Markaziy bank 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalar hamda banknotlarni muomaladan qaytarib oladi 

Iqtisodiyot 13:06 / 08.08.2019 17995

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalar va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasida muomalaga chiqarilgan 1994 yil namunasidagi 1 tiyin, 3 tiyin, 5 tiyin, 10 tiyin, 20 tiyin, 50 tiyin, 1997 yil namunasidagi 1 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 1999 yil namunasidagi 5 so‘m, 25 so‘m, 2000 yil namunasidagi 1 so‘m, 10 so‘m, 2001 yil namunasidagi 5 so‘m, 10 so‘mlik tangalar, shuningdek 1994 yil namunasidagi 1 so‘m, 3 so‘m, 5 so‘m, 10 so‘m, 25 so‘mlik banknotlar:

2006 yildan buyon zarb qilinmayotganligi va bosib chiqarilmayotganligini;

bugungi kunda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va aholi o‘rtasida, jumladan chakana savdo va aholiga pullik xizmat ko‘rsatish sohasida, naqd puldagi hisob-kitoblar va to‘lovlarda ulardan umuman foydalanilmayotganligini;

tovar va xizmatlarning amaldagi narxlari darajasini hisobga olgan holda hamda muomaladagi naqd pullarning nominal qatorini ixchamlashtirish maqsadida mazkur nizom ishlab chiqilgan.

Mazkur eski namunadagi tangalar va banknotlar 2019 yil 1 dekabrdan boshlab qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi.

Muomaladan qaytarib olinadigan eski namunadagi tangalar va banknotlarning ayirboshlash muddati 2021 yil 1 yanvargacha belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Bosh boshqarmalari (MBBB) Hisob-kitob kassa markazlari, tijorat banklari va ularning filiallari mijozlari va aholi tomonidan topshirilgan eski namunadagi tangalar va banknotlar belgilangan muddatga (2019 yil 1 dekabrga) qadar:

- mijozlarning tegishli hisobvaraqlariga, fuqarolarning arizasiga asosan omonatga kirim qilinishi;

- kommunal va boshqa bir martalik to‘lovlar uchun qabul qilinishi;

- bank plastik kartochka hisobvaraqlariga o‘tkazib berilishi;

- muomaladagi tanga va banknotlarga ayirboshlab berilishi mumkin.

2019 yil 1 dekabrdan boshlab (2019 yil 1 dekabrdan – 2021 yil 1 yanvarga qadar) qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotgan eski namunadagi tangalar va banknotlar faqat MBBB Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan almashtirib beriladi.   

Tijorat banklari filiallarida eski namunadagi tangalar va banknotlarni sanab-saralash, qimmatliklarni tashish ishlari Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami: 3028, 2018 yil 29 iyun) talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

MBBB Hisob-kitob kassa markazlari, tijorat banklari filiallarida mavjud bo‘lgan eski namunadagi tangalar va banknotlar quyidagicha shakllantiriladi.

Markaziy bankning 1994 yil namunasidagi 1 tiyinlik, 3 tiyinlik, 5 tiyinlik, 10 tiyinlik, 20 tiyinlik, 50 tiyinlik tangalari alohida har birida 100 donadan solingan qoplarda;

Markaziy bankning 1997 yil namunasidagi 1 so‘mlik, 5 so‘mlik, 10 so‘mlik, 1999 yil namunasidagi 5 so‘mlik, 25 so‘mlik, 2000 yil namunasidagi 1 so‘mlik, 10 so‘mlik, 2001 yil namunasidagi 5 so‘mlik, 10 so‘mlik tangalari alohida har birida 1000 donadan solingan qoplarda;

Markaziy bankning 1994 yil namunasidagi 1 so‘mlik, 3 so‘mlik, 5 so‘mlik, 10 so‘mlik, 25 so‘mlik banknotlar qiymatiga qarab 100 donadan dastalab, 10 ta dastadan iborat bo‘lgan bog‘lamlarda shakllantiriladi.

Qiymati va toifalari bo‘yicha to‘liq shakllantirilgan tangali qoplar va to‘liq bog‘lamdagi banknotlar tijorat banklari filiallarining buyurtmasiga muvofiq MBBBning farmoyishiga asosan inkassatsiya xizmati orqali Hisob-kitob kassa markazlariga jo‘natiladi.

Eski namunadagi tangalar va banknotlar to‘lov vositasi bo‘lib hisoblanishi bo‘yicha belgilangan muddat tugaganidan so‘ng tijorat banklari filiallarida to‘liq bo‘lmagan holda shakllantirilgan bog‘lamlar ham MBBB Hisob-kitob kassa markazlariga jo‘natilishi lozim.

MBBB Hisob-kitob kassa markazlaridagi va tijorat banklari filiallaridan qabul qilgan eski namunadagi tangalar va banknotlar belgilangan tartibda qayta sanaladi.

Qayta sanash jarayonida aniqlangan kamomad va ortiqcha qo‘yilmalar bo‘yicha dalolatnoma tuziladi va rasmiylashtiriladi.

MBBB Hisob-kitob kassa markazlarida eski namunadagi tangalar va banknotlar qiymati bo‘yicha alohida dastalanib hamda to‘liq bog‘lamlar shakllantirilib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining inkassatsiya xizmati orqali Markaziy bankning Toshkent shahar Bosh boshqarmasi Hisob-kitob kassa markaziga olib kelib topshiriladi.

Eski namunadagi tangalar va banknotlarning ayirboshlash muddati tugaganidan so‘ng 1 oy muddat ichida MBBB Hisob-kitob kassa markazlaridagi barcha eski namunadagi tanga va banknotlar Markaziy bankning Toshkent shahar Bosh boshqarmasi Hisob-kitob kassa markaziga jo‘natilishi shart.

Belgilangan muddatga qadar MBBB Hisob-kitob kassa markazlari (2021 yil 1 yanvargacha), barcha tijorat banklari va ularning filiallari (2019 yil 1 dekabrgacha) mijozlar, shu jumladan aholi tomonidan topshirilgan eski namunadagi tangalar va banknotlarni hech qanday moneliksiz, cheklovlarsiz qabul qilishlari va hech qanday to‘lov yoki vositachilik haqi undirilmagan holda ular bo‘yicha hisob-kitob qilishlari shart.

Markaziy bankning eski namunadagi tangalar va banknotlar bo‘yicha hisob-kitoblar mazkur Nizomning 3-4-bandlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Tijorat banklari filiallari tomonidan fuqarolardan bank kassalariga qabul qilingan eski namunadagi tangalar va banknotlar bo‘yicha hisob-kitoblar:

ustuvor ravishda, fuqarolarning bank plastik kartasi hisobvarag‘lariga kirim qilinishi orqali (to‘liq qiymatda bank kartalariga o‘tkaziladi);

bank plastik kartasi mavjud bo‘lmagan holda, muomaladagi tangalar va banknotlarga almashtirib berish orqali amalga oshiriladi.

Naqd ko‘rinishda ayirboshlab berilganda eski namunadagi tangalar
va banknotlar miqdorining 1 tiyindan 49 so‘m 99 tiyingacha bo‘lgan qismi, naqd puldagi to‘lovlar uchun eng kichik qiymatdagi pul belgisi 2018 yil namunasidagi 50 so‘mlik tanga bo‘lib qolayotganligini inobatga olib, yaxlitlagan holda ayirboshlanadi. Bunda:

- 1 tiyindan 24 so‘m 99 tiyingacha bo‘lgan tangalar va banknotlar qiymati, 0 so‘mga tenglashtirilgan holda;

- 25 so‘mdan 49 so‘m 99 tiyingacha bo‘lgan tangalar va banknotlar qiymati, 50 so‘mga tenglashtirilgan holda yaxlitlanadi (Misol uchun: 257 (257-250=7≈0)≈250 so‘m, 474 (474-450=24≈0)≈250 so‘m, 376 (376-350=26≈50)≈400 so‘m, 586 (586-550=36≈50)≈400 so‘m). 

Eski namunadagi tangalar va banknotlarni yaxlitlanadigan qismi bo‘yicha norozi bo‘lgan fuqarolar ushbu miqdorni o‘zida qoldirishi mumkin.

Eski namunadagi tangalar va banknotlarni ayirboshlash ishlari oqibatida vujudga keladigan farqlar bankning boshqa aktivlari va/yoki majburiyatlarining alohida hisobvarag‘larida hisobga olinadi.

Ko‘proq yangiliklar: