Superliga to‘purarlari nega terma jamoaga chaqirilmadi? Kuper izoh berdi

Sport 16:46 / 27.08.2019 42739

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va Terma jamoalar bo‘limi rahbari Aziz Haydarov Superliga to‘purarlari safida borayotgan hujumchilar termaga chaqirilmagani yuzasidan izoh berdi.

Ma'lumot uchun, ayni paytda O‘zbekiston chempionati to‘purarlari ro‘yxatini «Paxtakor»ning serbiyalik legioneri Dragan Cheran boshqarib bormoqda. Kuchli uchlikda 11tadan gol urgan Humoyun Murtazoyev («Nasaf») va Zafar Polvonov (OKMK) ham bor. Ammo bu ikki hujumchi milliy jamoadan chaqiruv olgan Temurxo‘ja Abduxoliqov («Lokomotiv», 10ta gol) va Igor Sergeyev («Paxtakor», 8ta gol)dan oldinda borayotganiga qaramay JCh-2022 yo‘lidagi dastlabki o‘yin uchun yig‘inga jalb etilmadi.

Tribuna.uz muxbirining xabar berishicha, mazkur holat bugun O‘FAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qizg‘in savol-javoblar mavzusiga aylangan.

– Har bir pozitsiya bo‘yicha qaysi futbolchilarni eng yaxshi deb hisoblasangiz, shularni termaga chaqirishingizni aytib aytdingiz. Ayting-chi, Superliga to‘purarlari ro‘yxatini boshqarayotgan uch nafar futbolchini sanab bera olasizmi?

– O‘zbekiston chempionatidagi barcha futbolchilarni taniyman...

– Polvonov va Murtazoyevlarning chaqirilmagani nima bilan bog‘liq?

– Bu – mening qarorim. Shunga ishonaman.

Image

– Qaroringizni izohlay olasizmi?

Aziz Haydarov:
– Bu savolga men javob bersam. Kichik misol keltirib o‘taman – Messi. Natijalari ajoyib, lekin terma jamoada hech qanaqa natijasi yo‘q. Shu narsaga ham e'tibor berishinglarni xohlayman.

Juda ko‘p o‘yinchilar bor – milliy jamoaga keladi, lekin hech qanaqa... Men o‘zim ham, misol uchun, milliy jamoada o‘ynaganimda biz termaga kelishini xohlagan, hattoki shu o‘yinchilarni chaqiringlar, deb murabbiylarga aytgan yangi futbolchilarning juda ko‘pini mashg‘ulotlarda ko‘rib, darajasi umuman to‘g‘ri kelmasligini tushunardik.

– Axir Messini terma jamoaga chaqirishmoqda-ku, Polvonov va Murtazoyevga esa hatto imkoniyat ham berilmayapti.

Ektor Kuper:
– Hozir bu masalada polemikaga kirishish shart emas. Oddiy narsa: barchaning o‘z fikri, o‘z didi bor. Bu – butun dunyoda bor amaliyot. Messining o‘ziga ham Argentina milliy jamoasida, bilasiz, juda yomon baho berishadi. Uning termada qanaqa o‘ynashi muxlislarga ham yoqmaydi.

Qaysidir o‘yinchi sizga ma'qul bo‘lishi mumkin, lekin u bizning baholashimiz bo‘yicha... Masalan, qaysidir hujumchi haqida gapirsak. Klubida yaxshi o‘ynamayotgandi-ku, nega chaqirildi, deyilishi mumkin. Lekin men ko‘ryapmanki, terma jamoada foyda keltiradi. Dunyoda bunaqa misollar juda ko‘p. Hatto O‘zbekistonda ham shunday misol keltirish mumkin. O‘zining klubida o‘ynamayotgan o‘yinchi terma jamoada o‘ynayapti.

Men, albatta, xato gapirayotgan bo‘lishim mumkin. Biz bir yildan buyon ishlayapmiz. Terma jamoa eshiklari barcha uchun ochiq. Barcha uchun ochiq. Balki kelajakda yangi o‘yinchilar paydo bo‘lishi mumkin, buni ko‘ramiz, kuzatamiz.

Hozir menda juda ko‘p misollar bor, sizlarga gapirib berishim mumkin, lekin bu ko‘p vaqtni oladi. Tajribamdan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki, oldingi ishlagan joylarimda ba'zan chempionat to‘purarini terma jamoaga umuman chaqirmaganman. Chempionat to‘purarini! Nimaga unaqa bo‘lishi mumkin? Shunaqasi bo‘lib turadi. Bu – murabbiy fikri.

Biz barcha o‘yinchilarni kuzatamiz. Barcha o‘yinchilarni. Murabbiylar bilan yig‘ilib, hamma futbolchilarning o‘yinini tahlil qilamiz. Sizni tushunaman, menga ishonmasligingiz mumkin.

– Bu – mening xohishim emas. Bu – statistika. Ular boshqalardan ko‘proq gol urishdi.

– Statistika bilan bahslashib bo‘lmaydi, deysiz. Bunaqa deyishda ehtiyot bo‘lish kerak. Statistikaga ehtiyotkorona qarash kerak. Futbol kompyuter emas. Statistika bizga faqat ma'lumot beradi, lekin unga butunlay ishonib qolmasligimiz kerak.

Davron Fayziyev:
– Bitta yaqqol misol: Osiyo chempionatiga Marat Bikmayev asosiy hujumchi sifatida chaqirilgan edi. Birinchi o‘yinda asosiy tarkibga kiritilgan, lekin uning o‘rniga zaxiradan tushgan  Eldor Shomurodov «Rostov»da o‘yin amaliyoti yo‘qligiga qaramay, chempionat qahramoniga aylandi.

Ektor Kuper:
– Yana bir narsani qo‘shimcha qilmoqchiman. Futbol mavzusida juda uzoq diskussiya qilish mumkin. Hamma narsaga argument topish... O‘yinchining holati hozir qanchalik yaxshi, ba'zi futbolchilar bo‘yicha mendan ko‘proq bilishinglar mumkin, lekin eng asosiysi – natija. Hammasini oxirida natija ko‘rsatadi.

Aziz ham aytib o‘tdi, qaysidir o‘yinchi klubida yaxshiroq o‘ynab, terma jamoada o‘ynay olmasligi mumkin. Terma jamoaning sistemasi klubida zo‘r o‘ynayotgan futbolchi uchun qiyinroq bo‘lishi mumkin. U axir to‘purar-ku, deyishingiz mumkin. Ha, bo‘lishi mumkin. Balki, bu futbochlini keyinroq chaqirarmiz. Rasmiy o‘yinlar endi boshlanadi. Kelajakda hali chaqirishimiz mumkin.

Murabbiy qaysar inson bo‘lsa, masalan, O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisini chaqirmasa-yu, hamma undan shuni so‘rasa, bu umuman boshqa holat bo‘lgan bo‘lardi. 

Ko‘proq yangiliklar: