. Intervyu davomida Ukraina prezidenti ko‘plab mavzulardagi savollarga qisqa-qisqa javob berdi.

«Prezident issiq vannada yotishi yaramaydi...»

Alena va Vladimir Zelenskiy

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida uning nomidan kim izoh qoldirishi haqidagi savolga Zelenskiy qisqa javob berdi: «Shaxsan o‘zim yozaman». Ayoli bilan qaysi mavzularda maslahat qilishi haqida savolga javob berar ekan Ukraina yetakchisi xotinini aqlli ayol deb atadi: «Juda murakkab holatlarda u bilan maslahat qilaman. U juda aqlli ayol. Odamga to‘g‘risini ayta oladigan do‘st kerak. Issiq vannada cho‘zilib yotishdan naf yo‘q, ayniqsa sen Ukraina prezidenti bo‘lsang».

«Onam hozir ham kuniga uch marta qo‘ng‘iroq qiladi»

Zelenskiyning aytishicha, u qaysi lavozimda ishlayotganidan qat'i nazar onasining farzandi bo‘lib qolgan: «Onam oldin ham kuniga uch marta qo‘ng‘iroq qilardi. Hozir ham bu odatini tashlamagan (kuladi). Otam bilan esa ko‘proq gaplashadigan bo‘ldik. U bilan ancha yaqinlashdim. Otam oldin umuman aytmagan gaplarini ham aytadi. Telefonda u menga o‘ta jiddiy masalalarda ham maslahatlar beradi».

«Xavf bor, kimdanligini ayta olmayman»

Vladimir Zelenskiy va prezident ofisi rahbari Andrey Bogdan

Suhbatdoshlar Zelenskiyning uyidagi suhbatni to‘xtatib, qolganini mashinada davom ettirishdi. Shunda Zelenskiydan «Nega velosipedda yurmayapmiz?», deb so‘rashdi («Sluga naroda» filmida prezident rolini o‘ynagan Zelenskiy velosipedda yuradi). Prezident buning sababini tushuntirdi: «Qiyin savol. Men bunga harakat qildim, ammo ruxsat berishmadi. Hozircha chindan xavf bor... kimdan ekanini, uning familiyasini aytmayman, ammo xavf chindan mavjud. Ba'zi holatlarda bunga guvoh bo‘ldim».

Zelenskiy o‘zining tashrifi davomida yo‘llar yopilmayotganini aytdi: «Biz yo‘llarni yopmaymiz degandik va yopmayapmiz ham». Yaqinda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning tashrifi vaqtida Kiyevdagi ko‘plab yo‘llar yopilgandi, ammo Ukraina xavfsizlik xizmati vakillarining aytishlaricha, yo‘llar Isroil tomoni talabi bilan yopilgan. Bu savolning davomi o‘laroq Zelenskiydan nega prezidentlik samolyotlarini sotmayotganini so‘rashdi: «Men boradigan yerlarga fuqarolik samolyotlari bormaydi». Zelenskiyning aytishicha, «birinchi raqamli bort» prezidentlik vazifalarini bajarish uchun kerak.

«Putin bilan hech qanday aloqam yo‘q»

Zelenskiydan Putin bilan aloqalari haqida so‘rashganida u qisqa javob berdi: «Putin bilan hech qanday aloqam yo‘q». Uning aytishicha, Putinga tribunalning qaroridan keyin ham ukrainalik dengizchilar qo‘yib yuborilmagani masalasida qo‘ng‘iroq qilishga majbur bo‘lgan: «Birinchi marta 30 daqiqacha gaplashdik. Avvaliga tanishib oldik, keyin dengizchilarning qaytarilishi, Donbassdagi urush haqida gaplashdik. U o‘zida bor ma'lumotlar bilan, men o‘zimdagi ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdik. Taassufki, undagi ma'lumotlar menikidan farq qilardi. Keyingi safar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdik, ammo o‘zingiz ko‘ryapsiz Donbassda nimalar bo‘lib yotibdi. Uchinchi uchrashuv esa yuzma-yuz o‘tkaziladi».

«Ishoning, o‘g‘rilik kamaydi»

Zelenskiy mamlakatning yalpi ichki mahsuloti korrupsiyaning kamaygani hisobiga ortgani haqida fikr bildirdi: «Ishoning, ular qo‘rqa boshlashdi. Chegarada kontrabanda bir necha barobarga kamaydi. Bunday mahsulotlarni olib kelayotganlar uni qayerga olib borishni bilmay o‘tirishibdi. Soliq va bojxona islohotidan so‘ng kontrabandaga barham berishimiz mumkin. 2019 yil oxiriga qadar bu islohotlarni o‘tkazishimiz kerak»

«Kuzda boshlanadi»

Zelenskiy saylov kampaniyasi davomida korrupsiyaga aralashganlarni jazolashi haqida aytgandi. Uning aytishicha, tez orada hammasi boshlanadi: «Kuzda boshlanadi. Bu uchun esa yangi bosh prokuror kerak. Korrupsiyaga qarshi sud 5 sentyabrda faoliyatini boshlaydi».

«Barchaning tili va e'tiqodini himoya qiladigan model kerak»

Zelenskiy suhbat orasida mamlakatda yashayotgan boshqa millatdagilarning tili va e'tiqodini himoya qilish kerakligini aytib o‘tdi. Unga savol rus tili borasida berildi (aynan rus tili deb aytilgan bo‘lmasa ham). Oldingi prezident Poroshenko vaqtida Ukrainada rus tilida gaplashadiganlarga keskin cheklovlar qo‘yilgandi. Zelenskiy esa hamma o‘z tilida gaplasha olishi kerakligini aytdi: «Biz mamlakatdagi barcha millatlarning huquqlarini himoya qilishimiz kerak. Odamlarning tili va e'tiqodini himoya qiladigan model kerak».

Zelenskiy prezidentlik roli va chinakam prezidentlikni solishtirar ekan ortiq rol o‘ynash yaramasligini aytdi: «Ortiq aktyor emasman». Prezidentdan 100 kun davomida alkogol ichgan yoki yo‘qligi haqida ham so‘rashdi: «Ichdim, lekin ko‘rganingizdek men oyoqda turibman», — deb javob berdi Vladimir Zelenskiy.

Ko‘proq yangiliklar: