«Jizzax» EIZ hududi kengaytiriladi 

Iqtisodiyot 14:49 / 03.08.2019 6484

Vazirlar Mahkamasining “Jizzax viloyatida tadbirkorliknn rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va sanoat ishlab chiqarishini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Jizzax viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining muvofiq yer uchastkalari hisobiga “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududini kengaytirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilab qo‘yilishicha:

“Jizzax” EIZ hududi kengaytirilishi munosabati bilan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “Jizzax” EIZ qatnashchilari tomonidan qoplanadi;

qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarini qoplashdan tushgan mablag‘lar yangi yerlarni o‘zlashtirish va sug‘oriladigan yerlarni kompleks rekonstruksiya qilish uchun maqsadli sarflanadi. 

Jizzax viloyatidagi foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va davlat mulki obektlari negizida tashkil etiladigan kichik sanoat zonalari ro‘yxati tasdiqlandi.

Belgilab qo‘yilishicha:

Jizzax viloyati kichik sanoat zonalari hududida joylashgan davlat ko‘chmas mulki tadbirkorlik sub'yektlariga 5 yilga uzoq muddatli ijaraga beriladi, keyinchalik biznes-rejalarni bajarish, ish o‘rinlari tashkil etish va saqlash, barcha turdagi soliqlarni hamda boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash sharti bilan mulk huquqi beriladi;

kichik sanoat zonalari hududida joylashgan davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganligi uchun ijara muddati davrida ijaraga berilgan maydonda amalga oshiriladigan faoliyat turiga qarab, ortib boruvchi koeffitsiyentlar qo‘llaniladi, ijara to‘lovining eng kam stavkalari belgilanadi.

Jizzax viloyat hokimligi:

a) bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga “Jizzax” EIZ hududining chegaralarini aniqlash va belgilash to‘g‘risida Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

b) bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Transport vazirligi, “O‘ztransgaz” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda “Jizzax” EIZning kengaytiriladigan hududida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

v) ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari hisobiga “Jizzax” EIZ hududining bosh rejasi ishlab chiqilishini ta'minlaydi;

g) Jizzax viloyatidagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma'muriy kengashi bilan birgalikda Jizzax viloyatidagi “Jizzax” EIZ va kichik sanoat zonalari hududida loyihalar doirasida obektlarni qurish yoki modernizatsiya qilish va o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha tasdiqlangan investitsiya loyihalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda tizimli nazorat qilinishini ta'minlaydi;

d) bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda ko‘rsatilgan Jizzax viloyati kichik sanoat zonalari hududining arxitektura rejasi ishlab chiqilishini ta'minlaydi;

ye) ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda investorlar bilan ishlash va barcha aloqador davlat tuzilmalarining ishlarini “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha muvofiqlashtirish, shu jumladan, Jizzax viloyati erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hududlaridan tashqarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi ta'sirchan mexanizmni tashkil etishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Ko‘proq yangiliklar: