Qayrat Kelimbetov: so‘nggi 20 yilda Qozog‘iston 300 mlrd dollardan ko‘proq investitsiya jalb qildi. Bu Markaziy Osiyodagi investitsiyalarning 70 foizidir

Iqtisodiyot 16:40 / 30.08.2019 22685

27-29 avgust kunlari O‘zbekistonning bir guruh OAV vakillari Qozog‘iston poytaxti Nursulton shahrida bo‘ldilar. “Ostona” Xalqaro birjasi taklifi bilan uyushtirilgan press-turda bu markazning faoliyati, xususan yangi faoliyat boshlagan xalqaro birja ishi bilan tanishuv bo‘lib o‘tdi.

Dastlab jurnalistlarni “Ostona” Xalqaro moliya markazi rahbari Qayrat Kelimbetov qabul qildi.

Qisqacha ma'lumot: Kelimbetov Qayrat Ne'matovich, 2002—2006 yillarda Qozog‘iston iqtisodiyot va budjetni rejalashtirish vaziri, 2008 yilda Respublikasi prezidenti Administratsiyasini boshqargan, 2011 yilda Iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri, 2012 yildan bosh vazir o‘rinbosari, 2013-2015 yillarda Qozog‘iston Milliy banki (Markaziy bank) raisi, ayni paytda “Ostona” Xalqaro moliya markazi rahbari.

Jurnalistlar bilan suhbat jarayonida janob Kelimbetov shunday ma'lumotlar berdi:

– Markazimizning asosiy vazifasi xorijiy investitsiyalarni mamlakat iqtisodiyotiga jalb qilish, ularga qulay muhit yaratishda yordam berishdan iborat. Xabaringiz bor, 2017 yilda Ostonada «EKSPO-2017» xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan. Mana shu siz tashrif buyurgan bino-inshootlar shu tadbir munosabat bilan qurilgan (tahr.: loyiha qurilishlarining umumiy qiymati 2,1 mlrd. dollarni tashkil qilgan va bu mablag‘ to‘liq Qozog‘iston hukumati tomonidan qoplangan). Bu tadbirda juda ko‘p davlatlar rahbarlari qatorida O‘zbekiston prezidenti ham ishtirok etganidan xabaringiz bor. Ko‘rgazma muvaffaqiyatli o‘tganidan keyin birinchi prezidentimiz tomonidan binolarning bir qismi biz faoliyat boshlagan “Ostona” Xalqaro moliya markaziga berildi. Bundan tashqari hududda qator innovatsion markazlar ham faoliyat yuritadi. Shu yerda joylashgan Ostona Xalqaro Birjasi NASDAQ, Shanxay Xalqaro birjasi kabi yirik birjalar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan.

Mana shu markaz joylashgan hududda moliya sohasida ingliz qonunchiligi amal qiladi. Sababi, dunyo bo‘yicha tan olingan ingliz huquqi ko‘pchilik davlatlar, yirik investorlar uchun tushunarli, an'anaviy hisoblanadi. Aynan investorlarga qulaylik yaratish maqsadida davlatimizda hatto konstitutsiyaga ham o‘zgartirish kiritilgan va Nursulton shahrining 80 foizdan ortiq hududida faqat moliya sohasida ingliz qonunchiligi amal qilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Keyinchalik shu o‘zgarishga asosan 70 ta qonun qabul qilindi. Biz hatto moliyaviy masalalarni yechish uchun sobiq ittifoqda birinchi bo‘lib Angliyadan sudyalarni taklif qilganmiz va ular shahrimizda doimiy asosda faoliyat olib borishadi. Hozir Buyuk Britaniyaning sobiq bosh sudyasi lord Geri Vulf bizda moliya sohasida bosh sudya hisoblanadi. Arbitraj sohasida ledi Barbara faoliyat yurityapti.

Markazimizga bu qadar jiddiy e'tibor berilayotganining o‘ziga xos sabablari bor. Ma'lumki xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha o‘ziga xos kurash, sog‘lom raqobat ketmoqda va bu juda yaxshi. So‘nggi 20 yilda Qozog‘iston 300 mlrd dollardan ko‘proq investitsiya jalb qila oldi. Bu Markaziy Osiyodagi investitsiyalarning 70 foizidan iboratdir.

Albatta, Qozog‘istonning ko‘rsatkichlari juda yuqori. Ammo bu investitsiyalarning taxminan 80 foizi neft-gaz sohasiga yo‘naltirilgani bizni o‘ylantirmay qolmaydi. Biz bu masala ustida ishlashimiz kerakligini yaxshi anglaymiz.

Ko‘pchilik “investitsiyalarni jalb qilishda raqobat aks ta'sir qilmaydimi?”- deb so‘raydi. Men qo‘shni davlatlar orasidagi bu holatni raqobat emas, kooperatsiya deb atagan bo‘lardim.

Qozog‘istonning bu borada tajribasi katta bo‘lsa-da, yirik xorijiy investorlar bilan muzokaralarda ularni bitta davlat qoniqtirmasligi, butun hudud bilan ishlash qiziqtirishi ma'lum bo‘ladi. Shu bois ikki tomonlama hamkorligimiz juda muhim. Axir Markaziy Osiyo hududi aholisi yaqin kelajakda 100 mlnga yetishi ko‘zda tutilsa, bu davlatlar ko‘pchilik investorlarni qiziqtirishi tabiiy. Shu bois biz kabi markazlar qo‘shni davlatlarda ham paydo bo‘lishidan biz faqat xursand bo‘lamiz.

Biz O‘zbekistonda so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlarni diqqat bilan kuzatib boryapmiz. Yuqori doiralarda ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdik, yangi rejalarimiz ham bor. Qisqa muddat ichida o‘zaro savdo hajmi 30 foizdan ko‘proqqa oshgani juda yaxshi ko‘rsatkich va bu raqamlar o‘sishda davom etmoqda – dedi “Ostona” Xalqaro moliya markazi rahbari Qayrat Kelimbetov.

Abror Zohidov, Toshkent-Nursulton-Toshkent

Ko‘proq yangiliklar: