Kun.uz reportaji: Qashqadaryoda neft-gaz konlari topildi

Jamiyat 13:15 / 15.08.2019 86546

Qashqadaryo viloyati, Muborak tumanida yangi neft-gaz kondensati koni aniqlangani haqida avval xabar berilgan edi. Kun.uz muxbiri ayni shu quvonchli voqea joyidan  birinchi bo‘lib o‘z o‘quvchilarga xabar bergandi. Mazkur kon «Epsilon Development Company» kompaniyasiga berilgan 5ta investitsiya blokidan biri bo‘lgan Muborak investitsiya blokining Bahoriston tuzilmasida joylashgan bo‘lib, «Bahoriston koni» deb atalishi ma'lum qilindi.

Qayd etish joizki, Epsilon Development Company O‘zbekiston hukumatining qaroriga binoan Kultoq-Qamashi, Surxon, Ustyurt, Muborak va G‘arbiy Farg‘ona investitsiya bloklarini o‘zlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihani amalga oshirmoqda. AQSh kompaniyasi yuqorida zikr etilgan investitsiya shartnoma hududlaridagi tabiiy gaz zaxirasi 561 mlrd kubometrga baholangan. Prognoz zaxiralarni tasdiqlash va o‘zlashtirish uchun 4,8-5,2 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirilgan. 2020 yilda gaz ishlab chiqarish hajmini yiliga 15 milliard kub metrga, gaz kondensatini – 600 ming tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Shu bilan birga, alohida qayd qilish lozimki, kompaniya qazib olinayotgan neft va gaz mahsulotlarini, asosan, ichki bozorga yetkazishni maqsad qilgan. Sanoat korxonalari va aholi, shu jumladan, respublikaning chet mintaqalarini gaz va neft mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplash maqsadida ishlab chiqarilayotgan uglevodorod xomashyosining 70 foizdan ko‘prog‘i mamlakatning ichki bozoriga yo‘naltiriladi. Shuning barobarida kompaniya tabiiy gazni aholiga sotishda narx siyosatini ijtimoiy himoya omilini hisobga olgan holda olib borishni qat'iy rejalashtirgan.

2019 yil boshida faoliyatini boshlagan kompaniya, shu kunga qadar, o‘ziga ajratilgan investitsiya bloklarida 20 ta burg‘ilash qurilmalari yordamida burg‘ilash ishlarini olib bormoqda, 10ta kudukdan tabiiy gaz va neft qazib olish ishlari to‘liq yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda kompaniya bosh geologi O‘lmaskamol Abduazimov quyidagilarni ma'lum qildi.

«Epsilon neft-gaz kompaniyasi umumiy maydoni 20 000 kv.km.dan ortiqni tashkil etadigan 5ta investitsiya bloklari hududida faoliyat olib bormoqda. Bular Kultoq-Qamashi, Surxon, Ustyurt, Muborak va G‘arbiy Farg‘ona investitsiya bloklaridir. 2019 yilda Kultoq-Qamashi, Surxon va Muborak investitsiya bloklari hududlarida qidiruv-razvedka hamda seysmik tadqiqot ishlari boshlab yuborilgan», - deydi biz bilan suhbatda O‘lmaskamol Abduazimov.

Suhbatdoshimizning ta'kidlashicha, ayni vaqtda, Kultoq-Qamashi, Surxon va Muborak blokida chuqurligi 3 mingdan 7 ming metrgacha boruvchi quduqlarda 16ta burg‘ilash qurilmasi yordamida qidiruv ishlari, 4ta burg‘ilash qurilmasi bilan quduqlarni kapital ta'mirlash ishlari olib borilmokda. Bundan tashqari, Kultoq-Qamashi investitsion blokida joylashgan Shimoliy Girson, Tolimarjon, Nazarquduq, Hujum va Chigil kabi konlarda qazish ishlari ham olib borilyapti. Shu blokda joylashgan Garbiy Ernazar, Karakara, Mirbaraka va boshqa maydonlarda qidiruv burg‘ilash ishlari amalga oshirilmokda.

«Muborak investitsiya blokining «Bahoriston» va «Qirqchashma» maydonlarida burg‘ilash ishlari boshlab yuborilgan. «Bahoriston» tuzilmasining Yura qatlamida neft-gaz kondensatli kon aniqlandi. 10 avgust kuni ilk mahsulot olindi. Yura karbonat qatlamidan chuqurroqda tarkibida oltingugurt bo‘lmagan sof tabiiy gaz zaxirasi borligini taxmin qilyapmiz, shu bois, quduqni 3 000 metr chuqurlikkacha qazishni davom ettiramiz», - deydi kompaniya bosh geologi.

Kompaniya Surxon investitsiya bloki hududida ham ishlarni jadal olib bormoqda. U yerda 3D seysmik tadqiqot ishlari o‘tkazilmoqda. «Qoraqurt» tuzilmasida qidiruv burg‘ilash ishlariga hozirlik ko‘rilib, 13 iyun kuni loyiha chuqurligi 6400 metrni tashkil qiladigan birinchi qidiruv qudug‘ida burg‘ilash ishlari boshlab yuborilgan Kompaniya mutaxassislarining fikricha, Surxon investitsiya bloki hududida katta hajmdagi tabiiy gaz zaxirasi borligi taxmin qilinmoqda.

Kompaniya  G‘arbiy Farg‘ona investitsiya blokida xam qidiruv-razvedka va burg‘ilash ishlarini boshlab yuborayapti,  Ustyurt blokada esa boshlash arafasida.  

O‘z faoliyatidagi yana bir ustuvor jihatlaridan biri, Epsilon kompaniyasi nafaqat yangi konlarni o‘zlashtirish, balki mavjud va avvaldan foydalanilgan, noto‘g‘ri ekspluatatsiya qilinishi natijasida neft va gazni to‘liq qazib olinmagan konlarni kapital ta'mirlash ishlarini olib borib, ularni qayta ishga tushirishga ham jiddiy e'tibor qaratmoqda.

Jumladan, 2019 yil 28 iyulda Murodquduq neft konining 1-sonli qudug‘ida kapital ta'mirlash ishlari boshlanib, barcha ishlar qisqa muddatda tamomlangan va 4 avgust kuni ilk neft mahsuloti qazib olingan. Bu yerda qazib olinayotgan neft yengil navli bo‘lib, mutaxassislarning aytishicha, undan foydali mahsulotlar olish ko‘rsatkichi yuqoridir.

Bundan tashqari, Kultoq-Qamashi investitsiya blokining Devxona koni, 2-sonli qudug‘ida ham tabiiy gaz qazib olishni yo‘lga qo‘yish maqsadida kapital ta'mirlash ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bunda, O‘zbekiston neft va gaz sohasida ilk marotaba Tacrom kompaniyasi uskunalari va mutaxassislarini ishtirokida yuqori bosim ostida maxsus aralashma yordamida yer qatlamini yorish ishlari olib borildi. Buning natijasida, 2019 yil 11 avgust kuni  gazning sanoat oqimi qayd etildi.  Ushbu usul kullanishi natijasida xozir kungacha yana 8ta gaz kudukdan olinayotgan gaz mikdori 4-5 baravarga oshirishga erishildi. 

Albatta, mamlakat neft-gaz konlarini o‘zlashtirish, bu sohaga xorijiy investitsiyani jalb qilish yangi ish o‘rinlarini tashkil etishni anglatadi. Shu bugungi kunga qadar kompaniya 2000ga yaqin ish joyi tashkil etgan bo‘lib, bu raqam har hafta o‘rtacha 80-85taga o‘smoqda.  Kun.uz muxbiri Epsilon Development Company Muborak va Kultoq-Qamashi investitsiya bloklariga kiruvchi konlarida amalga oshirayotgan ishlarini o‘rganar ekan, quyidagi savollarga javob topishga harakat qildi:

1.    Konlar va investitsiya bloklarida ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularni ijtimoiy himoya qilish qanday yo‘lga qo‘yilgan?

2.    Konlarni o‘zlashtirish uchun juda zarur bo‘lgan infratuzilmalar borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

3.    Investitsiya bloklarida atrof-muhit va ekologiyani muhofaza qilishga qanchalik e'tibor qaratilmoqda?

Biz birinchi savolga javob topish maqsadida kompaniyada ishlayotgan yoki yaqindagina ish boshlagan xodimlarni suhbatga tortdik.

«Avval men “G‘uzordavburg‘ilash” korxonasida ishlaganman. Endi, u bilan bu kompaniyaning ishchilarga yaratgan qulayliklar va shart-sharoitlari o‘rtasidagi farqi, yashirib o‘tirmayman, osmon bilan yercha. Mana, o‘zingiz ko‘rib turibsiz, yuvinish xonalari-yu, yotoqxonamizdagi sharoitlardan nolisak noshukrlik qilgan bo‘lamiz. Biz 15 kun bu yerda ishlab, 15 kun dam olishga ketganimiz bois, har hafta yotoqxona matolarini ham almashtirib berishadi. Maoshimiz juda yaxshi», - deydi ishchilardan biri.

O‘zim guvoh bo‘lgan qulayliklardan yana biri, ishchilar ovqatlanishi uchun oshxonalar faoliyatining puxta yo‘lga qo‘yilganidir. Har bir burg‘ilash joyida alohida oshxona tashkil etilgan va xodimlar soniga ko‘ra, oshpazlar ishga olingan. Har haftalik taomnoma oldindan e'lonlar taxtasiga osib qo‘yiladi. Taomlar sifati va mazasini, 2 kunlik mehnat safarim chog‘ida tatib ko‘rib, aytishim mumkinki, Toshkentdagi umumovqatlanish muassasalari mahsulotlaridan qolishmaydi. Ishchilar kundalik ratsioniga, shuningdek, sut va qatiq mahsulotlari ham kiritilgani e'tiborga molik. Taom tayyorlash va oraliq tamaddilar uchun mahsulotlar har kuni maxsus transport vositasida keltiriladi.

Ishchilarning sog‘lig‘i ham kompaniya diqqat-markazida turibdi. Har bir kon va qidiruv-razvedka ishlari olib borilayotgan hududda zaharli ilon-chayon, qoraqurt kabi jonzotlar chaqishiga qarshi yetarli darajada emdorilar, qon bosimi ko‘tarilishi, ishchi-xizmatchilar sog‘ligida kuzatilishi mumkin bo‘lgan har qanday salbiy holatda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan tibbiy anjomlar va dori-darmonlar ham muhayyo qilingan. Bundan tashqari, konlarga xizmat ko‘rsatuvchi tez tibbiy yordam xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda malakali shifokor, tibbiy yordamga muhtoj bo‘lib qolgan xodimlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatishi ta'minlangan.

Aytishim mumkinki, men xizmat taqozosi bilan Qashqadaryo viloyati, Nishon tumanidagi Chigil konlari hududida bo‘lganman. U vaqtlari bu konlar «O‘zbekneftegaz» AJ muassisligida tashkil etilgan, keyinchalik kasodga uchragan «Chigilneftegaz»ga tegishli bo‘lgan. O‘sha vaqtda korxona konlariga olib boruvchi yo‘llarning ahvolini o‘ta qoniqarsiz, deb baholash mumkin edi.

Epsilon kompaniyasi infratuzilmalar borasida ham zamonaviy fikrlagan holda yondashmoqda. Kompaniya har bir konga olib boruvchi yo‘llarni talab darajasiga yetkazish maqsadida Yo‘lsozlik brigadasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. U tun-u kun yo‘llarni tekislash, tosh yotqizish va suv sepib presslash ishlarini olib boradi. Bir yarim yil avvalgi yo‘llar ahvoli bilan bugungi kundagi ayni yo‘llar holatini taqqoslashning o‘zi noto‘g‘ri bo‘lar edi, nazarimda.

Amerika kompaniyasi neft-gaz qazib olish sohasidagi loyihalarni amalga oshirar ekan, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya ko‘rsatkichlarining yuksak xalqaro standartlarga javob berishiga erishishni oliy maqsad qilgan. Shu boisdan ham, kompaniya faoliyati natijasida kelib chiqadigan barcha xatarlarni hisobga olgan holda, tabiatga zarar yetkazish va chiqindilar miqdorini kamaytirish borasida barcha chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.

Konlarda quduq qazish va burg‘ilash ishlarini olib borishda, Rossiya, Xitoy, Kanada va Yevropa mamlakatlaridan keltirilgan zamonaviy texnologiyalardan foydalanilayotgani ham kompaniyaning atrof-muhit va ekologiya muammosiga jiddiy e'tibor qaratayotganini anglatadi.

Kun.uz muxbiri, Tolibjon Raxmatov

Ko‘proq yangiliklar: