AI-91 benzini bo‘yicha haftalik kotirovka boshlang‘ich narx darajasida saqlanib qoldi

O‘zbekiston 17:41 / 19.08.2019 25026

2019 yilning 12-16 avgust kunlarida o‘tkazilgan birja savdo yakunlariga ko‘ra, «O‘zRTXB» AJ birja savdolariga jami 1 485 tonna AI-91 rusumli avtomobil benzini quyildi. Sotuvchi tomonidan belgilanadigan AI-91 benzin uchun boshlang‘ich narx, uning bir tonna uchun 6112,1 ming so‘mni tashkil etdi.

Haftalik birja savdo natijalariga ko‘ra «O‘zRTXB» AJda 1,5 mlrd so‘mlik 246,2 tonna (savdoga qo‘yilgan hajmdan 16,6%) AI-91 benzini sotilgan. AI-91 rusumli benzinning haftalik kotirovkasi uning amaldagi boshlang‘ich narxi atrofida saqlandi va benzinning bir tonna uchun 6118,2 ming so‘mni tashkil etdi.

Birja savdolari davomida AI-91 rusumli avtobenzinini sotib olish uchun buyurtmalar yuridik shaxslar, shu jumladan yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar, tadbirkorlik sub'yektlari va avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari tomonidan kelib tushdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyundagi “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari va tariflarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi” 633-sonli qaroriga muvofiq 2019 yil 15 avgustdan boshlab AI-91 rusumli avtomobil benzinining chakana narxi birja savdolari orqali belgilanmoqda.

Birja savdosi orqali sotilgan tovar resurslari uchun rasmiy birja kotirovkalari haftalik asosda belgilanadi va «O‘zRTXB» AJ saytida e'lon qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: