Samarada zaharlangan O‘zbekiston fuqarolaridan biri vafot etdi

Jamiyat 18:48 / 15.08.2019 11011

“Koshelevskiy posad” korxonasida ishlayotgan chog‘ida “noma'lum moddadan zaharlanish” tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan 69 nafar O‘zbekiston fuqarosidan bir nafari vafot etdi. Bu haqda mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma'lumotiga tayanib O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zbekiston fuqarosi O.S. vafot etdi va hozirda Bosh konsulxona marhum hamyurtimizning jasadini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilishda ko‘mak ko‘rsatmoqda”, deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, kasalxonaga yotqizilganlarning 48 nafari V.D.Seredavin nomidagi Samara viloyati klinik shifoxonasida va 1-son Tolyatti shahar klinik shifoxonasida bo‘lib turibdi. Ularning ahvoli barqaror-og‘ir deb baholanmoqda.

20 nafar vatandoshimizga kasalxonadan javob berildi va ular ish joylariga qaytishdi. Ular mahalliy shifokorlarning doimiy kuzatuvida bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining mas'ul xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh yuzaga keladigan masalalarni hal qilish uchun rossiyalik hamkasblari bilan aloqa o‘rnatdilar.

Bosh konsulxona vaziyatni doimiy nazoratda ushlab turibdi.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi hamda Rossiyaning Volgabo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Kirov viloyati, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijyegorod viloyati, Orenburg viloyati, Penza viloyati, Perm o‘lkasi, Samara oblasti, Saratov oblasti, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov oblasti, Chuvashiya Respublikasi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasiga +7-967-772-66-00 telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: