Vazirlar Mahkamasi “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Qaror bilan Buxoro viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining Buxoro viloyati Kogon shahri va Kogon tumanidan 200 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan bo‘sh turgan yer uchastkalarini ajratish hisobiga “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Hujjatda belgilanishicha, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi bilan birgalikda Kogon shahri va Kogon tumani hududini, shuningdek, “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchilarining ishlab chiqarish maydonlarini tashqi yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan kafolatli ta'minlaydi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Buxoro viloyati hokimligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasining Kogon shahri va Kogon tumani hududida transport, ishlab chiqarish va muhandislik- kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda har yili O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturining parametrlarini shakllantirishda “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasining tasdiqlangan bosh rejasi asosida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish hamda “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi ma'muriy binosini qurish uchun kapital qo‘yilmalar limitlarini hamda zarur markazlashtirilgan investitsiyalar ajratilishini nazarda tutadi.
“G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasining bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha:
Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK” DUK - buyurtmachi etib;
tanlov asosida aniqlangan loyiha tashkiloti — bosh loyiha tashkiloti
etib;
Buxoro viloyatining mahalliy budjeti mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar - moliyalashtirish manbalari etib belgilandi.
Buxoro viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining ma'muriy kengashi Investitsiyalar va tashqi savdo, Iqtisodiyot va sanoat vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi va tijorat banklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Buxoro viloyati iqtisodiyotining ehtiyojlari, shuningdek, mavjud mineral-xomashyo, qishloq xo‘jaligi resurslarini va infratuzilmani inobatga olgan holda, “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududida import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlarini ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish bo‘yicha manzilli dasturni ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
“G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududida o‘zlashtirish uchui taklif qilinayotgan import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarning muntazam ravishda tadbirkorlik sub'yektlariga yetkazilishini ta'minlaydi;
“G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududida loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik sub'yektlarini jalb etish, ular bilan tizimli ishlarni olib borish, shuningdek, “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududida ishlab chiqarishlarni joylashtirish bo‘yicha investitsiya buyurtmanomalarini sifatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqadi;
“G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududida ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda tadbirkorlik sub'yektlariga ko‘maklashish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘radi.
Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2017 yil 10 apreldagi 196-son qaroriga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:
qarorga 1-ilovaning II bo‘limi quyidagi tahrirda bayon qilindi:
“II. “G‘ijduvon” EIZga kiruvchi hududlar ro‘yxati:
1. Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi G‘ijduvon shahri,
2. Kogon tumani “Beklar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi yer maydonlari quyidagi chegaralar bilan:
shimoliy tomondan - Kogon shahridagi aholi punkti, Kogon tumanidagi Zirabot to‘liq shirkati yerlari, “Edgar Real Plyus” fermer xo‘jaligiga qarashli yerlar;
sharqiy tomondan — Kogon shahri temir yo‘llari bilan Buxoro-Qarshi temir yo‘l tarmog‘i;
janubiy tomondan - Kogon tumanidagi “Yusuf ota” fermer xo‘jaligiga qarashli, 39004-son harbiy qism va “Qosimbobo” fermer xo‘jaligiga qarashli yerlar;
g‘arbiy tomondan - Kogon tumanidagi zaxira yerlari va va kollektor (zaxkash).
3. Kogon shahri yer maydonlari quyidagi chegaralar bilan:
shimoliy tomondan - Kogon shahridagi aholi punktlari;
sharqiy tomondan - Kogon shahridagi ichki yo‘l orqali aholi punkti;
janubiy tomondan - Kogon tumani zaxirasidagi yerlar;
g‘arbiy tomondan - Kogon shahridagi aholi punktlari.
Jami: 267,5 gektar”.