Jismoniy shaxslarga energiya samarador qurilmalarni sotib olish xarajatlari uchun kompensatsiya taqdim etiladi

O‘zbekiston 08:27 / 23.08.2019 18464

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Shunday tartib joriy etiladiki, unga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan quyidagi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har yili tasdiqlanadigan parametrlar doirasida moliyalashtiriladi:

a) jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq:

quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun – 3 million so‘mdan;

quyosh suv isitkichlar uchun – 1,5 million so‘mdan;

gaz-gorelkali qurilmalar uchun – 200 ming so‘mdan oshmaydigan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etish;

b) jismoniy va yuridik shaxslarga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlar, shuningdek, energiya samarador boshqa uskunalarni xarid qilishga tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga quyidagi kompensatsiyalarni taqdim etish:

jismoniy shaxslarga – 500 million so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 8 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

yuridik shaxslarga – 5 milliard so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

v) energiya samarador, energiya tejovchi texnologiyalar va uskunalarga, shuningdek, ularni sinash metodlariga nisbatan talablarni o‘rnatadigan xalqaro standartlarni ishlab chiqish va qabul qilish.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Energetika vazirligi ikki oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish mexanizmini belgilaydi.

Belgilanishicha, har yili:

15 sentyabrga qadar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar kelgusi yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador va energiya tejovchi boshqa uskunalar bilan jihozlanishi, shuningdek, issiqlik himoyasini yaxshilash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish lozim bo‘lgan obektlar ro‘yxatiga kiritish uchun Energetika vazirligiga takliflar kiritadi;

1 oktyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha, shuningdek, tuman va shaharlar kesimida moliyalashtirishning aniq hajmlari va manbalarini ko‘rsatgan holda Ro‘yxatni shakllantiradi;

15 oktyabrga qadar Energiya samaradorligini va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi Ro‘yxatni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;

Ro‘yxatda nazarda tutilgan moliyaviy mablag‘larning hajmi Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining har yili tasdiqlanadigan Davlat budjeti parametrlariga kiritiladi.

Ko‘proq yangiliklar: