Jamoat tartibini saqlashda fuqarolar qanday ishtirok etadi?

O‘zbekiston 14:30 / 22.08.2019 2125

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishida bo‘lgan “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashdagi ishtiroki to‘g‘risida”gi qonun loyihasida aynan fuqarolarimizning jamoat tartibini saqlashdagi ishtiroki va shu ishtirok orqali jamiyatning barqaror taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shish imkoniyatlari ifodalab berilgani bilan katta ahamiyat kasb etmoqda, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a'zosi To‘lqin Karimov.

Parlament quyi palatasida muhokama qilinayotgan mazkur qonun loyihasi bilan fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi ichki ishlar organlari hamda boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik masalalari tartibga solinadi. 

Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishga tayyorlangan mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat tartibini ta'minlashga ixtiyoriylik asosida fuqarolarni maksimal darajada jalb etish imkonini beradi, ularning jamiyat oldida burchi va javobgarlik hissini oshiradi. 

Jamoat tartibini saqlashda ichki ishlar organlari, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi boshqa organlar va muassasalarga aholi bilan aloqalarni o‘rnatishga va jamoat tartibini saqlash tizimi samaradorligini oshirishga yordam beradi. Organlar va muassasalarga aholi punktlarida jamoat tartibi ahvoli to‘g‘risida qo‘shimcha ma'lumot olish imkonini beradi.

Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashdagi ishtirok etishi, o‘z navbatida, jamoatchilik nazorati ham hisoblanib, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofazasini ta'minlashga xizmat qiladi. Ushbu qonunning mazmun-mohiyatini anglash aholida, faol fuqarolik pozitsiyasi, ijtimoiy hayotga, islohotlar jarayoniga daxldorlik hissi shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi, deb yozadi deputat.

Ko‘proq yangiliklar: