Bulung‘urdagi xavfli ko‘prik mahalla aholisini xavotirga solmoqda. Tuman hokimi muammoni bartaraf etishga va'da berdi

Jamiyat 21:35 / 15.08.2019 14184

Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanidagi «Chorbog‘» mahallasi aholisidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda mahalla orasidan o‘tgan «Bulung‘ur» arig‘idagi ko‘prikning ahvoli va u aholiga, ayniqsa yosh bolalarga xavf tug‘diriyotganligi bayon etilgan.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Bulung‘ur tumanida bo‘ldik va «Chorbog‘» mahallasi aholisi bilan suhbatlashib, ularning e'tirozlarini tingladik.

«Mahallamizdan o‘tgan «Bulung‘ur» arig‘idagi ko‘prikdan farzandlarimiz 68-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga qatnaydi. Ammo ko‘prik talabga javob bermaydi va bolalar uchun juda xavfli. Shuning uchun biz ota-onalar xavotirda yashaymiz. Tuman hokimligi va boshqa tashkilotlarga bir necha marotaba murojaat qildik. Hashar yo‘li bilan qilinglar, deyishdi. Hashar bilan qilganimiz shu axir. Bundan ortig‘ini qilolmaymiz. Bahorda suv juda ko‘p kelib ko‘prikni ham ko‘mdi. Bolalar haftalab maktabga bormadi. Yangi o‘quv yili yaqinlashyapti. Shuning uchun bu muammo o‘quv yili boshlangunga qadar hal bo‘lishini istardik», – deydi mahalla aholisi biz bilan suhbatda.

O‘rganishimiz davomida ko‘prikning ahvolini ko‘zdan kechirdik. Haqiqatan ham ko‘prik bolalar uchun juda xavfli. Suv tez oqadi. Ko‘prikdan o‘tilgandan keyin ham maktabgacha «Bulung‘ur» arig‘i yoqalab yuriladi. Yog‘ingarchilik vaqti ariq yoqasidagi yo‘l ham butkul loyga aylanar ekan.

Ma'lum bo‘lishicha, shu yil bahorda yog‘ingarchilik ko‘p vaqti ariqdan suv to‘lib oqqan va ko‘prikdan o‘tishning umuman imkoni bo‘lmagan. Shu bois o‘quvchilar haftalab darsga bora olishmagan.

Buni maktab direktori Turg‘un Haydarov ham tasdiqladi.

«Maktabimizga yuzdan ortiq o‘quvchi «Chorbog‘» mahallasidan qatnaydi. O‘quvchilar o‘sha ko‘prikdan o‘tib kelishga majbur. Haqiqatan ham o‘quvchilar bahorda haftalab darsga kelisholmadi», – deydi biz bilan suhbatda Haydarov.

Ushbu muammo yuzasidan o‘rganishimiz davomida ishtirok etgan  tuman hokimligining qurilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Alisher Elmurodovdan izoh so‘radik.

Tuman hokimligi mutasaddisi bu masalani tuman hokimi va tegishli tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganilib, muammoni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi.

Maqolani tayyorlash jarayonida ma'lum bo‘lishicha, o‘rganishimizdan keyin Bulung‘ur tuman hokimi B.Bahramov va tegishli tashkilotlar vakillari bu mahallaga borib vaziyatni o‘rgangan.

Tuman hokimligi matbuot xizmatining bizga ma'lum qilishicha, tuman mutasaddilari holatni o‘rganish vaqtida sig‘imi 10 kub bo‘lgan ariqdagi ko‘prik haqiqatan ham ta'mirtalab ahvolda ekanligi, undan mahalla aholisi doimiy foydalanishi, xususan mahalla yoshlari 68-umumiy o‘rta ta'lim maktabiga mazkur ko‘prik orqali qatnashlari aniqlangan.

Ko‘prikdan faol foydalanilishi va ta'mirtalab ahvolda ekanligi inobatga olinib, ko‘prik joriy yilning 25 avgust sanasi, ya'ni xalq ta'limi tizimida yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar ta'mirlanib, foydalanish uchun xavfsiz holatga keltirilishi belgilangan. Mazkur masala tuman hokimining shaxsan nazoratiga olindi.

Ammo tuman mutasaddilari masalaning yana bir tomoniga e'tibor qaratishini istardik. Ko‘prik o‘nglanganidan keyin ariq yoqalab yuriladigan yo‘lak o‘rniga yuz-ikki yuz metr to‘g‘ridan yo‘lak qilib berilsa, o‘quvchilarning xavfsizligi to‘liq ta'minlangan bo‘lardi.

Kun.uz tuman hokimligi belgilangan muddatda muammoni bartaraf etishiga ishonch bildiradi va lozim bo‘lsa, bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

 

Ko‘proq yangiliklar: