«O‘zbekozikovkatxolding» xolding kompaniyasi raisi Tohirjon Jalilov O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlari xufiya bozori hajmini 6,8 milliard dollarga baholadi. Bu haqda Spot yozmoqda.
Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha xolding korxonalarida umumiy ishlab chiqarish hajmi 18,2 trln so‘mni tashkil etdi. Kutilishicha, yillik hajm taxminan 38 trln so‘mga teng bo‘ladi.
«Bu juda kam. O‘ylaymanki, bizda 90-100 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Kompaniyalar past ko‘rsatkichlar qayd etilgan hisobotlarni taqdim etadi. Korxonalar esa kuniga 24 soat ishlayapti. Qolgan mahsulotlar qayerga ketyapti? Bozorga chiqarilmoqda, masalan, «O‘rikzor»ga, naqd pulga. Albatta, bularning barchasi hech qayerda hisobga olinmaydi», - dedi Tohirjon Jalilov.
Xolding rahbarining ta'kidlashicha, kompaniya xufiya iqtisodiyotga qarshi kurashni tadbirkorlar yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash orqali amalga oshirmoqchi.
Ma'lumot uchun: xufiya iqtisodiyot - ishtirokchilar tomonidan oshkora olib borilmaydigan, davlat va jamiyat tomonidan nazorat qilinmaydigan, soliqlar to‘lanmaydigan, rasmiy davlat statistikasida qayd etilmaydigan iqtisodiy jarayonlar, iqtisodiy faoliyat turlari.
Yashirin iqtisodiyot oshkora payqab bo‘lmaydigan tovarlar va xizmatlarni ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash, iste'mol jarayonlari - iqtisodiy munosabatlar bo‘lib, uning negizida ayrim kishilar yoki kishilar guruhi manfaatlari yotadi. Yashirin iqtisodiyot dunyoning deyarli hamma mamlakatlarida mavjud.