Bugun, 2 avgust kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi vakillari ishtirokida matubot anjumani o‘tkazildi. Unda mamlakatning eksport salohiyatini oshirish maqsadida bojxona ma'muriyatchiligini kamaytirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar hisoboti tinglandi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bo‘lim boshlig‘i Botir Madrahimov mahalliy eksportyorlarga bojxona tizimida berilgan yengilliklar haqida ma'lumot berdi.
«2019 yil 24 mayda «Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urtaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga quyidagi imkoniyatlar taqdim etiladi:
- mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga mahsulotlarni (qarordagi ro‘yxat bo‘yicha) eksport qilishda uni temiryo‘l transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha qismini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;
- eksportoldi krediti summasining 50 foizigacha, biroq kreditning 4 mlrd. so‘mdan oshmagan qismiga kafillik beriladi;
- misol uchun, eksportyor bankdan 24 foizlik kredit olsa, uning 8 foizi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi. Bunda tadbirkor bankka murojaat qilishining o‘zi kifoya.
Ushbu xarajatlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.