«Barselona» mavsumning ilk o‘yinida 38 yoshli hujumchidan supergol o‘tkazib yutqazdi

Sport 02:06 / 17.08.2019 21936

Ispaniya Primerasining 1-turida «Atletik» «Barselona»ni sensatsion ravishda mag‘lubiyatga uchratdi. Bilbaodagi «Sen-Mames» stadionida kechgan uchrashuvni o‘yin oxirida urilgan yagona gol hal qildi — 1:0.

O‘yinning ikki bo‘limida ham mezbonlar faollik ko‘rsatishdi. Asosiy yetakchisi Messisiz o‘yinni boshlagan mehmonlar esa birinchi bo‘limdayoq ikkinchi hujumchisi Luis Suaresdan ayrildi, noqulay harakatlanishi natijasida oyog‘ini shikastlab olgan urugvaylik futbolchi 37-daqiqada o‘z o‘rnini Rafinyaga bo‘shatib berdi.

88-daqiqada esa bilbaoliklarning faxriy futbolchisi, 38 yoshli forvard Arits Aduris maydonga tushganiga bir daqiqa to‘lmasidanoq qaychi uslubida zarba berib Mark-Andre ter Shtegen qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi. Unga bu vaziyatda Andera Kapa golli pas uzatgandi.

Shu tariqa, amaldagi chempionlar mavsumni kutilmagan mag‘lubiyat bilan boshladi. Ikkinchi turda, 25 avgust kuni «Barselona» «Betis»ni qabul qiladi,«Atletik» 24 avgust kuni «Xetafe» mehmoni bo‘ladi.

O‘tgan mavsumda «Barselona» Ispaniya chempioni bo‘lgandi. 38 o‘yinda katalonlar jamoasi 87 ochko to‘plagandi. «Atletik» 53 ochko bilan sakkizinchi o‘rinni egallagandi.

Ispaniya chempionati, 1-tur
Atletik – Barselona 1:0 (0:0, 1:0)

Gol: 1:0 – 89 Aduris.
Atletik – Unai Simon, Nunes, Berchiche, Kapa, De Markos (Sanse, 66), Unai Lopes (Benyat, 81), Raul Garsiya, Muniain, Dani Garsiya, Yyeray Alvares, Uilyams (Aduris, 88).
Barselona – ter Stegen, Semedu, Langle, Pike, Serji Roberto (Karles Peres, 76), de Yong, Alenya (Rakitich, 46), Dembele, Alba, Grizmann, Suares (Rafinya, 37).
Ogohlantirishlar: Pike (60), Nunes (65).

Ko‘proq yangiliklar: