Jizzaxda DXSh asosida urug‘chilik klasteri tashkil etiladi

O‘zbekiston 13:59 / 23.08.2019 2712

Vazirlar Mahkamasining “Jizzax viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida urug‘chilik klasterini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi va Jizzax viloyati hokimligining Jizzax viloyati Paxtakor tumanida tashkil etilgan mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Semrug Claster” korxonasi faoliyatini davlat-xususiy sheriklik asosida urug‘chilik klasteri sifatida yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Bunda Markaz davlat sherigi sifatida, “Semrug Claster” mas'uliyati cheklangan jamiyati xususiy sherik sifatida ishtirok etishi belgilab qo‘yiladi.

Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Semurg‘” va “Kuzgi xirmon” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarining ushbu fermer xo‘jaliklariga ijaraga berilgan 216 gektar yer maydonlarini “Semrug Claster” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga urug‘chilik klasterini yuritish uchun ijara asosida ajratib berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Belgilanishicha, urug‘chilik klasteri uchun ajratilgan yer uchastkalaridan oqilona foydalanilmaganda yoxud tuproq unumdorligining pasayishi, kimyoviy va radioaktiv ifloslanishi, atrof-muhitning buzilishi, respublika hududiga karantin obektlarining kirib kelishi va tarqalishiga olib kelinganda, shuningdek, amaldagi qonunchilik talablari bajarilmagan taqdirda yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish huquqi qonun hujjatlari talablariga muvofiq bekor qilinadi.

“O‘zpaxtasanoat” AJ, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda 2019 yil uchun paxta xomashyosi hosili uchun “Semurg‘” va “Kuzgi xirmon” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari bilan “O‘zpaxtasanoat” AJ tizimidagi paxta tozalash korxonasi o‘rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarini bekor qilib, fermer xo‘jaliklarida ekilgan urug‘lik paxta xom-ashyosini qabul qilish bo‘yicha “Semrug Claster”mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnomalarni Online tizimi asosida rasmiylashtirilishini hamda xomashyoni belgilangan tartibda qabul qilinishini ta'minlaydi.

“Semrug Claster” mas'uliyati cheklangan jamiyat Markaz bilan hamkorlikda:

o‘simliklarning mahalliy va xorijiy navlarini joylashtirish, ilmiy asoslangan tarzda almashlab ekish, o‘z mahsulotlarini sotish, eksport qilishni qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etadi;

2019 yil hosilidan qabul qilingan paxta xomashyosini qayta ishlab, sifatli urug‘lik chigit tayyorlash va paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarga yetkazib berilishini ta'minlaydi;

2020 yil hosilidan boshlab urug‘lik paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish, tayyorlash va qayta ishlash jarayonlari to‘liq siklini qamrab olinishini ta'minlaydi.

Fermer xo‘jaliklari uchun nazarda tutilgan shartlarda davlat ehtiyoji uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga ajratiladigan imtiyozli kreditlardan foydalanish, shuningdek lizing bo‘yicha qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va boshqa moddiy resurslarni yetkazib berish tartib-qoidalari tatbiq etiladi.

Jizzax viloyati hokimligi O‘zbekiston Respyblikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda “Semrug Claster” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga ajratilgan yer maydonlarining irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini texnik holatidan kelib chiqib, belgilangan tartibda ta'mirlash-tiklash ishlarini amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respyblikasi Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va  Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi “Semrug Claster” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qo‘shimcha investitsiyalar kiritish maqsadida imtiyozli, uzoq muddatli kredit va grant mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘radi.

Ko‘proq yangiliklar: