Bugun, 4 avgust kuni “Forish” tog‘ poligonida V Xalqaro armiya o‘yinlari doirasi O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilayogan “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/b3y4Dfy7WJPMQJWOfoKvVX835FFLBzm7.jpg)
![](https://storage.kun.uz/source/4/fnr47SDZ3F0BfyoPffdMYt-cbw5l-Nzd.jpg)
Unda O‘zbekiston Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev hamda uning o‘rinbosarlari, okrug qo‘mondonlari, Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari armiya-generali Timur Ivanov, turli davlatlardan kelgan harbiy attashelar, OAV vakillari hamda estrada yulduzlari ishtirok etdi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/lKxqHUR2Ybaqog_Oe2dLdiMHrVcbkCVo.jpg)
![](https://storage.kun.uz/source/4/902IjpcJRDkN-Gxsc_UG3e8qF1nptiKY.jpg)
Bahodir Qurbonov birinchi bor O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovini ochib berdi va musobaqa ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilab, eng kuchli jamoa g‘olib chiqishiga tilak bildirdi:
“Avvalambor aziz mehmonlarimiz, harbiy-tibbiy estafetasi qatnashchilarini bizning mehmondo‘st diyorimiz va serquyosh yurtimiz — O‘zbekistonda samimiy qutlamoqchiman. Bugun biz o‘z mahoratini, harbiy xizmatga zarur bo‘lgan eng oliy sifatlarini: malaka, qat'iy xarakter, professionallik va intizom, uyg‘unlikda va aniq harakatlana olish hamda haqiqiy jangovar vaziyatda nafaqat muvaffaqiyat, balki birinchi navbatda insonlarning hayoti va sog‘ligini belgilovchi tezda qaror qabul qilish qobiliyatini namoyon etadigan harbiy-tibbiyot professionallari bellashuviga start bermoqdamiz.
Shubhasiz, barcha qatnashuvchilar munosib tarzda sinovlardan o‘tib, o‘zlarining yuqori professional mutaxassislar ekanliklarini yana bir bor tasdiqlaydilar.
Ijozatingiz bilan O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazilayotgan ArMI—2019 Harbiy-tibbiy estafetasiga “start” berib, uni ochiq deb e'lon qilaman!”
![](https://storage.kun.uz/source/4/oBERWNktxkvVz7G-DRJT4l2lU8Qo0Tws.jpg)
![](https://storage.kun.uz/source/4/L0Tn1qM-shIEVxVJQcmdS1K0BIDugg1n.jpg)
Dastlab Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan harbiy qo‘shiqlardan iborat defile tantanali marosimni ochib berdi. Ko‘rgazmali chiqishlar va konsert dasturlari marosimga o‘zgacha kayfiyat baxsh etdi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/g8W4tB6OYJO1N5-olR909cPovUrTT-qG.jpg)
Joriy yilgi “ArMI–2019” musobaqalari rekord darajadagi ishtirokchilarni – 36 davlatdan 217 ta jamoaning 5 mingdan ziyod harbiylarini o‘z ichiga qamrab oldi. Debyutant mamlakatlar sifatida bu gal maydonlarda Iordaniya, Kambodja, Kongo va Mali respublikalari, Kuba va Shri-Lankadan kelgan harbiylar kuch sinashadi.
NATO mamlakatlari ham “ArMI” o‘yinlariga katta qiziqish bildirgan bo‘lib, joriy yilda AQSh, Fransiya, Turkiya va Slovakiya kabi davlatlar vakillari kuzatuvchi maqomida qatnashadi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/MaD2c-3bWcKZ2iOmucIjzKaQc6cLEyt3.jpg)
![](https://storage.kun.uz/source/4/5dTfiusotbMQhb2vhmxknrb9j27l5s-T.jpg)
“ArMI – 2019” o‘yinlari jami 31 ta tanlovdan iborat bo‘lib, ulardan 16 tasi Rossiyada, to‘rttasi Xitoyda, uchtasi Qozog‘istonda, Belarus va Eronda ikkitadan hamda Armaniston, Ozarbayjon, Hindiston, Mo‘g‘uliston va O‘zbekistonda bittadan tanlovlar o‘tkaziladi.
![](https://storage.kun.uz/source/4/R5hxwJVJdzkVbIzYVQOVtSFwUH-cs8YV.jpg)