Janubiy Koreya aholisi Yaponiyaga aloqador barcha narsaga boykot e'lon qildi

Jahon 20:30 / 19.08.2019 14915

Janubiy Koreyada Yaponiyaga aloqador barcha narsa, mahsulot va servislardan tortib multfilmlargacha boykot qilish bo‘yicha kampaniya davom etmoqda. The Wall Street Journal gazetasining yozishicha, ijtimoiy tarmoqlarda yapon mahsulotlari o‘rniga mahalliy mahsulotlar taklif etilgan ro‘yxatlar tarqalmoqda.

Hattoki ilovalarning muqobili haqidagi takliflarni maxsus mobil ilova orqali ham olish mumkin. Masalan, Hello Kitty mushukchasi o‘rniga multqahramon – pingvincha Pororo taklif etilmoqda.

Kampaniya avvalida Yaponiyaga sayohatlardan voz kechish taklif qilingan bo‘lsa, endilikda Yaponiyaga oid barcha narsadan voz kechish taklif qilinmoqda, deb yozadi nashr.

1 iyul kuni Yaponiya yarimo‘tkazgichlar va gadjetlar ekranlari ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan uch turdagi xomashyo eksporti ustidan nazoratni kuchaytirdi. Endilikda ularni olish uchun alohida ruxsatnoma kerak bo‘ladi.

Tokio va Seul o‘rtasidagi munosabatlar 2018 yil kuzda, Koreya oliy sudi Yaponiyaning Nippon Steel & Sumitomo Metal kompaniyasiga Ikkinchi jahon urushi davrida to‘rt nafar koreyalik ishchini majburan ishlatgani uchun tovon to‘lashga hukm chiqarganidan so‘ng keskinlashgandi. Yaponiya bu masala 1965 yilda hal etilganini ta'kidlab, sud qarorini bajarishni rad etgandi.

Yaponiya boykot hech qanday og‘ir oqibatlarga olib kelmaydi deb hisoblamoqda, chunki Yaponiya YaIMning hajmi Janubiy Koreya YaIM hajmidan uch baravar ko‘p.

Ko‘proq yangiliklar: