Parvozi balandlayotgan «Bunyodkor» va Navoiyda 5ta gol urgan «Paxtakor» – Superligada 15-tur yakunlari

Sport 13:06 / 02.08.2019 11698

30-31 iyul kunlari O‘zbekiston chempionatida 15-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Turnir jadvali yetakchisi «Paxtakor» Navoiyda «Qizilqum» mehmoni bo‘lib, yirik hisobda g‘alaba qozondi va chempionlik uchun navbatdagi qadamini tashladi. O‘z maydonida «Dinamo»ni yenggan «Lokomotiv» esa 2-o‘rinda qoldi. Quyida turning qiziqarli voqealarini eslaymiz.

27-soniyada gol, penalti yana Murod oldida ojiz. Baqoyev jamoasi dadil odimlamoqda

Turning ochilish o‘yini Qo‘qonda o‘tkazildi. O‘z maydonida Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasini qabul qilgan «Qo‘qon-1912» 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ulug‘bek Baqoyev jamoasi davralar oralig‘ida Jasur Hasanov va Ivan Nagayev kabi kuchli futbolchilar bilan kuchaydi. Bu esa o‘z samarasini bermoqda. Ikkinchi davraning ochilish o‘yinida Babayanning «Lokomotiv»ini mag‘lub etgan jizzaxliklar bu gal Qo‘qonda g‘alaba qozonishdi.

O‘tgan o‘yinda Jasur Hasanovning ajoyib harakatlari «So‘g‘diyona»ga «Lokomotiv» ustidan g‘alaba keltirgandi, bu gal yana bir yangi futbolchi Ivan Nagayev «So‘g‘diyona» g‘alabasiga hissa qo‘shdi. Ivan 27-soniyadayoq gol urib, jizzaxliklarni hisobda oldinga olib chiqqandi. Ko‘p o‘tmay Murod Xolmuhammedov penaltini golga aylantirib (odatdagidek) farqni tikladi, ammo g‘alaba golini «So‘g‘diyona»ning gruziyalik legioneri Kaxi Maxaradze urdi. Baqoyev pul bor joyda yaxshi ishlashini «Buxoro»da ko‘rsatgandi. Hozir «So‘g‘diyona»da pul bor, yaxshi futbolchilar ham, shu bois jamoadan yaxshi natijalar kutish mumkin.

«Lokomotiv» bir kishi kam o‘ynagan «Dinamo»ni penaltidan gol urib yengdi. Fayziyev jamoasida ketma-ket uchta penalti, ketma-ket uchta mag‘lubiyat...

Davralar oralig‘ida Toshkentda yig‘in o‘tkazgan Samarqandning «Dinamo» jamoasi ikkinchi davraning dastlabki ikki o‘yinini ham poytaxtda o‘tkazdi. O‘tgan turda «Bunyodkor»ga mag‘lub bo‘lgan samarqandliklar bu gal «Lokomotiv»ga imkoniyatni boy berishdi. Davron Fayziyev shogirdlari so‘nggi uchta o‘yinda mag‘lub bo‘lishmoqda: ikki marta «Bunyodkor»ga, bir marta «Lokomotiv»ga. Bu uch o‘yinda «Dinamo» darvozasiga uch marta penalti belgilandi.

«Lokomotiv» - «Dinamo» o‘yini taqdiri ham amalda penaltidan kiritilgan gol evaziga hal bo‘ldi. Akobirxo‘ja Shukrullayev poytaxtliklar yarimhimoyachisi Oston O‘runov jarima maydonchasiga kira sola yiqilgani uchun penalti belgiladi. Bu esa mehmon muxlislarning keskin e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Hakam qo‘shimchasiga 76-daqiqasida samarqandliklarning asosiy futbolchilaridan biri Jasur Azimovni maydondan chetlatdi. Temurxo‘ja Abduxoliqov bilan ikki marta to‘qnashib, ikki safar ham ogohlantirilgan Azimov maydonni erta tark etdi.

Hakam tomonidan qo‘shib berilgan 3-daqiqada esa Medina Smit Babayan jamoasidagi debyut o‘yinidayoq golini nishonladi. Shu tariqa, «Lokomotiv» 2-o‘ringa mustahkam joylashdi. «Dinamo» ketma-ket uchinchi mag‘lubiyatdan so‘ng 9-o‘ringa tushib ketdi. Birinchi davra kashfiyoti «Dinamo»ni «xavfli hudud»dan 7 ochko ajratib turganini inobatga olsak, Fayziyev jamoasi keyingi o‘yinlarda ochko olmasa, ahvol qiyinlashadi.

«Paxtakor» «Qizilqum»ga «atigi» 5ta gol urdi. Hamdamovdan shedeveral uzatma, ochilayotgan Sergeyev, bir-biri bilan gol almashgan markaziy himoyachilar

Image

15-turining eng yirik hisobi kutilganidek Navoiyda qayd etildi. So‘nggi yillardagi o‘zbek futbolining eng kuchli jamoasiga aylangan deb bemalol aytish mumkin bo‘lgan «Paxtakor» birinchi davrada 8:0 hisobida mag‘lub etgan raqibi «Qizilqum» mehmoni bo‘ldi. Ammo Arveladze shogirdlari bu gal navoiyliklarni biroz ayab, «atigi» 5ta gol urish bilan kifoyalanishdi. Igor Sergeyev dubl qayd etdi. «Paxtakor» shu kuni juda chiroyli o‘yin ko‘rsatganini aytish kerak. Ayniqsa, Doston Hamdamov qatnashgan ikkita gol ajoyib chiqdi.

Doston gol urgan vaziyatda Farrux Sayfiyev orqali rivojlangan hujumdan so‘ng to‘p chap qanot himoyachisi orqali Hamdamovga kelib tushdi va u talato‘p orasidan to‘pni chiroyli tarzda o‘tkazib, darvozaga yo‘lladi. Sergeyevning ikkinchi golida esa Doston 6 nafar raqib futbolchisi orasidan zargarona to‘p uzatishini amalga oshirdi. Igor esa haqiqiy hujumchilarga xos kuchli zarba bilan gol urdi.

Bu o‘yinda «Paxtakor» chempionlik tomon yana bir qadam tashladi.

«Armanlarda doim variant bo‘ladi». Abramov jamoasi Minskdan qaytgach, 2ta o‘yinda 7ta gol urdi. Qahramonov qahramon bo‘ldi

«Bunyodkor»ga Abramovning murabbiy bo‘lgani ko‘pchilik tomonidan iliq kutib olingandi. Mavsum o‘rtasiga kelib Karlenich maktab bolalar o‘ynaydigan jamoadan ham kuchli jamoa tuzish mumkinligini isbotladi. «Qaldirg‘ochlar» ikkinchi davrani ketma-ket ikki g‘alaba bilan boshlashdi. 14-turda «Dinamo»ni 4:2 hisobida yenggan «Benyodkor» bu gal «Surxon»ga javobsiz uchta gol urdi.

Abramov jamoasi o‘yindan o‘yinga ochilib bormoqda. Hali Shohrux Gadoyev va rost bo‘lsa, Sanjar Tursunov jamoaga qo‘shilsa, «Bunyodkor» yanada kuchayadi. «Surxon»ga qarshi o‘yinda zaxiradan maydonga tushgan Javohir Qahramonov qahramonga aylandi. U zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, bitta gol urdi va ikkita golga assistentlik qildi. Bu esa o‘yinni zaxirada boshlash har doim ham omadsizlik emasligini ko‘rsatdi.

Abramov doimgidek matbuot anjumanida hammaning kayfiyatini ko‘tardi. Unga oldingi murabbiylar vaqtida «Bunyodkor» mavsum oxiriga borib charchab qolishi haqida savol berishdi. Abramov bu savolga javob berar ekan «Armanlarda doim variant topiladi» deb hazil qildi.

Qosimovsiz OKMK mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, Grigalashvili gol urishni boshladi

Olmaliqning OKMK klubi 15-turni o‘z maydonida «Andijon»ga qarshi o‘tkazdi. Oldingi turda qizil kartochka olgani sabab 15-turda zaxira o‘rindig‘ida o‘tira olmagan Mirjalol Qosimovning yo‘qligi shogirdlariga bilingan ko‘rinadi. Ular «Andijon» bilan o‘yinda 0:2 hisobida ortda borayotib, zo‘rg‘a durangga erishdi. Zafar Polvonov va Elguja Grigalashvilining gollari olmaliqliklarni qutqarib qoldi.

Pardayevning dubli «Nasaf»ni Qarshida mag‘lub etdi

Turning kutilmagan natijasi Qarshida qayd etildi. Uchinchi o‘rinda borayotgan «Nasaf» o‘z maydonida «Metallurg»ni qabul qilib, 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘yinlarda anchadan buyon ko‘rinmay ketgan Bahodir Pardayev hamon yaxshi hujumchi ekanini eslatdi va ikkita chiroyli gol urdi. Avvaliga Bahrom Abdurahimovning olis masofaga amalga oshirgan super uzatmasini chiroyli tarzda to‘xtatgan Pardayev darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borib hisobni ochdi.

Birinchi bo‘lim yakunida esa Muzaffar Muzaffarovning uzatmasini bosh bilan golga aylantirgan Bahodir dublni rasmiylashtirdi. Oybek Bozorovning 75-daqiqada urgan goli qarshiliklarni mag‘lubiyatdan qutqara olmadi. Berdiyev jamoasida barqarorlik yetishmayotgani haqida ko‘p gapiradi va bu bekobodliklarga qarshi o‘yinda ko‘rindi. Shu bilan birgalikda, juda yaxshi tarkibga ega «Metallurg»ning g‘alabasini kutilmagan deyish ham aslida to‘g‘ri emas.

«Buxoro»da chuqur, «Navbahor»da kichik inqiroz. Muhsin Muhammadiyev futbolchilik davridagi kabi muvaffaqiyat qozona olmayapti

Turning oxirgi o‘yini Buxoroda o‘tkazildi. O‘z maydonida «Navbahor»ni qabul qilgan «Buxoro» nursiz durangga rozi bo‘ldi. Bu har ikki jamoa uchun ham yomon natija edi, chunki Muhsin Muhammadiyev kelganidan keyin «Buxoro» atigi bir marta g‘alaba qozondi. «Navbahor» esa Deyan Jurjyevich kelganidan buyon hali g‘alaba nima ekanini bilmayapti va namanganlik muxlislar allaqachon Kanchelskis bekorga ketganini ayta boshlashmoqda.

«Buxoro» tarkibni imkon qadar kuchaytirdi. Kanadadan futbolchi keldi, Tojikiston milliy jamoasi sardori Fathullo Fathulloyev olib kelindi, ammo hali natija bo‘lmayapti. Muhsin Muhammadiyev O‘zbekistonga futbolchi sifatida kelganida muvaffaqiyatli o‘ynagandi, ammo murabbiylikda uning ishlari yurishmayapti.

Hafta qahramoni – Javohir Qahramonov

«Bunyodkor» akademiyasi tarbiyalanuvchisi Javohir Qahramonov Oliy Ligada «Dinamo» safida debyut qilgandi. Samarqandda uning faoliyati bir tekis o‘tmadi. Keyinchalik «Bunyodkor» uni «Buxoro»ga ijaraga berdi, chunki Qosimov jamoasida Javohirga joy topilmadi. Abramov kelgach, Javohirni ijaradan qaytardi va Qahramonov hozir chinakamiga o‘z o‘rnini topdi desak bo‘ladi.

Xurshid G‘iyosov bilan jamoa hujumlarini tashkil qilishda jonbozlik ko‘rsatayotgan Qahramonov bu ketishda milliy jamoadan ham taklif olsa ajabmas. «Surxon»ga qarshi o‘yinda zaxiradan tushganiga qaramay, uchta golda ham qatnashgan Qahramonovni haftaning eng yaxshi futbolchisi deb topdik.

P.S.

Hafta lahzasiDoston Hamdamovdan Inestacha uzatma

«Qizilqum» - «Paxtakor» o‘yinida Doston Hamdamov juda zo‘r o‘ynadi. Zaxiradan tushib 30 daqiqagina maydonda harakat qilgan Doston bitta gol urib, bitta super golli uzatmani amalga oshirishga ulgurdi. Ayniqsa Doston Sergeyevning goliga amalga oshirgan uzatmasi chiroyli chiqdi. U 6 raqibning orasidan to‘pni «kesib» Inesta uslubida Sergeyevga uzatdi va Igor gol urib, uzatmaning qadrini yanada oshirdi. Dostonning bu uzatmasi hafta lahzasi bo‘lishga munosib.

Ko‘proq yangiliklar: