Samarqand viloyat yer resurslari boshqarmasi Toyloq tuman bo‘limi uchun barcha qulayliklarga ega bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 4 iyundagi 420-sonli qarori asosida «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi va uning tizimidagi tashkilotlarni moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ishchi-xodimlarga mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari belgilab berilgandi. Mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Samarqand viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi ko‘magi bilan yangi bino barpo etildi.
Bungacha, mazkur tashkilotlar ko‘rimsiz va eski bo‘lgan, o‘tgan asrning 60 yillarida qurilgan binolarda faoliyat yuritayotgan edi.
Ikki qavatli yangi binoning qurilish osti maydoni 406 kv.m. bo‘lib, tuman yer resurslari bo‘limi hamda viloyat «Yermulkkadastr» Toyloq tuman filialining 60 nafar xodimiga mo‘ljallangan jami 28 xonadan iborat. Xonalarga zamonaviy mebel, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa zaruriy jihozlar bilan ta'minlandi.
Tadbirda Toyloq tuman hokimligi va viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi rahbariyati, boshqarma tizimidagi viloyatdagi barcha bo‘lim va filial rahbarlari ishtirok etdi. Unda tabrik bildirgan boshqarma boshlig‘i Sodiq Hakimov viloyat hokimligi va «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi ko‘magi bilan birin-ketin qolgan tumanlarda ham ana shu kabi zamonaviy binolar qurilishini ma'lum qildi.
Binoning ochilish marosimi oldidan, kelayotgan Mustaqillik bayrami munosabati bilan viloyatning barcha shahar tuman soha xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan futbol musobaqasining final bosqichi o‘tkazilib, g‘olib va faol ishtirokchilarga tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.