Kadrlar muammosi bo‘yicha takliflar, FA va OAK haqida - Matematik olim bilan suhbat

O‘zbekiston 10:44 / 25.08.2019 23154

Kun.uz tahririyati bugungi ilm-fan muammolari, tadqiqotchilarga yaratilgan sharoitlar, tizim muammolari, innovatsion loyihalar va ularning amaliy ahamiyati haqida turkum suhbatlarini davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz fizika-matematika fanlari nomzodi Erkinjon Karimov bo‘ldi. Erkinjon Karimov jahon ilmiy jamoatchiligi e'tirofiga sazovor bo‘lgan o‘zbekistonlik taniqli olimlardan hisoblanadi. Hozirda O‘zFA Matematika instituti katta ilmiy xodimi sifatida ishlab kelmoqda.

— Ilmiy faoliyatingiz sabab chet elda ko‘p bo‘lasiz. U joylarda Fanlar akademiyasi tizimi qanday yo‘lga qo‘yilgan?

— Ikki qit'adan misol keltiraman. Biri Yevropada joylashgan Avstriya Fanlar akademiyasi bo‘lsa, ikkinchisi Osiyoning lider davlati - Xitoy Fanlar akademiyasidir.

Avstriya FA 1847 yilda tashkil topgan bo‘lib, hozirda 28ta ilmiy tadqiqot institutini o‘z ichiga olgan va 1500dan ortiq olimlar faoliyatini moliyalashtiradigan, koordinatsiya qiladigan katta tashkilotdir. Moliyalash asosan davlat hisobidan bo‘lib, ilmiy tadqiqot institutlari ilm-fanning zamonaviy tendensiyalariga qarab tadqiqot yo‘nalishlarini o‘zgartirib turadi. Bu uzluksiz jarayon va unda yosh olimlar muhim rol o‘ynaydi. Yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish uchun olimlarni oylik maoshlari saqlangan holda uzoq muddatli stajirovkalardan foydalanishadi. Akademiyaning yillik budjeti 100 mln yevrodan ortiq. Yana bir e'tiborga molik jihati «kuchli miya»lar uchun alohida dasturlar ishlab chiqilgan va yaxshi moliyalanadi. Bu dasturlar ichiga ayol olimlarni qo‘llab-quvvatlash ham kiradi.

Xitoy FAga keladigan bo‘lsak, bu tashkilot 1949 yilda mavjud ilmiy tadqiqot institutlari negizida tashkil topgan. Ko‘p o‘tmay dunyoning turli ilmiy markazlarida faoliyat yurituvchi 200 nafar xitoylik olimning vatanga qaytishi va FAning fanning zamonaviy yo‘nalishlarida faoliyat yuritishi bunda katta rol o‘ynagan. XFA Xitoyning rivojlanish dinamikasida muhim rol o‘ynaydi. 100dan ortiq ilmiy tekshirish institutlari, 5ta universitet va turli markazlar, 20dan ortiq turli holding kompaniyalarni o‘z ichiga olgan XFA nafaqat Xitoy, balki dunyoning boshqa mamlakatlariga ham fan va texnologiyalar sohasida mutaxassis kadrlar yetishtirib berishda oldingi o‘rinlarda turibdi.

XFAning o‘ziga xos jihatlari ko‘p, jumladan, ilmiy tekshirish institutlari uchun kadrlar yetishtirib berish borasida samarali tizim yo‘lga qo‘yilgan. XFA universitetining (University of Chinese Academy of Sciences) o‘zi 44 mingdan ortiq magistrant va PhD’lar zamonaviy bilim olishlariga sharoit yaratish bilan birga, bevosita FA ilmiy-tadqiqot institutlarida olingan bilimlarni tajriba orqali mustahkamlashlarini ta'minlayapti. Bu universitetda 1000 nafardan ortiq xalqaro talabalar ham tahsil oladi. Bundan tashqari, 600dan ortiq bakalavr bosqichidagi talabalar ham borligi, universitet kadrlar tayyorlash darajasini borgan sari mukammallashtirib borayotganidan darak beradi.

XFAning moliyalashtirish manbai Xitoy hukumati bo‘lgani holda, ilmiy natijalarni tijoratlashtirishning samarador mexanizmi yaratilgani tufayli olinadigan qo‘shimcha mablag‘lar ham tashkilot rivoji uchun muhim rol o‘ynamoqda. Qiziquvchilar ushbu vebsayt orqali yanada to‘laroq ma'lumot olishlari mumkin:

Fanlar akademiyasi kelajagini qanday ko‘rasiz, kelajakda kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangicha loyihalar qilish mumkinmi?

— Mamlakatimiz hali rivojlanish yo‘lida ekanligi, fan va texnologiya uchun katta mablag‘lar ajrata olmasligini hisobga olgan holda FA faoliyatini isloh qilishda shoshmasdan, puxta o‘ylangan rejalar asosida ish olib borishimiz kerak bo‘ladi. So‘nggi 20 yil ichida FA katta yo‘qotishlarga uchradi. Buning o‘ziga xos obektiv va sub'yektiv sabablari bor, albatta. Katta yo‘qotish fan uchun muhim bo‘lgan malakali kadrlarda bo‘ldi. Moliyalashning grantlar orqali bo‘lishi ham oylik maoshlar, ham shtatlar soni kamayishiga olib keldi. Natijada shundoq ham kam sondagi yosh olimlar bu sohadan uzoqlashdi. Ma'lum bir foizda «utechka mozgov» jarayoni ham ro‘y berdi. Hali ham FA ilmiy xodimlarining o‘rtacha yoshi ancha katta bo‘lib turibdi.

Hozirda tayanch doktorant va doktorantlarga berilayotgan stipendiyalar miqdori ilgarigiga qaraganda ancha oshgan, boz ustiga keyingi yildan boshlab FA tizimiga stajyerlar instituti qaytmoqda. Bu, albatta, o‘zining ijobiy ta'sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Hozirda FA kadrlarni (eng kamida magistrlik diplomiga ega) mamlakatimizning turli oliy ta'lim muassasalaridan oladi. Fan va ta'lim integratsiyasi bo‘yicha ma'lum ishlar amalga oshirildi va so‘nggi 2-3 yilda kadrlar oqimi nisbatan yaxshilandi. Men bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirib, FA qoshida universitet tashkil etishni taklif qilmoqchiman. Bu taklif quyidagi asoslarga ega:

  • O‘zbekiston dastlab Markaziy Osiyoda, keyinchalik Osiyo qit'asida «ta'lim markaz»laridan biri bo‘lishga da'vogarlik qilmoqda. Buning uchun xalqaro reytinglarga kirgan universitetlarimiz bo‘lishi kerak. Hozirda hamkorlikda ochilayotgan va o‘zimizda katta salohiyatga ega deb o‘ylayotganimiz universitetlarni xalqaro reytinglarga kiritish oson kechmaydi. Yangi tashkil etiladigan universitet esa xalqaro standartlar asosida faoliyatini boshlasa, tez muddatda reytingi ortib boradi. Ustiga ustak FA negizida, uning laboratoriyalari, noyob obektlaridan unumli foydalanish yangi tashkil etiladigan universitet jozibadorligini oshiradi. Misol uchun, Parkentdagi quyosh kollektorining analogi Fransiyada bor. Xalqaro talaba bu yo‘nalishda bilim olmoqchi bo‘lsa, Fransiyadan ko‘ra O‘zbekiston unga ko‘p tomonlama qulay bo‘ladi. Biz ta'lim sifatini xalqaro miqyosga monand qilsak bo‘ldi.
  • O‘zbekiston FAning Ulug‘bek posyolkasida qurilishi mo‘ljallanayotgan kampusi yangi universitet uchun juda mos keladi. Zamonaviy universitetlardek, shahardan chetda, to‘la avtonomlashgan kampus bo‘ladi.
  • FA ilmiy-tadqiqot institutlari negizida mos fakultetlar ochilib ilmiy xodimlarni pedagogik va ilmiy tadqiqot jarayonlariga jalb etish mumkin. Xalqaro hamkorlikni kuchaytirishda ham universitet alohida ahamiyat kasb etadi.
  • Universitetda ochiladigan magistratura yoshlarni ham fundamental bilimga, ham amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lgan, ilmiy natijalarni bevosita ishlab chiqarishga tatbiq etishda muhim rol o‘ynaydigan mutaxassislar yetishtirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Misol uchun, texnika universitetini bitirgan talaba O‘zMU matematika fakultetini bitirgan talaba bilan birgalikda tahsil olishi mumkin. O‘qiladigan kurslar amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lgan talabaga fundamental bilimlarni berishga qaratilsa, O‘zMUni bitirgan talabaga esa amaliy ko‘nikma va tajribani berish ustivor bo‘lishiga e'tibor beriladi.

Chet ellik kuchli saviyali o‘qituvchilarni jalb qilish xalqaro reytinglarga kirish omili bo‘lib xizmat qiladimi?

— Bunda, avvalo, asosiy ish joyidan sabbatical leave (pul to‘lanadigan yillik ta'til)olish imkoniyati bor professorlarni ishga jalb qilishni o‘ylash kerak. Imkoniyatimiz baribir chet el universitetlaridek katta maoshni ko‘tarmaydi. Yana bir kamchiqimroq variant bu chet el universitetlarida ishlab nafaqaga chiqqan tajribali professorlarni jalb qilish. Ideal variantda esa xalqaro standartdagi maosh taklif qilib ochiq konkurs asosida kadrlarni tanlab olishdir.

Kezi kelganda aytib o‘tib ketmoqchimanki, hozirda OTMlarimizdan talabalar uchun chet ellik professorlar dars o‘tishini ta'minlash borasida amaliy qadamlarni talab qilishmoqda. Aksariyat hollarda bu vazifa xo‘jako‘rsinga bajarilyapti, tizimli mexanizm ishlab chiqilmadi. Bunga asosiy sabab yana moliyaviy yetishmovchilik bo‘lib turibdi. OTMlarning milliy reytingini ishlab chiqishda ingliz tilida o‘tilgan kurslarga ham e'tibor qaratishibdi. OTMlarimizning bu kategoriyadagi ko‘rsatkichlari umuman yaxshi emas. Bu borada kichik bir taklifni o‘rtaga tashlamoqchi edim. Mamlakatimizda fanning barcha yo‘nalishlarida ham ingliz tilida bemalol dars o‘tuvchi mahalliy kadrlarimiz topiladi. Vazirlik bir ishchi guruh tuzib, suhbat asosida ana shunday kadrlar ro‘yxati shakllantirilsa, OTMlar bilan bu kadrlar o‘rtasidagi munosabatlar koordinatsiya qilinsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. OTMlarda ma'lum bir fanlar saralangan guruhlarga sikl asosida darslar tashkil qilinsa ana o‘sha mahalliy kadrlardan foydalanish yaxshi samara beradi deb o‘ylayman. Mahalliy kadrlarimiz dars o‘tish mobaynida OTM o‘qituvchilari uchun tajriba, sohaga oid terminlar lug‘ati, ma'ruzalar, adabiyotlar qoldiradi. Shunday tashkil qilingan kurslarning bir nechtasidan keyin o‘sha OTM o‘qituvchilarining ichidan ham xuddi shunday mashg‘ulot olib boradiganlar chiqishiga ishonchim komil.

Hozirda ilm-fanni tijoratlashtirish bo‘yicha ishlar ketyapti. Matematika institutini ishlab chiqarishga, sanoatga ko‘proq bog‘lash uchun nimalar qilinishi kerak?

— Yaqinda imzolangan prezident farmonida Matematika institutining yaqin va uzoq kelajakdagi faoliyati qanday yo‘nalishda ketishi belgilab berilgan. Siz nazarda tutgan ilmiy natijalarni tijoratlashtirish masalasi ham dolzarb, albatta. Lekin bu tez muddatda bo‘ladigan ish emas. Avvalo, aynan amaliyot bilan bog‘langan masalalarning o‘zimiz uchun moslarini aniqlab olish kerak bo‘ladi. Buni amalga oshirish uchun innovatsiya vazirligi «motivatsion grantlar» ajratsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Aytaylik, Matematika instituti va noorganik ximiya instituti xodimlari birgalikda aynan amaliyotga taalluqli bo‘lgan ximiyaviy jarayonlarning matematik modellari ustida ishlab, kerakli ma'lumotlarni yig‘ib, olingan grantning hisoboti sifatida bir necha yilga mo‘ljallangan, konkret amaliy maqsadga yo‘naltirilgan ilmiy loyihani taqdim qilishi belgilansa, bevosita amaliy masalalar bilan shug‘ullanish, pirovardida, olingan ilmiy natijalar tijoratlashuviga erishishga bir qadam tashlangan bo‘lardi.

Sir emaski, Matematika instituti ilmiy xodimlari asosan fundamental tadqiqotlar ustida ishlashgan, birdaniga amaliy xarakterdagi ishlarga o‘tib ketish ham oson bo‘lmaydi. Bu jarayon samarali kechishi yosh olimlarga bevosita bog‘liq. Bu yo‘lda yana bir xalal beradigan faktor bu hozir amalda bo‘lib turgan ilmiy daraja berish tizimidir. Ma'lumki, bizda hozir 2ta ilmiy daraja – falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) beriladi. Ikkinchi darajaning mavjudligi va bu darajani olish uchun qo‘yilgan talablar tadqiqotchilarni yangi yo‘nalishlarni o‘rganishga, bevosita amaliy xarakterga ega bo‘lgan, lekin matematik tomondan yangi yo‘nalish, yangi natijalarga olib kelmaydigan yo‘nalishlardan imkon qadar qochishiga sabab bo‘lishi mumkin. PhD darajasiga ega tadqiqotchilar keyingi ilmiy darajani o‘ylab emas, balki yangi tadqiqot yo‘nalishlari, konkret modellar ustida ishlashga o‘tishi muhim.    

O‘zingizning ilmiy faoliyatingiz va tadqiqot ishingiz haqida to‘xtalsangiz?

— Mening ilmiy tadqiqotlarim ko‘proq nazariy xarakterga ega bo‘lib, O‘zbekiston uchun nisbatan yangi bo‘lgan kasr tartibli differensial tenglamalar uchun chegaraviy masalalarni tadqiq etishga bag‘ishlangan. Bu yo‘nalish bilan mamlakatimizda 90-yillardan boshlab shug‘ullana boshlashgan bo‘lsa, hozirga kelib ham bu sohada tadqiqotlar olib borayotganlar ko‘pchilikni tashkil qilmaydi. Qaralayotgan sohada tipini o‘zgartiruvchi xususiy hosilali differensial tenglamalar aralash tipdagi differensial tenglamalar deyilib, men o‘rganayotganlari diffuziya va to‘lqin hodisalarini ifodalovchi parabolik-giperbolik tipdagi aralash tenglamalardir. Bunday tenglamalar uchun turli sinfdagi to‘g‘ri va teskari masalalarning bir qiymatli yechilishiga oid izlanishlar olib boraman. Umuman olganda, olingan ilmiy natijalar yer osti suvlari harakatlarini ifodalovchi matematik modellarda, turli anomal diffuzion jarayonlarda qo‘llanishi mumkin.

Ma'lumki, aksariyat hollarda tabiiy jarayonning matematik modeli chiziqsiz differensial tenglamalardan iborat bo‘ladi. Kechayotgan jarayonlarni keraklicha ideallashtirish natijasida (misol uchun tor tebranishlarini o‘rganishda torni bir jinsli deb hisoblash) modellarda chiziqli differensial tenglamalarni ham olish mumkin va bu tenglamalarni sifat jihatidan to‘laroq o‘rganish imkoni bor. Olingan ilmiy natijalar, qurilgan nazariyalar chiziqsiz hollari uchun ham ma'lum xulosalar qilishga imkon yaratadi.

Aralash tipdagi tenglamalar uchun o‘rganiladigan chegaraviy masalalarning bir qiymatli yechilishida ulash shartlari ham muhim rol o‘ynaydi. Men o‘rganayotgan masalalarda integral ko‘rinishdagi, umumiyroq xarakterga ega ulash shartlaridan foydalanilgan. Bundan tashqari, qaralayotgan soha chegaralarida beriladigan izlanayotgan funksiya qiymatlari turli ko‘rinishdagi nolokal shartlar ham tadqiqot olib borishda maxsus algoritmlarni qo‘llashni taqozo qiladi. Turli tipdagi kasr tartibli integro-differensial operatorlarning qo‘llanishi quriladigan yechimlar turli maxsus funksiyalar orqali ifoda qilinishini taqozo qilsa, bu funksiyalarning yangi xossalarini o‘rganish orqali yechimning xususiyatlarini tadqiq qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. 

Ilmiy daraja berish tizimi yaqin o‘n yil ichida ikki marta o‘zgardi. Lekin muammolar bu bilan ham hal bo‘lganga o‘xshamayapti. Bunga ta'sir qilayotgan omillar nimalar deb bilasiz?

— 2012 yildan 2017 yilgacha shoshma-shosharlik bilan kiritilgan, go‘yoki rivojlangan davlatlardagidek bittalik ilmiy darajaga o‘tildi. Afsuski, o‘ylab topilgan bu gibrid bittalik ilmiy daraja tizimi ilmiy sohaga kadrlar ma'nosida katta zarba berdi. Ko‘plab yoshlar bu qo‘l yetmas ilmiy darajani olish uchun 5 yillik umrlarini behuda sarflashdi. 2017 yilning oxirlaridan boshlab yana eski ikkitalik ilmiy daraja berish tizimiga qaytdik. Ilmiy darajalar nomi yangi, lekin mazmuni eski. Mos ravishda qo‘yiladigan talablar ham shunga yarasha. Fan doktori darajasi dunyoning kam sonli mamlakatlaridagina saqlanib qolingan tizim. Ilmiy tadqiqotlarni olib boruvchilarning manyovrini qiyinlashtiradi, yangi yo‘nalishlarni o‘rganishga (vaqt yo‘qotishdan qo‘rqiladi) motivatsiya bermaydi, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga ham yo‘nalishlar nomutanosibligi jihatidan xalaqit qilishi mumkin. Eng asosiysi — bu ilmiy darajaga ega mutaxassis chet elda PhD ilmiy darajasi bilan ekvivalent sifatida qabul qilinadi, vaholanki, unda o‘sha PhD ilmiy darajasi ham bo‘ladi. Ilm-fan borasida ham jahonga yuz burar ekanmiz, tizimimizni ham uyg‘unlashtirganimiz yaxshi emasmi?

Tadqiqotchilar uchun OAK tizimi o‘zini qanchalik oqlaydi?

— Rivojlangan davlatlarda OAK tizimi yo‘q. Ilmiy darajalarni bevosita universitetlarning o‘zi beradi. Universitetning reytingiga qarab uning ilmiy darajasining obro‘si ham shunga yarasha bo‘ladi. Biz ham shunday tizimga o‘tamizmi? Menimcha, o‘tsak kerak. Lekin OTMlarimizning hozirgi holatida emas! Buning uchun bizga ma'lum bir yillar OAK kerak bo‘ladi. Markazlashgan tarzda, umumiy talablar asosida ilmiy daraja berish tizimini ushlab turmasak O‘zbekiston ilmiy darajasining dunyoda obro‘sini tushirib qo‘yishimiz mumkin.

