«G‘am-tashvish gunoh sababidan ekanini inkor etuvchilarga raddiya» - O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Jamiyat 10:42 / 19.08.2019 19861

14 avgust kuni muslim.uz saytida «Dollar narxi oshdimi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati oshishi yuzasidan ba'zi kishilarda paydo bo‘lgan xavotir noo‘rin ekani va inson rizqi Haq taolo tomonidan ta'min etilishi bayon etilgandi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ushbu maqola atrofida ancha-muncha gap-so‘zlar bo‘lib o‘tdi. Hatto ayrim kishilar maqoladagi fikrlarga nisbatan istehzo qilish darajasiga borishgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati saytida ushbu maqolaga bildirilgan fikrlarga raddiya sifatida «G‘am-tashvish gunoh sababidan ekanini inkor etuvchilarga raddiya» sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Unda avvalgi maqolada inson boshiga keladigan g‘am-tashvish, musibat u sodir etgan gunoh tufayli ekani oyatu hadislar asosida yoritilgani ta'kidlanadi.

Ammo bu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotgani va turli haqoratlar bildirilayotgani qattiq qoralanadi.

«Biroq ushbu maqolaga ayrim o‘quvsiz ijtimoiy tarmoq yurituvchilari masxaraomuz fikrlarni o‘z sahifasida qoldirgan. Alloh taoloning kalomi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari keltirilgan maqolani shunday kimsalar «anekdot», deya haqoratlashgacha borib yetgani tashvishlidir. Mana shunday nodonlar fikri mazmuniga yetib bormagan ba'zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bilib-bilmay ularni yoqlab qo‘yishgan. Feysbukda ham, telegramda ham ayrimlar ushbu fikrlarga kulib turgan «smaylik» qoldirgan.

Bunday holat g‘o‘r kimsalarning diniy-ma'rifiy maqola ustidan nodonlarcha kulayotganini ko‘rsatdi. Ular o‘ylab ko‘rmaydilarmi, shu paytda ularning imon-e'tiqodlari qay ahvolda ekan? Oyat, hadis, hikmatlarni masxara qilayotganlar oqibati nima bo‘lar ekan?!»

Maqola davomida yuqoridagi kabi dinni noto‘g‘ri talqin qilishdan qaytariladi va Qur'oni karim oyatlari, payg‘ambarimiz (alayhissalom) hadislari hamda ulamolar fatvolaridan o‘ziga xos uslubda dalil keltiriladi.

«Qur'oni karimda:

«Allohning oyatlariga kufr keltirganlar, ana o‘shalar ziyonkorlardir» (Zumar, 63), deya oyati karimada Allohning oyatlarini inkor etuvchilar ziyon ko‘ruvchilardan ekani qat'iy ta'kidlangan.

Islom shiorlarini masxara qilishning oqibati juda ham og‘ir. Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shariatning shiorini past sanaganlarni qattiq qoralab bunday deganlar:

«Aniq bilamanki, ummatim ichidagi ba'zi kimsalar Qiyomat kunida Tihoma tog‘i kabi ulkan hasanotlar bilan oppoq bo‘lib kelishadi. Lekin Alloh taolo ularning amallarini to‘zigan chang kabi qilib qo‘yadi».

Shunda Cavbon raziyallohu anhu: «Yo Raculalloh, bizga ularni cifatlab, ochiq bayon qilib bersangiz, bilmasdan o‘shalardan bo‘lib qolmaylik!»– dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ular cizlarning birodarlaringiz, cizlarga o‘xshagan odamlardir. Ular ham ciz kabi tunlari ibodat qiladi. Lekin ular shunday odamlarki, yolg‘iz qolgan vaqtlarida shariatning shiorlarini toptaydilar», dedilar (Imom Ibn Moja).

Ulamolarimiz o‘zlarining fatvolarida shunday deyishgan: «Kim azonni masxara qilsa yoki Qur'oni karimni yengil sanab oyoq osti qilsa yoki shar'iy ilmlarni yoxud ulamolarni masxara qilsa, ibodatlarni yengil sanab bajarmasa yoki masjidni masxara qilsa kofir bo‘ladi» (Manba: «G‘amzu uyunil basoir sharh ashboh van-nazoir» kitobi)».

Maqolada, shuningdek, ba'zi insonlarning ijtimoiy tarmoqlardagi din borasidagi masxaraomuz fikrlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ham gunoh orttirib olayotgani achinarli holat ekani ta'kidlanadi.

Maqola so‘ngida avvalgi maqoladagi fikrlarga qo‘shimcha sifatida yana dalillar keltirilib, oyat va hadislardan iqtiboslar havola qilinadi. Shuningdek, har bir internet foydalanuvchisi o‘z izohi va tarqatayotgan xabariga mas'ul ekanini unutmasligi eslatib o‘tilgan.

«Ogohlik qo‘ng‘irog‘i sifatida «Dollar narxi oshdimi?» sarlavhali maqoladagi dalillarni yanada quvvatlash va uni tushunib yetmagan kishilar xitoban, quyidagi oyat va hadislarni keltiramiz.

Alloh taolo Nuh alayhissalomning o‘z qavmiga aytgan gaplarini shunday bayon qiladi: «Bas, o‘z Robbingizga istig‘for ayting, albatta u gunohlarni ko‘plab mag‘firat qiluvchidir, dedim. U zot osmondan ustingizga ketma-ket (baraka yomg‘irini) yuboradir. Va sizga molu mulk va bola-chaqa ila madad beradir va sizlarga bog‘u rog‘lar hamda anhorlarni beradir» (Nuh, 10-12).

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham shunday marhamat qilganlar: «Kim istig‘for aytishni o‘ziga lozim tutsa, Alloh uning mushkulini kushoyish qiladi, og‘irini yengil qiladi va o‘zi o‘ylamagan tomondan rizq beradi», deganlar (Abu Dovud, Ibn Mojja). Demak, rizqning ziyoda bo‘lishi, mushkullar osonlashishi, muammolar bartaraf bo‘lishi uchun istig‘forni ko‘proq aytish lozim.

Xulosa o‘rnida, har bir internet foydalanuvchisi aytayotgan gapi, qoldirgan izohi va tarqatayotgan axboroti uchun Alloh taolo oldida ham, mo‘min-musulmonlar oldida ham, jamiyat a'zolari va davlat qonunlari oldida ham mas'ul ekanini zinhor unutmasligi zarurdir».

Ko‘proq yangiliklar: