Toshkent viloyatida yana bir suv ombori quriladi

O‘zbekiston 13:41 / 23.08.2019 24388

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatida Toshtepa suv omborini qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, bosh loyiha tashkiloti “O‘zGIP” MChJ tomonidan 11,2 mln kub m. hajmdagi suv ombori qurilishi nazarda tutilgan “Toshkent viloyatida Toshtepa suv omborini qurish” loyihasining texnik-iqtisodiy hisobi ishlab chiqilgan.

“Toshkent viloyatida Toshtepa suv omborini qurish” loyihasining texnik-iqtisodiy hisobi ilovaga muvofiq asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan tasdiqlanadi.

Loyihani amalga oshirish muddati 2022 yil 1 iyul qilib belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bosh loyiha tashkiloti “O‘zGIP” MChJ bilan birgalikda 2020 yilning 1 martiga qadar tasdiqlangan texnik-iqtisodiy hisobga muvofiq ishchi hujjatlar sifatli ishlab chiqilishini hamda vakolatli ekspertiza organlaridan belgilangan tartibda ekspertiza xulosalari olinishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi mazkur qarorning ilovasiga muvofiq talab etiladigan kapital qo‘yilmalarni buyurtmachi va bosh loyihachi tomonidan taqdim etilgan aniq hisob-kitoblar asosida:

O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi parametrlari doirasida Suv xo‘jaligi vazirligiga qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘lar hisobidan;

2020 – 2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturlari parametrlarini shakllantirish jarayonida ajratilishini nazarda tutadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi loyiha doirasida amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlarining sifati yuzasidan belgilangan tartibda nazorat o‘rnatadi.

Belgilab qo‘yilishicha, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Hamroyev hamda Toshkent viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi R.Q. Xolmatov loyihani amalga oshirish uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanilishi hamda barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi, shuningdek, loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradilar.

Bundan oldin, Parkentda sel suv ombori qurilishi xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: