Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev va boshqa mulozimlarga sud hukmi o‘qildi

O‘zbekiston 20:13 / 02.08.2019 149154

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yopiq sud majlisida Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev va uning sheriklariga nisbatan sud hukmi o‘qilgan. Bu haqda Kun.uz manbasi ma'lum qilmoqda.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, T.Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167- («o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish»), 206- («hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chiqish»), 210- («pora olish») va 243- («jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish») moddalari bilan aybdor deb topilgan hamda 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

T.Jo‘rayevning o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev JKning 210-moddasi bilan aybdor deb topilib 10 yilga, viloyat hokimligi bosh mutaxassisi Bahodir Xo‘jaqulov JKning 206-, 210-, 243-moddalari bilan ayblanib 7 yilga, mutaxassis Botir Abdullayev JKning 210- va 243-moddalar bilan 7 yilga qamalgan bo‘lsa, To‘lqin Sulaymonovga 210- va 243-moddalar bilan bilan 5 yilga ozodlikdan cheklash jazosi hamda eng kam ish haqining 300 barobari miqdoridagi jarima tayinlangan.

Kun.uz ma'lumotiga ko‘ra sudning yakuniy hukmi e'lon qilingunga qadar ozodlikda yurgan O‘.Abdullayev bugun sud zalidan qamoqqa olingan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, tergov materiallarida «Jinoiy guruh rahbari» deya ko‘rsatilgan Turobjon Jo‘rayev Samarqand shahrida ko‘p qavatli turar joylar qurish uchun pudratchilardan jami 2 mln 140 ming AQSh dollari miqdorida pora olgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 13 iyulida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining «Feysbuk»dagi sahifasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar yirik korrupsion sxemaga chek qo‘ygani haqidagi lavha e'lon qilingan edi.

2018 yil 24 dekabrda Samarqand viloyati sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayevga nisbatan tergov yakunlanib, ish sudga oshirilgani xabar qilingan edi.

O‘z vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri lavozimida ishlagan Turobjon Jo‘rayev Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga ham rahbarlik qilgan. 2008 yildan 2011 yilgacha u Surxondaryo viloyati hokimi bo‘lgan. 2011 yilda uni qo‘shni Qashqadaryo viloyatiga o‘tkazishgan. 

2013 yilning sentyabrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti I.Karimov T.Jo‘rayevning faoliyatini keskin tanqid ostiga olib, uni Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimidan bo‘shatgan edi.

Shundan so‘ng T.Jo‘rayev uzoq vaqt rahbarlik lavozimida ishlamagan. O‘shandayoq u korrupsiya va poraxo‘rlikda ayblangan edi. Biroq, 2017 yilning aprelida T.Jo‘rayev Toshkent viloyatining Bekobod tuman hokimi lavozimiga tayinlandi.

Oradan bir oycha vaqt o‘tgach, 2017 yilning iyunida unga O‘zbekistonning tashrif qog‘ozi bo‘lmish Samarqand viloyati rahbarligi ishonib topshirildi. Turobjon Jo‘rayev viloyatda tanish-bilishchilik o‘rnatib, pul ta'ma qilishni boshlab yuborgan. Tergov davomida Turobjon Jo‘rayevning o‘zi hech narsani rad etmagan. Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev va hokimlikning yana ikki xodimi qurilishga oid turli firibgarliklarda ishtirok etishgan.

Ko‘proq yangiliklar: