Germaniyada vegetarianlar soni oshib bormoqda va go‘sht iste'mol qiladigan nemislar soni kamaymoqda. Ammo shunga qaramay, jon boshiga hisoblaganda GFRda go‘sht iste'mol qilish dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar yuqori turadi, deb yozadi DW.
Yoz fasli Germaniyada barbekyu (cho‘g‘ yoki olovda go‘shtli taom tayyorlash) mavsumi hisoblanadi. Savdo tarmoqlari buni juda yaxshi biladi va shu bois peshtaxtalar turli go‘sht mahsulotlariga har doimgidan ham ko‘proq to‘lib ketadi. Muzlatgichlarda tayyor qirqilgan, qadoqlangan, marinadlangan, sixlarga joylangan go‘sht mahsulotlari tog‘day uyiladi. Shu bilan birga, narxlar Yevropa o‘lchovlari bo‘yicha hayratlanarli darajada arzon bo‘ladi.
Aldi diskaunteri yarim kilo antrekotni yetti yevrodan taklif qiladi. Cho‘chqa yoki mol go‘shti qiymasining bir kilosini to‘rt yevrodan sal arzonroqqa sotib olish mumkin. Bu nima: aksiyami yoki mavsumiy chegirma?
Yo‘q. Germaniyada go‘sht barcha supermarketlarda arzon narxda sotiladigan mahsulotlardan biri hisoblanadi.
Go‘sht ishlab chiqarishdagi milliardlab yevrolik aylanmalar
Go‘sht narxi arzonligining asosiy sababi shundaki, Germaniyada YeIning boshqa mamlakatlari bilan solishtirganda, go‘sht ishlab chiqarish unchalik serxarajat emas, bozorga esa ulkan hajmda go‘sht mahsulotlari chiqariladi. Bu sanoat nemis iqtisodiyotining muhim sohalaridan biri hisoblanadi. 2018 yilda Germaniyadagi eng yirik 25ta go‘sht ishlab chiqaruvchi korxonaning aylanmasi qariyb 27 milliard yevroni tashkil etdi.
Hattoki Germaniyada ishlab chiqarilgan go‘sht-sut mahsulotlarining katta qismi xorijda sotilsa ham mamlakat bozorida taklif ortig‘i bilan bo‘ladi. Ammo biznes baribir biznes va daromad olish uchun tejamkorlik qilishga to‘g‘ri keladi. Shu bois chorvachilik fermalari va kushxonalar ishchilarining maoshi boshqa sohalardagilarnikiga nisbatan ancha kam.
Ulkan og‘ilxonalarda har bir jonivor uchun juda kichik hudud ajratilgan. Bechora jonivor bu hududda aylanish tugul hattoki biror harakat ham qilolmaydi. Bu ataylabdan – jonivor tezroq semirishi va tezroq kushxonaga jo‘natilishi uchun qilingan.
Jon boshiga bir yilda 80 kilogramm go‘sht
Germaniyada go‘sht iste'mol qilish o‘ziga to‘qlik belgisi deb hisoblangan davrlar ham bo‘lgan. 1961 yildan 2011 yilgacha bo‘lgan davr ichida mamlakatda jon boshiga go‘sht iste'mol qilish yiliga 64 kilodan 90 kiloga yetgan.
Ammo keyin bu ko‘rsatkich pasayib bordi va hozirda yiliga 60 kiloga yaqin ko‘rsatkichni tashkil etadi. Bundan tashqari, statistika bo‘yicha har bir nemisga uy hayvonlari uchun ozuqa sifatida qayta ishlanadigan yana 20 kilo go‘sht to‘g‘ri keladi. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha bir kishi yiliga o‘rtacha 40 kiloga yaqin go‘sht iste'mol qiladi.
Federal statistika idorasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning birinchi yarmida 3,9 mln tonna go‘sht tayyorlangan. Bu jahonning boshqa mamlakatlariga taqqoslaganda eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri. Hozirda Germaniyada nemislarning o‘zlari iste'mol qilganiga nisbatan ko‘proq go‘sht mahsulotlari tayyorlanadi.
Go‘sht narxini oshirish tashabbuskorlari va ularga qarshilar
Germaniya aholisining aksariyati qiynoqqa solingan jonivorlar suratlari chop etilgan maqolalarga e'tibor bermaslikka harakat qiladi. Xaridorlar supermarketda ekologik sof mahsulotlardan ko‘ra arzon go‘sht sotib olishni afzal ko‘rishadi. Albatta, eko-mahsulotlar narxi o‘rtacha to‘rt baravar qimmat turadi.
Agrar sohadagi siyosatchilar hamda ekologiya va jonivorlar himoyachilari go‘sht mahsulotlariga qo‘shimcha qiymat solig‘ini 7 foizdan 19 foizga ko‘tarishni taklif qilishmoqda. Soliq ko‘tarilishi natijasida budjetga tushgan qo‘shimcha mablag‘ esa jonivorlarni saqlash sharoitlarini yaxshilashga, masalan, chorva va parrandalar saqlanadigan binolarni qayta qurish va qayta jihozlashga sarflanishi taklif etilmoqda.
Ammo bu taklif tanqidlar ostida qoldi. Taklifga qarshi chiqqanlarning aytishlaricha, soliq ko‘tarilishi ijtimoiy nuqtai nazardan adolatsizlik bo‘ladi. Chunki narxlar daromadidan qat'i nazar barcha fuqarolar uchun oshib ketadi. Darhaqiqat, QQS 19 foizgacha oshadigan bo‘lsa, antrekot 7 emas, 7,78 yevro bo‘ladi. Bir kilo kolbasaning narxi esa 3,73 o‘rniga 4,15 yevro bo‘ladi.
Buning ustiga, agar go‘sht yarimfabrikatlari, sut va tuxum ham qimmatlasa, har bir mahsulotga qo‘shilgan sentlar oy oxiriga borib bir necha yevroga aylanadi. Bu esa kam daromadli oilalar budjetini izdan chiqarishi mumkin, deb hisoblashmoqda go‘sht uchun soliq oshirilishiga qarshi bo‘lganlar.
Ammo yuqori daromad oladiganlar-chi? Agarda go‘sht sotib olish uchun oyiga bir necha yevro qo‘shimcha xarajat qilishga to‘g‘ri kelsa, ular go‘sht iste'mol qilishni kamaytirishadimi? Ko‘plab siyosatchilar bunga shubha qilishmoqda.
YeIning budjet bo‘yicha komissari Gyunter Ettinger Yevroittifoqning alohida mamlakatlarida bunday chora ko‘rishdan ogohlantirmoqda va go‘sht butun Yevropa bozoridagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri ekanligini ta'kidlamoqda. Uning fikricha, hattoki agarda Germaniyada go‘sht uchun soliq oshirilsa ham qo‘shni davlatlarda u arzonligicha qoladi.