OAK ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar ishini koordinatsiya qilishi kerak, albatta, lekin hozirgidek himoya jarayoniga yetarli asossiz aralashuvlar orqali emas. OAKning ishi ilmiy daraja olish uchun talabgorning ishi ilmiy kengashda himoya jarayoni tugagach boshlangani ma'qul. Hozirgidek plagiatga tekshirishning texnik ekspertizasi, avtoreferat chiqarishga ruxsat berish, himoya haqidagi e'lon kabi aralashuvlarni yo‘qotish maqsadga muvofiq deb hisoblayman. Hozirgi axborot kommunikatsion vositalar rivojlangan davrda avtoreferat chop etish kabi keraksiz talablar olib tashlanish vaqti yetdi, menimcha. OAKning asosiy vazifasi dissertatsiya ishini xolis ekspertizadan o‘tkazish va barcha talablarga javob bersa, ilmiy daraja berish haqida qaror qabul qilishdir. O‘zbekiston ilmiy darajasining berish tartibi hamda har bir ilmiy daraja sohibi haqida (OAKga taqdim etgan hujjatlari asosida) kamida uchta tildagi ma'lumotlarni veb-saytiga joylab borishi maqsadga muvofiqdir.

O‘zbekistondagi mahalliy ilmiy jurnallarni jahon darajasidagi yuqori reytingga chiqarish uchun qanday vazifalar uddalanishi kerak deb o‘ylaysiz?

— Dunyoda ilmiy jurnallar reytingini tuzib boruvchi ikkita yirik baza bor. Bu Clarivity Analytics’ga qarashli Web of Sciences hamda Elsevier’ga qarashli Scopus’dir. Afsuski, O‘zbekistondagi ilmiy jurnallardan ikkitasigina bu ikki bazaga kirgan, xolos. Ikkala bazaga kirish uchun ham ma'lum talablar qo‘yilgan. Men bu jarayonni O‘zbek Matematika jurnali (O‘zMJ) misolida tasvirlab bersam degandim. Bu jurnal 1957 yildan beri chop etib kelinayotgan ilmiy jurnaldir. Biz, avvalo, ishni jurnalning imkon qadar ko‘p sonlarini jurnal saytiga ochiq holda qo‘yishdan boshladik. Jurnal muharrirlarini ham xalqaro miqyosda qilishga e'tibor qaratdik. Chop etiladigan maqolalar faqat ingliz tilida bo‘lishi talabini qo‘ydik. O‘zMJda 2018 yildan buyon ilmiy maqolalar faqat ingliz tilida chop etilyapti. Har bir maqola uchun alohida DOI berishni yo‘lga qo‘ydik. Buning uchun homiylik mablag‘larini jalb qilib CrossRef bilan shartnoma tuzdik. Yiliga 100tacha ilmiy maqola chop etiladigan jurnal uchun 450 AQSh dollari kerak bo‘ladi. Turli ilmiy bazalarda jurnaldagi maqolalar kiritilishi uchun shartnomalar tuzdik. Misol uchun, EBSCO bilan shartnoma bizga tekinga tushdi. SCOPUS’ga kirish uchun ilmiy jurnallarga qo‘yiladigan talablarga javob beradigan darajaga yetgandan so‘ng onlayn tarzda bazaga kirish uchun ariza topshirdik. Yakuniy javob 6 oydan 1,5 yilgacha bo‘lgan muddatda berilarkan. Bu muddat ichida mas'ullar jurnal faoliyatini nazorat qilib borsa kerak. Hali javobni olganimiz yo‘q. Umid qilamizki, O‘zbek Matematika jurnali bu bazaga kirishga muvaffaq bo‘ladi.

Mamlakatimizdagi eng muvaffaqiyatli ilmiy jurnal sifatida «Geliotexnika» jurnalini aytib o‘tsak bo‘ladi. Bu jurnal ingliz tiliga Allerton Press kompaniyasi tomonidan tarjima qilinadi va shu sababdan maqola mualliflariga gonorar ham to‘lanadi. Bu hozirgi zamonda kamyob holatlardan biri.  

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: