«Super-kontrakt» asosida o‘qishga kiritishni va'da bergan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi 

Jamiyat 09:16 / 15.08.2019 18480

8 avgust kuni Yakkasaroy tuman IIO FMBga Qashqadaryo viloyatida yashovchi 51 yoshli A.K.V. muqaddam sudlangan 64 yoshli I.E. va T.E.ga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgan. 

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, 2017 yil yoz faslida I. va T. da'vogarning qizi, Qarshi davlat universitetiga o‘qishga kira olmagan 31 yoshli N.K.ni Chirchiq pedagogika universitetiga “super-kontrakt” asosida  kiritish bo‘yicha yordam berishni taklif qilishgan. Buning uchun ular A.dan 3.400 AQSh dollari so‘rashgan. Ayol I. va T.ga ishonib, 2017 yil  26 avgustdan 20 sentabr kuniga qadar Shayxontohur tumanidagi “Labzak” mehmonxonasi oldida ularga kelishilgan mablag‘ni bo‘lib-bo‘lib to‘lagan.
   
Tergov jarayonida I.E. va T.E. kuz faslida Qashqadaryo viloyatida yashovchi 56 yoshli N.A.ga ham  shunga o‘xshash taklif bildirishgan. 23 yoshli o‘g‘li O.A.ni Chirchiq pedagogika universitetiga “super-kontrakt” asosida o‘qishga kiritishga yordam bermoqchi bo‘lgan  I. va T.ga ishongan N. 3.100 AQSh dollarini  2017 yil sentabr-oktabr oylari mobaynida Yakkasaroy tumanidagi Bobur istirohat bog‘i  oldida ularga pulni berib yuborganligi aniqlandi.

Ammo ikkala sherik va'dasida turmasdan, pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborishgan. Hozirda ikkala holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

“Hurmatli fuqarolar va shahrimiz mehmonlari! Firibgarlarning yolg‘on va'dalariga uchib, pullaringizni ularning qo‘liga topshirishdan ehtiyot bo‘ling! Zero bunday kimsalar sizning ishonuvchanligingizdan ustomonlik bilan foydalanishlariga aslo yo‘l qo‘ymang!” - deyiladi IIBB xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: