Ekspert: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda transport-kommunikatsiya tizimini shakllantirishda yetakchiga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega

O‘zbekiston 18:07 / 21.08.2019 14481

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining bo‘lim boshlig‘i Milana Bazarova respublika transport-kommunikatsiya tizimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistonning bu boradagi salohiyati haqida fikr yuritadi.

Xalqaro magistral yo‘llar tarmog‘iga ulanadigan zamonaviy transport-infrastruktura tizimining yaratilishi O‘zbekiston iqtisodiyotini sanoat-innovatsion rivojlantirish bo‘yicha oldinga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun asosiy shartlardan biriga aylanmoqda.

Tan olish kerakki, ushbu sohada hal qilinmagan qator muammolar bo‘lishiga qaramasdan, mamlakat ko‘zlangan rejalarni amalga oshirish uchun yetarlicha salohiyatga ega. Masalan, hozirda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yuqori avtomobil yo‘llari tarmog‘i zichligiga ega – 100 kv kilometrga 41 km. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich Tojikistonda 100 kv kmga 19,4 km, Qirg‘izistonda 100 kv kmga 17 km, Qozog‘istonda 100 kv kmga 4,7 kmni tashkil etadi.

Shu bilan birga, keyingi yillarda O‘zbekistonda transport sohasida o‘tkazilayotgan investitsion siyosat tufayli: a) mamlakat YaIMda transport xizmatlarining ulushi jadal o‘smoqda – 2018 yilda u 6,4 foizni tashkil etdi. 2000 yilga taqqoslaganda, transport xizmatlari hajmi 100 baravardan ortiqroqqa oshdi –205,4 mlrd. so‘mdan 23,1 trln. so‘mgacha o‘sdi b) mazkur davrda yo‘lovchi tashish oshdi – 3,6dan 5,8 mlrd. kishigacha va yuk tashish hajmi 1,5 baravarga oshib, 2018 yilda 1,2 mlrd tonnani tashkil etdi; v) 7 logistika markazi va 29 yuk transport bazasi tashkil etildi. Yana 6ta logistika markazi qurilish va loyihalashtirish bosqichida.

Shu bilan birga, sohada davlat boshqaruvining vakolatli organi sifatida Transport vazirligi tashkil etildi. Yangi tuzilma transport tizimini rivojlantirishning yagona kompleks Strategiyasini ishlab chiqarishga qaratilgan. Qayd etish joizki, global logistika tizimi rivojlanishi va yo‘l-transport kompleksini tashkil etish va boshqarishga bo‘lgan talabning o‘sayotganligi hisobga olinib, Transport vazirligi huzurida avtomobil transporti sohasida kadrlarni professional tayyorlash va qayta tayyorlash instituti ochildi.

O‘zbekiston transport kommunikatsiyalari bo‘yicha 70dan ortiq xalqaro konvensiya, kelishuv va ikki tomonlama shartnomalar ishtirokchisi hisoblanadi hamda ularni integratsiyalash bo‘yicha qator xalqaro dasturlarda qatnashadi. Aksariyat loyihalar xalqaro tashuvchilar o‘tishiga mo‘ljallangan 99 marshrut o‘tadigan respublika tranzit salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan transport infrastrukturasini takomillashtirish va yuk tashishning tashqi savdo marshrutlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha kompleks dasturni qabul qildi va rejali ravishda amalga oshirib kelmoqda. U milliy transport sohasini xalqaro talab va standartlarga muvofiq rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Mazkur hujjatni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston temiryo‘l transporti orqali o‘z hududidan o‘tadigan eksport yuklari transportirovkasi tariflarini respublika ichidagi yuklar darajasigacha pasaytirdi. Xususan, Tojikistonga o‘z hududidan temiryo‘l orqali tranzit qilishga 40 foiz chegirmali maxsus tarifni taqdim etdi.

O‘zbekiston mamlakatning barcha viloyatlarini bir-biri bilan bog‘laydigan yetarlicha rivojlangan temiryo‘l infrastrukturasiga ega. Respublikada temiryo‘l va aviatsiya transportini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 1,5 mlrd dollarlikdan ortiq qator loyihalar amalga oshirildi hamda jami uzunligi 695 km avtomobil yo‘llari qurildi va rekonstruksiya qilindi. 

Navoiy–Uchquduq–Sultonuizdog‘–Nukus (341 km), Toshguzar–Boysun–Qumqo‘rg‘on (223 km) temiryo‘l liniyalari qurildi, Toshkent, Samarqand va Qarshi (484 km) hamda Samarqand – Buxoro (239 km) o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Uzunligi 124,4 kmli Angren-Pop elektrlashtirilgan temiryo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bunday transport infrastrukturasi O‘zbekiston orqali barcha qo‘shni davlatlarning temiryo‘llariga chiqishni ta'minlaydi. 

Temiryo‘l infrastrukturasini qurish va ishga tushirishda olingan tajriba O‘zbekistonga Afg‘oniston hududida uzunligi 75 kmli «Hayraton – Mozori-Sharif» temiryo‘lini qurishda jahon darajasiga chiqish imkonini berdi. O‘zbekiston kelgusida Eron va Pokistonning strategik portlariga chiqish uchun qo‘shni davlatning ochilmagan transport-logistika salohiyatidan foydalanishdan manfaatdor. 

Ishonchli loyihalarni amalga oshirish O‘zbekiston uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi, zero u mamlakat uchun Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq o‘rtasida transport-tranzit tashuvlari kesishuvini bog‘lovchi markazga aylanishida real imkoniyatlarni ochadi. 

Shu nuqtai nazardan, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlarini Yevropa va Yaqin Sharq bilan eng qisqa yo‘l orqali bog‘laydigan O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temiryo‘li qurilishini boshlash to‘g‘risidagi kelishuv singari ushbu yo‘nalishda tashlangan muhim qadam ancha istiqbolli ko‘rinmoqda. 2017 yil oxirida ushbu temiryo‘lning rentabellik darajasini o‘rganish maqsadida O‘zbekistondan Xitoyga Qirg‘iziston orqali yuklarni avtotransportda yetkazish bo‘yicha yangi savdo yo‘nalishi ochildi.

O‘zbekiston rahbariyati 2017 yilda «Markaziy Osiyo transport tashuvlarini integratsiyalashgan boshqaruv tizimi»ni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi. Unda transport tariflari, yagona bojxona va boshqa jarayonlar, yuk oqimi xavfsizligining unifikatsiyalashgan normalari va transport vositalari va yuklarning axborot ta'minoti tizimining huquqiy va institutsional asoslarini yaratishni ko‘zda tutadi.

Ilgari surilgan ushbu g‘oyaning ahamiyati shundaki, bugungi kunda dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmaydigan mintaqa davlatlari eksport qilinayotgan mahsulot qiymatining 70-80 foiziga yetadigan transport-tranzit xarajatlarini qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bilan birga, bojxona protseduralarining mukammal emasligi natijasida tashuvchilar mahsulot transportirovkasiga 40 foizgacha vaqt yo‘qotmoqda. Jahon banki logistika samaradorligi indeksiga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari 167ta davlat orasida quyi pog‘onalarda joylashgan bo‘lib, bu mintaqa transport sektori raqobatbardoshligini sezilarli ravishda pasaytiradi.

Shu bois mazkur tashabbusning hayotga tatbiq etilishi yuklarning ishlab chiqaruvchidan iste'molchigacha yetib borishini oshiradi, harakatini tezlashtiradi va arzonlashtiradi hamda Markaziy Osiyoning barqarorligini mustahkamlash, uning iqtisodiy rivojlangan mintaqaga aylanishi, transport xizmatlari bozorida raqobatbardoshligi oshishida muhim rol o‘ynashi mumkin.

O‘z navbatida, Markaziy Osiyoning «qoq yuragi»da strategik qulay joylashgan, ancha diversifikatsiyalashgan va o‘sayotgan milliy iqtisodiyotga ega O‘zbekiston mintaqada Markaziy Osiyo davlatlarining yirik jahon bozorlariga chiqishini ta'minlaydigan zamonaviy transport-kommunikatsiya marshrutlari tizimini shakllantirishda lokomotivga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega.  

Milana Bazarova,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining bo‘lim boshlig‘i.

Ko‘proq yangiliklar: