O‘zbekistonda 1996 yildan keyin proteksionizm, iqtisodiy jarayonlar ustidan nazoratga asoslangan iqtisodiyot modeli erkin iqtisodiy faoliyatga nisbatan sanoqsiz taqiq va cheklovlar hamda pora evaziga korrupsiyalashgan amaldorlar tomonidan beriladigan cheksiz imtiyoz va preferensiyalar to‘plami bilan muvofiqlikda tarix sahnasini tark etishni aslo istamayapti.
1930-yillar boshida AQShda «quruq qonun»ni bekor qilmoqchi bo‘lishganida OAVda bunday qilish aslo mumkin emasligi, spirtli ichimliklar millat salomatligi uchun zararli ekanligi haqida turkum maqolalar chop etilgandi. Maqolalar uchun pulni spirtli ichimliklar savdosi taqiqi ortidan katta mablag‘ ishlayotgan va bu taqiqlar saqlanishidan manfaatdor mafiya to‘lagandi.
Hozir ham xuddi shunday bo‘lyapti. Eski model ortidan kun kechirganlar islohotlarga, o‘zlari odatlanib qolgan daromadli boquvchilaridan ajralishga aslo rozi bo‘lishmayapti. Ular saqlanib qolishi uchun hamma narsaga tayyorlar. Yuqori mansablarda o‘tirib olib, ular nafaqat o‘tkazilayotgan islohotlarni sabotaj qilishyapti, balki ularni mafkura darajasiga ko‘tarishyapti.
Shu kunlarda bir vaqtning o‘zida qator nashrlarda qandaydir iqtisodchi Viktor Mirzayevning «Fritreyderlar» «proteksionistlar»ga qarshi» deb nomlangan maqolasi tarqaldi. Maqolasi chiqquniga qadar bu «iqtisodchi» haqida hech eshitmagandik. Harholda internetda bunday ism-sharifli muallif haqida hech gap yo‘q. Nashrlarning o‘zi ham u haqida hech narsa demagan. Qo‘rqmasdan taxmin qilish mumkinki, u soxta.
Endi maqolaga kelsak. Aslida bu yerda muhokama qiladigan narsa yo‘q. Maqola iqtisodiyot fani nuqtai nazaridan mutlaqo savodsizlarcha yozilgan va yolg‘onga asoslangan. Lekin baribir urinib ko‘ramiz...
Maqola proteksionizm va uni maqtashga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, muallif uning nimasini maqtash kerakligini hatto o‘ylab ham ko‘rmaydi. Uning izohi o‘ta sirpanchiq, uni har qanday vaziyatga nisbatan qo‘llash mumkin: «mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish». Bu «izoh»dan foydalanib, proteksionizm har doim bo‘lgan va milliy davlatlar mavjud ekan, bundan buyon ham bo‘ladi deb bemalol aytish mumkin. Har qanday ongli davlat o‘z ishlab chiqaruvchilarini reyderlik hujumlaridan, mulkchilik huquqi buzilishidan, turli «bosh aylantirishlar»dan himoya qilib kelgan va himoya qiladi. Bu – davlatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyati. Mazkur atama shunday erkin va keng talqin qilinadigan bo‘lsa, u holda «proteksionizm»ga qarshi bo‘lgan har qanday inson ahmoq hisoblanadi.
Proteksionizm aslida milliy ishlab chiqaruvchilarni xorij mahsulotlari va ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatdan himoya qilish. Agar istasak, xalqaro savdoni tartibga solish bo‘yicha: jahon bozoridan to‘liq izolyatsiya qilishdan tortib (Shimoliy Koreya) biror mahsulot uchun boj tarifini 1dan 2 foizga oshirishgacha deyarli har qanday chorani proteksionizm deb atashimiz mumkin. Bular aslida mutlaqo boshqa-boshqa holatlar. Ammo proteksionizmni sevuvchilar o‘zlarini bu tafovutlarni tushunmayotgandek tutishadi: «Donald Tramp qilayotgan ish proteksionizmmi? Proteksionizm. Islom Karimov qilgan ish proteksionizmmi? Proteksionizm. Demak, Tramp Karimovning shogirdi va biz 20 yil davomida qilib kelgan ish to‘g‘ri bo‘lgan».
Bunday demagogiya va tushunchalarni almashtirish bilan yosh bolani aldash mumkin. Ammo aholimizning iqtisodiy savodxonlik darajasi yuqori emasligi hisobga olinsa, afsuski, mana shunday safsataga aldanib qolinyapti.
Maqola muallifi yanada chuqurroq kirib boradi: u proteksionizm deganda hukumatning deyarli har qanday iqtisodiy siyosatini tushunadi. Unga bu nima uchun kerak? «Buyuk Britaniyaning olamshumul qudrati uning proteksion siyosati bilan birgalikda butun XIX asr davomida uning iqtisodiy farovonligi asosi bo‘ldi», «AQShda esa XIX asr o‘rtalaridan XX asr o‘rtalarigacha davom etgan proteksionizm siyosati unga nafaqat ishlab chiqarishni o‘stirish, balki jahonda 1-raqamli sanoat davlati aylanishiga imkon berdi» kabi bayonotlar berish uchun.
Buyuk Britaniya va AQShdagi proteksionizm aynan nimaga asoslangandi? Ular mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilganmidi (muallifning proteksionizmni keng tushunishi bo‘yicha)? Bojxona to‘lovlarini oshirganmidi (qachon, necha foizga)? Yoki Shimoliy Koreyaga o‘xshab xalqaro savdodan yopilib olganmidi? Muallif bu savollarga javob bermaydi. Shuning uchun uning Buyuk Britaniya, AQSh va boshqa davlatlar proteksionizm (ushbu atamaning umume'tirof etilgan tushuncha bo‘yicha) tufayli boy va farovon bo‘lgani – butunlay safsata. Harholda bu ta'kidlarning isboti keltirilmagan. Muallif shunchaki biz uning so‘zlariga ishonishimiz kerakligini aytgan.
Agarda u Yer tep-tekis va koinot markazida joylashgan desa ham ishonishimiz kerakmi? Yoki ayollarimiz proteksionizmsiz tug‘a olishmaydi desa ishonaylikmi? Hech qanday dalil talab qilmaymizmi?
Aslida importga nisbatan to‘siq ko‘rinishidagi (bojxona bojlari, notarif to‘siqlar) proteksionizm barcha davlatlarda hozirgacha mavjud. Proteksionizm tanqidchilari bunday to‘siqlarni butunlay yo‘q qilish uchun emas, balki «oqilona» darajagacha qisqartirish uchun kurashishadi. To‘siqlar qachon oqilona bo‘ladi? Qachonki raqobat cheklanmaganida, milliy ishlab chiqaruvchilar bozorda o‘z shartlarini qo‘yadigan monopoliyachi-devlarga aylanmaganida.
Bizning achinarli proteksion tajribamiz esa bunday siyosat nimalarga olib kelishining yaqqol namunasidir: iqtisodiyot degradatsiyasiga, aholi yashash darajasi pasayishiga, aviatashuvlardan tortib avtomobilsozlikkacha bo‘lgan ko‘plab bozorlarning monopollashuviga. Bu misollarni iqtisodiy siyosatni qanday tarzda amalga oshirmaslik kerakligiga namuna sifatida iqtisodiy darsliklarga kiritib qo‘yish mumkin.
Mamlakatimizdagi proteksionizmga qarshi bo‘lganlar farzandlarimiz va nabiralarimizni kelajakdan mahrum etadigan bunday aqlsizlikdan voz kechishni taklif etishmoqda. Evaziga esa-chi? Bizga proteksionizm tufayli mamlakatlar boyib ketishi haqida ertak aytishmoqda. Bu yolg‘on! Proteksionizm tufayli davlatlar boy bo‘lmaydi, balki kambag‘allashadi, to‘g‘rirog‘i, kambag‘alligicha qoladi. Bunga bizning eng yangi tariximiz yaqqol misol bo‘la oladi.
«Viktor Mirzayev» o‘z fikrlarini isbotlash uchun mutlaqo o‘xshamagan argumentlarni keltiradi. Aytilishicha, erkin raqobat holatida mahalliy ishbilarmonlar «narx-sifat» nisbatida xorij kompaniyalari bilan tengma-teng raqobat qilolmas ekan» (qiziq, qachon raqobat qila olishadi, yigirma yildan ortiq vaqt yetmadi, yana qancha vaqt kerak?). «Natijada xorijlik tadbirkorlar o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchini siqib chiqarishadi va bozorlarni o‘z mahsulotlari bilan to‘ldirib tashlaydi… Bunda yetakchi o‘rinni Xitoy va qo‘shni davlatlardan keltiriladigan sifati past arzon mahsulotlar egallaydi» (qiziq, yaqin-yaqingacha Abu Saxiy tizimi orqali Xitoy mahsulotlari O‘zbekistonga muammosiz keltirilganida nima uchun bunday bo‘lmadi?). Va voqelikka hech qanday aloqasi bo‘lmagan «tarixiy misollar» keltiriladi.
Zo‘raki «iqtisodchi» to‘lov balansi nima ekanligini va bozor iqtisodiyotida tashqi savdo oqimlari qanday tartibga solinishini yoki tushunmaydi yoki o‘zini tushunmaganlikka soladi. Aslida esa bu oddiy arifmetika. Agarda mahsulotlarimiz raqobatbardosh bo‘lmasa, peshtaxtalarimizni to‘ldirib tashlaydigan import mahsulotlarni olib kirish uchun pulni qayerdan olamiz? Biror narsa sotib olish uchun avval nimanidir sotish kerak. Ammo «iqtisodchi»miz shunday oddiy narsalarni ham tushunmaydi. Aftidan, tushunish foyda keltirmasa kerak.
Proteksionizmdan voz kechsak import mahsulotlar nima uchun oqib kirmasligi to‘g‘risida batafsil «Salbiy savdo balansidan qo‘rqish kerakmi?» va «Dollar kursiga nima bo‘lyapti, u nimaga tushmoqda va buyog‘iga nima qilish kerak?» degan maqolalarimda o‘qishingiz mumkin.
Muallifning O‘zbekiston proteksionizm siyosatidan voz kechsa «kelgusida «banan respublikasi»ga yoki yirik transmilliy o‘yinchilar uchun xomashyo yetkazib beruvchiga aylanib qolishi mumkin»ligi to‘g‘risidagi xavotiri ayniqsa hayratga soladi. Qiziq, yigirma yildan ortiq vaqt davom etgan proteksionizm siyosatidan keyin kimga aylandik? Buyuk sanoat davlatigami? «Banan respublikasi»gamasmi? Umuman, muallif bizning eksport strukturasi bilan tanishmi? Eksportda xomashyo mahsulotlari ulushi qanchaligini biladimi? Bilmaydi, deb qo‘rqaman...
Va oxirgisi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish haqida. Himoya qilish kerak. Faqat: kimdan va qanday tarzda? Ularni birinchi navbatda yuqori soliqlar va ma'muriy to‘siqlar, noteng o‘yin qoidalari yaratish, mulk huquqini buzish orqali biznesni o‘ldirayotgan amaldorlardan himoya qilish kerak. Buning uchun esa «Viktor Mirzayev» jon-jahdi bilan himoya qilayotgan iqtisodiyotning eski modelini buzib tashlash kerak. Bunda davlat rostdan ham mahalliy ishlab chiqaruvchilarni nafaqat raqobatni buzmasdan, balki biznes yuritish xarajatlarini pasaytirib, infrastruktura va inson kapitaliga sarmoya kiritib, sud tizimi samaradorligini oshirib, korrupsiya va amaldorlarning biznesga aralashishiga qarshi kurashib, samarali raqobat muhiti yaratib va oqilona valuta siyosatini olib borib himoya qilishi kerak.
Shunday ekan, proteksion, korrupsion eski model yoki raqobat va mulk huquqini himoya qilishga asoslangan innovatsion rivojlanish modelidan birini tanlash kerak. Aslida qaysi birini tanlash aniq. Faqat «biz» uchun va «ular» uchun tanlovlar turlicha. Chunki «ular»ning va «biz»ning manfaatlarimiz bir-biriga qarama-qarshi.
Yuliy Yusupov, mustaqil ekspert.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.