Ektor Kuper: «Bizda o‘z o‘yin uslubimiz bor. Uni hadeb o‘zgartiraverish yaxshi fikr emas»

Sport 14:50 / 27.08.2019 7043

Navbatdagi Jahon chempionati saralashi oldidan O‘FA anjumanlar zalida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper jurnalistlar savollariga javob berdi. Anjuman tafsilotlarini Tribuna.uz muxbiri keltirib o‘tdi.

– Yozda Afrika Millatlar kubogida ekspert bo‘lib ishlab, keyin ta'tilga chiqib ketdingiz. Vaholanki bu vaqtda Superliga, O‘zbekiston kubogi va liga kubogida juda ko‘plab o‘yinlar bo‘lib o‘tdi.

– To‘g‘ri, men ba'zi o‘yinlarni o‘tkazib yubordim. Lekin ta'til bo‘lmaganida bu ham salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin edi. Lekin yaxshi savol berdingiz. Ta'til vaqti ba'zi o‘yinlarga to‘g‘ri kelib qoldi va biz Liga kubogi o‘yinlarini o‘tkazib yubordik, lekin chempionatda men kuzata olmagan turlar juda kam bo‘ldi.

Chempionatda birinchi davraning oxirgi o‘yinlari 26-27 iyunda (asli 28-29 iyun – tahr.) bo‘lib o‘tdi va ikkinchi davra 25-26 iyullarda (asli 26-27 iyul – tahr) boshlandi. Men 3 avgustda O‘zbekistonda edim.

Federatsiyada mendan boshqa murabbiylar ham ko‘p – Olimpiya va boshqa terma jamoalar murabbiylari bor. Agar qaysidir muhim o‘yinni yoki o‘yinchini kuzata olmay qolgan bo‘lsak, uni boshqa murabbiylar ko‘radi. Aziz Haydarovning o‘zi ham kuzatadi. U kelib menga aytadi: «Shunday o‘yinchi chiqdi, zo‘r o‘yinchi – O‘zbekistonning Messisi, sizlar bilmay qoldilaring». Faqat men baholasam-da, boshqalar maslahat berib turishadi.

Bu holat Falastin bilan o‘yinga salbiy ta'sir qiladimi, deb o‘ylamayman. Ta'tilimning hech qanday ta'siri yo‘q.

Qolaversa, o‘tgan matbuot anjumanida texnologiyalar va shu asosda analiz qilish haqida aytgandim. Bizda barcha texnologiyalar bor. Stadionga bormasdan o‘yinlarni ko‘rishimiz mumkin. «Stadiondan ko‘rish baribir boshqa», desangiz, aksincha – bu ba'zida yaxshi. Chunki analiz payti videoni to‘xtatib, kadrni ortga qaytarib ko‘rishimiz mumkin, stadionda unaqa ko‘ra olmaysiz.

Ta'tilim terma jamoaga ta'sir qiladi, deb o‘ylayman. Chunki buni oldindan baholaganmiz. Ta'til muddatim bo‘yicha biz tanlagan oyni eng maqbuli, degan qarorga kelganmiz.

– Klublardan tashqari boshqa terma jamoalarni ham kuzatib boryapsizmi, turli yosh toifalaridagi terma jamoalarning murabbiylari bilan kengashib ish olib boryapsizmi?

– Milliy jamoa birinchi navbatda olimpiya termasidan oziqlanadi. To‘g‘ri, 14-15 yoshli futbolchilardan iborat terma jamoalar ham bor, lekin ulardagi talab har xil. Milliy jamoadagi ishni ular qila olmasligi mumkin. 14 yoshli va 18 yoshli bolani milliy jamoaga bir xil tayyorlab bo‘lmaydi.

Murabbiylar bilan kengashib turaman. Odatda olimpiya terma jamoasi murabbiyi bilan. Hamma murabbiyning o‘z erkinligi ham bor, ular o‘z fikri bo‘yicha ish olib borishadi. Direktor bilan, terma jamoalar murabbiylari bilan maslahatlashishimiz mumkin, lekin ularning ishiga aralasha olmaymiz.

Bitta narsadan xotirjam bo‘lishlaringni xohlayman: biz ishlayapmiz, barcha ishlayapti. Hamma xotirjam bo‘lsin. O‘yinchilarni kuzatish bo‘yicha hech qanaqa muammo yo‘q.

– Bir yil davomida terma jamoa o‘yin uslubi va tarkib o‘zagi borasida muayyan bir relsga tushib oldimi?

Image

– Doim barcha terma jamoalarning o‘z yo‘nalishi bo‘lishi kerak. Har xil narsalarni sinab ko‘ramiz, ba'zilari o‘xshaydi va biz buni yanada yaxshilashimiz kerak. Taktika haqida gapirsak, 4-3-3 yoki 4-4-2 kabi har xil taktikalarni sanash mumkin, lekin bularning hammasi nisbiy tushunchalar.

Hozir o‘zimizning aniq yo‘limizni topib olganmiz, aniq yo‘nalishimiz bor. Ammo shu ham o‘zimiz xohlagan natijani olib kelmayotgan bo‘lishi mumkin. 5 sentabr kuni o‘yinimiz bor, lekin barcha o‘yinchilar 2 sentyabrdagina yig‘iladi. Shuning uchun ham ishimizda doim qandaydir muammolar chiqib turadi, iloji boricha sermahsul ishlashga harakat qilishimiz kerak. O‘yinimizda haligacha menga yoqmayotgan jihatlar bor, masalan.

Tanlagan yo‘nalishimizga o‘yinchilar ishonishi kerak, shunda hammasi o‘z yo‘liga tushib ketadi. Shu bilan birga, bu bizga natija olib keladi, degan aniq formula yo‘q futbolda. O‘yinimizni yaxshilash ustida doim ishlashimiz kerak.

– Taktika tanlashda nimaga ko‘proq e'tibor berasiz, raqibgami yoki futbolchilarning hozirgi holatiga?

– Avval ham aytgandim, bizni kutib turgan o‘yinga qarab taktikaga kichik o‘zgarishlar kiritishimiz mumkin, lekin katta narsalarni o‘zgartira olmaymiz. Shu bilan birga, mana shu kichik o‘zgarishlar maydondagi o‘yinimizda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Doim bir yo‘nalishni ushlashimiz kerak, u raqib bilan bunday, bunisi bilan unday uslubda o‘ynab, uslubni tez-tez almashtiradigan murabbiy emasman.

Tayyorgarlik uchun besh kun bor, bu vaqtda faqat ayrim detallarni o‘zgartirish mumkin. O‘yin uslubimiz umuman bo‘lmasa – bu muammo, bizda esa o‘z uslubimiz bor. Uni doim o‘zgartiraverish yaxshi fikr emas.

Hammasini futbolchilar hal qiladi, taktika tanlashda eng asosiysi – ular. Hozir qo‘l ostimdagi futbolchilardan mamnunman.

– O‘ng qanot yarim himoyasida raqobat biroz kamdek. Bu pozitsiyada qaysi futbolchilar ko‘zdan kechirilib, yakunda tarkibga kiritilmay qoldi?

– Raqobat doim bor. Biz o‘zimizda bor resurslardan foydalanishga majburmiz. Asosiy ishim shu – eng yaxshi futbolchini tanlab olib chaqirish. Raqobat tufayli tarkib ham muntazam o‘zgarib turadi.

Qaysidir pozitsiyada muammo bor desangiz, yo‘q, bu muammo deb aytilmaydi. Shu pozitsiyaga o‘z fikrim bo‘yicha eng yaxshi futbolchini, bor resursdan kelib chiqqan holda tanlashim kerak. Bu pozitsiyada yaxshi o‘yinchimiz yo‘q, deb hech qachon bahona qilmayman.

Ko‘proq yangiliklar: