AQSh federal savdo komissiyasi (FTC) monopoliyaga qarshi surishtiruv doirasida Facebook boshqa kompaniyalarni qanday maqsadda sotib olganini tekshiradi, deb yozadi The Wall Street Journal. Nashrning qayd etishicha, FTC Facebook ehtimoliy raqobatchilardan qutulish va raqobatga to‘sqinlik qilishni rejalashtirmaganiga ishonch hosil qilmoqchi.
Facebook o‘tgan haftada komissiya tekshiruv olib borayotganini xabar qilgan, ammo tafsilotlarni ma'lum qilmagandi. Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, tekshiruvda asosiy e'tibor kompaniya xaridlariga qaratiladi.
Hozirda FTC xodimlari ma'lumotga ega bo‘lish uchun Facebook sotib olgan kompaniyalarning asoschilari bilan bog‘lanmoqda. Ular Facebook va uning bosh direktori Mark Tsukerberg texnologik startaplarni ular keyinchalik ijtimoiy tarmoqqa raqobatchilik qilmasligi uchun sotib olgan-olmaganini aniqlamoqchi.
S&P Global kompaniyasining ma'lumot berishicha, keyingi 15 yil ichida Facebook 90ga yaqin kompaniyani sotib olgan.