Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi tuzilma tashkil etiladi

O‘zbekiston 08:01 / 24.08.2019 18155

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi tuzilma tashkil etiladi. U Prezident maktablari va ijod maktablari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning samaradorligini ta'minlash bilan shug‘ullanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qilindi.

Yig‘ilishda pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari faoliyatini tanqidiy o‘rganib, takomillashtirish, ularni eng nufuzli ta'lim muassasalariga aylantirish, pedagoglikka moyilligi bo‘lgan yoshlarni maqsadli tarbiyalab borish bo‘yicha vazifalar belgilandi. 

Prezident maktablari va ijod maktablari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning samaradorligini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida tuzilma tashkil etilishi ma'lum qilindi.

Maktablardagi ma'naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish zarurligi qayd etildi. Maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkarda ajdodlarimizning nomlarini berish muhimligi ta'kidlandi.

Oiladagi ta'lim-tarbiya muhiti, ota-onalarning mas'uliyati va o‘qituvchilar bilan hamkorligi masalalariga ham e'tibor qaratildi.  

Maktab hayoti, fidoyi o‘qituvchilar haqida badiiy va hujjatli filmlar, spektakl va videoroliklar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

“Moddiy va ma'naviy hayotni uyg‘un rivojlantirishimiz kerak. Maktab bu borada asosiy bo‘g‘in bo‘lishi lozim. Maktab ta'limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur”, dedi davlat rahbari. 

Ko‘proq yangiliklar: