Nikoh yoshi, yangi telekanal, harbiylarga ustama to‘lovlar: 1 sentyabrdan qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

O‘zbekiston 11:29 / 21.08.2019 158150

Quyida 2019 yil 1 sentyabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar yuz berishi haqida batafsil ma'lumot beriladi.

Nikoh yoshi o‘zgaradi

Prezidentning 2019 yil 22 apreldagi «Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 4296-sonli qaroriga muvofiq, 2019 yil 1 sentyabrdan erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi o‘n sakkiz yosh etib belgilandi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, hozirda nikoh yoshi erkaklar uchun o‘n sakkiz yosh, ayollar uchun o‘n yetti yosh hisoblanadi.

Ish haqining eng kam miqdori tushunchasidan voz kechiladi

Mehnatga haq to‘lash miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish hamda mehnatga haq to‘lash, pensiyalar tayinlash hamda soliqlar, davlat bojlari, jarimalar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni undirish o‘rtasidagi shartlar bog‘liqligini bartaraf etish maqsadida qabul qilingan Prezident farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab ish haqining eng kam miqdori o‘rniga quyidagi miqdorlar belgilandi:

  • Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – 634 880 so‘m;
  • Bazaviy hisoblash – 223 000 so‘m;
  • Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 223 000 so‘m.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi

Hukumat qarori bilan «O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlangan. Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 sentyabrdan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi.

O‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar – xizmatlar ko‘rsatishni, ishlar bajarishni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmagan va yollanma mehnatdan foydalanmaydigan, mehnat staji hisobga olinishi va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini rasmiylashtirgan shaxslardir.

Foydalanilmayotgan davlat mulki obektlari xususiylashtiriladi

Foydalanilmayotgan davlat mulki obektlarini, shu jumladan ta'lim muassasalari (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bundan mustasno), sog‘liqni saqlash va sport, madaniyat, xususan kinoteatrlar, klublar, konsert-tomosha ko‘rsatish muassasalari va kinolashtirish obektlari, shuningdek, davlat tashkilotlarining bo‘sh turgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqi asosida sotiladi.

«Temurbeklar maktablari» harbiy xizmatchilari ish haqiga ustama to‘lanadi

O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qaroriga asosan 1 sentyabrdan «Temurbeklar maktablari»da xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga ular lavozim maoshining 50 foiziga teng miqdorda har oylik ustama to‘lanadi.

Xorijiy davlatda olingan hujjatlarni tan olish tartibi soddalashtiriladi

Hukumat qarori bilan «Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqidagi nizom» tasdiqlandi. 2019 yil 1 sentyabrdan xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish uchun arizalar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.

Yangi telekanal ish boshlaydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 11 iyundagi «O‘zbekiston tarixi» telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida 2019 yil 1 sentyabrdan «O‘zbekiston tarixi» telekanali tashkil etilishi belgilangan.

Qarorga ko‘ra, «O‘zbekiston tarixi» telekanali O‘zbekiston MTRKning «O‘zbekiston» teleradiokanali» davlat unitar korxonasi qoshidagi «UzND» telekanali negizida yuridik shaxs tashkil etmasdan ND formatida tashkil etiladi hamda Respublikaning butun hududi bo‘ylab tarqatiladigan raqamli ko‘rsatuvning hammabop ijtimoiy paketi tarkibiga kiritiladi.

Shuningdek, 2019 yil 1 sentyabrdan:

  • tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan talabnomalar faqat elektron shaklda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirish tartibi joriy etiladi;
  • ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari, shu jumladan, tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun bazaviy tarif stavkasining 75 foizi miqdorida har oylik ustama haqi to‘lanadi;
  • avtomobil yo‘llarida og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar hamda ko‘chma shoxobchalarni tashkil etish tartibi joriy etiladi. Bu shoxobchalar transport vositalarining og‘irlik va gabarit parametrlarini aniqlash uchun avtomatlashtirilgan o‘lchov vositalari bilan jihozlanadi.
Ko‘proq yangiliklar: