Urganch shahrida Xorazm viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining yangi, zamonaviy loyiha asosida barpo qilingan ma'muriy binosi foydalanishga topshirildi.
25 avgust kuni o‘tkazilgan tantanali ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev, boshqarma xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari va yoshlar ishtirok etishdi.
Qayd qilish joizki, bu tashkilotning avvalgi binosi o‘tgan asrning 30 yillarida qurilgan, jismoniy va ma'naviy jihatdan eskirib, avariya holatiga kelib qolgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 4 iyundagi 420-sonli qarori asosida «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi va uning tizimidagi tashkilotlarni moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ishchi-xodimlarga mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari belgilab berildi. Ushbu qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Xorazm viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining yangi binosini barpo qilishga 5 milliard so‘m sarflandi.
Bino xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan bo‘lib, yorug‘ va keng xonalar, fuqarolar uchun qulay kutish xonalariga ega. Mijozlarni qabul qilish uchun zarur jihozlar bilan to‘ldirilgan, hujjatlar mavjud bo‘lgan alohida xonalar kuzatuv kamerasi bilan ta'minlangan. Soha xodimlari uchun zamonaviy kompyuter va boshqa texnikalar, tez ishlovchi optik tolali internet va boshqa qulayliklar mavjud.
2020 yilga kelib Xorazm viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasining Gurlan, Xiva, Yangiariq tumanlari va Pitnak shahar bo‘limlari uchun ham yangi ma'muriy binolar qurilish rejalashtirilgan.
Nurmuhammad Said