Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki O‘zbekistonda 1 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishi mumkin

Iqtisodiyot 12:03 / 14.08.2019 5846

Moliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari - moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Tszin Litsyun bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, uchrashuv boshida Tszin Litsyunga 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi doirasida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning borishi to‘g‘risida ma'lumot berildi. Infratuzilmani rivojlantirish, energetika va soliq kodeksini isloh qilish, OTB va Jahon banki ko‘magida qit'alararo transport yo‘laklarini rivojlantirish uchun «Yo‘llarni rivojlantirish strategiyasi» ni ishlab chiqish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Tszin Litsyun

Ma'lumot uchun: Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarining iqtisodiy integratsiyasini yaxshilash, shuningdek, moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 2014 yilda tashkil etilgan xalqaro moliyaviy institutdir. O‘zbekiston OIIB tashkil topganidan beri uning a'zosi.

Bugungi kunda mamlakat va bank o‘rtasidagi hamkorlik portfeli quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:

• infratuzilmani rivojlantirish;

• mintaqada atrof-muhitni muhofaza qilish;

• mintaqaviy hamkorlik va integratsiya;

• moliya sektorini rivojlantirish.

- O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi ustuvor sheriklarimizdan biridir va biz o‘zaro manfaatli shartlar asosida uzoq muddatli hamkorlik qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyormiz. Biz infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishga alohida e'tibor qaratish niyatidamiz, shu bilan birga bankni moliyalashtirishi 30 yil, xususiy sektor esa 20 yil davomida ajratiladi, - dedi Tszin Litsyun.

Tszin Litsyun loyihalarni moliyalashtirish doirasida, shuningdek, Bankning ijtimoiy sohani rivojlantirish kabi quyidagi ustuvor yo‘nalishlarini ta'kidladi: qishloq hududlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash, yo‘llarni rekonstruksiya qilish, isitish tizimlarini takomillashtirish, energetika sohasini rivojlantirish: yo‘qotishlarni kamaytirish uchun magistral elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, va mamlakatda quyosh va shamol energiyasini ishlab chiqarish kabi qayta tiklanadigan manbalar salohiyatini oshirish.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar qo‘shma loyihalarning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilishdi va 2023 yilga qadar Bankning ustuvor yo‘nalishlari doirasida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan bir qator istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Bank va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va loyihalarni ustuvorligini ta'minlash maqsadida Tszin Litsyun tahlil qilish va shu asosda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif qildi.

Ko‘proq yangiliklar: