TIV Turkiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi

O‘zbekiston 09:33 / 20.08.2019 57531

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Turkiyada bo‘lib turgan yoki bormoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat bilan chiqdi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston Respublikasining qator fuqarolarida Istanbul aeroportida uchish oldidan jarima to‘lash bilan bog‘liq muammolar va ularni ijtimoiy tarmoqlarda muhokama va munozaralarga sabab bo‘layotganini inobatga olib, fuqarolardan ushbu davlatda o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish so‘ralgan.

2018 yilning oktyabr oyidan boshlab Turkiya hukumati O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga Turkiya hududida 90 kun davomida vizasiz yurishga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Eslatilishicha, pasportining amal qilish muddati tugashiga 90 kundan kam qolgan fuqarolar Turkiya hududiga kiritilmaydi, garchi ushbu davlat hududida bo‘lish rejasi 90 kundan kam bo‘lsa ham.

Qarorga binoan, mazkur mamlakat hududida 90 kundan ortiq yurgan va mavjud qoidani buzgan fuqarolar Turkiyadan ketish chog‘ida aeroportda belgilangan miqdorda jarima to‘lashga majburdirlar.

Jarimalar miqdorini aniqlash va uni to‘lash faqatgina fuqarolarning ketishi oldidan ro‘yxatdan o‘tib, qo‘llariga uchish talonlarini olgandan so‘ng amalga oshiriladi.

Yangi Istanbul aeroportida jarimalar miqdorini aniqlash va to‘lash ishlari faqat 2 ta darchada amalga oshirilayotganini inobatga olish so‘raladi.

Bu kabi salbiy holatlarni oldini olish maqsadida Bosh konsulxona «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining Istanbul shahridagi vakolatxonasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda Turkiyada 90 kundan ortiq turgan va vatanga kechikishlarsiz o‘z reysida qaytishni istaydigan O‘zbekiston fuqarolari Istanbul aeroportiga vaqtliroq borib, oldindan ro‘yxatdan o‘tishlari va belgilangan jarimalarni to‘lashlari mumkin.

Kechki aviareyslarda uchishi lozim bo‘lgan yo‘lovchilar kunning birinchi yarmida (ertalabki reysga ro‘yxatdan olish vaqtida) ro‘yxatdan o‘tishlari va kun davomida jarima va to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishlari mumkin.

«Bosh konsulxona Turkiyaning Aydin, Balikesir, Bilejik, Bursa, Chanakkale, Edirne, Istanbul, Izmir, Izmit, Kirklareli, Manisa, Sakariya va Tekirdog‘ kabi viloyat va shaharlari hamda Bolgariya va Ruminiya hududlarida bo‘lib turgan fuqarolarning qonuniy huquqlarini himoya qilish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Zarur holatlarda fuqarolarimiz O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilishlari mumkin (+90 212 323-20-37, faks: +90 212 312 20 40, e-mail: uzbekconsul@yahoo.com).

Shuningdek, hamyurtlarimiz favqulodda vaziyatlarda yoki dam olish kunlari quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin +90 507 853 15 66 (Telegram, Viber, IMO).

Ushbu yo‘nalishda siz bilan amaliy hamkorlik o‘rnatishga umid qilamiz. Taklif va izohlaringiz uchun oldindan minnatdorchilik bildiramiz», - deyiladi murojaatda.

Ko‘proq yangiliklar: