2019-2021 yillarda “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida muhandislik-kommunikatsiya hamda ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan 2019-2021 yillarda “Namangan” erkin iqtisodiy zonasini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta'minlashning yig‘ma dasturi, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi uchun elektr ta'minoti tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, gaz ta'minoti tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, telekommunikatsiya tarmoqlarini qurish dasturlari tasdiqlandi.
Qarorda ko‘rsatilishicha, Namangan viloyati hokimligi Moliya vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan birgalikda “Namangan” erkin iqtisodiy zonasiga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini va ichki ko‘chalarini qurish va ta'mirlash ishlari loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi va 2020-2021 yillarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshiradi.
Bunda, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish respublika budjeti va ichki ko‘chalarni moliyalashtirish mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobiga amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.
Hujjatga asosan, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi uchun ichimlik suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini qurish tadbirlarining loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi va qurilish-montaj ishlari 2020-2021 yillarda amalga oshiriladi.
Ushbu ishlarni amalga oshirish doirasida:
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining “Suv ta'minoti va kanalizatsiya obektlarini qurish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK - buyurtmachi;
“O‘zbekkommunalloyihaqurilish” DUK - bosh loyihachi;
Moliya vazirligi huzuridagi Suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish jamg‘armasi - moliyalashtirish manbai etib belgilandi.