Jamshid Qo‘chqorov: «Gaz ta'minotida 30 foizgacha yo‘qotishlar bo‘lgan»

Iqtisodiyot 21:20 / 01.08.2019 14291

Bugun, 1 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, «O‘ztransgaz» AJ va «O‘zbekenergo» AJ mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 30 iyul kuni «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari va tariflarni o‘zgartirish to‘g‘risida»gi №633-sonli qarori imzolangani va unga ko‘ra barcha energoresurslar narxi turli darajada oshirilgani bo‘yicha ma'lumot berganida jurnalistlar vazirdan narxlar oshishiga shu paytgacha tizimlarda davom etib kelgan korrupsion holatlar sabab bo‘lgan-bo‘lmaganini so‘rashdi.

«Elektr energiyasini uzatishda 10-12 foizgacha, gaz ta'minotida hatto 30 foizgacha yo‘qotishlar bo‘lgan. Bularning qanchasiga korrupsiya sabab bo‘lganini aniq ayta olmayman, lekin bu omil borligi rost. Korrupsiya, noaniqliklar tufayli hozir 3 trln so‘mga yaqin mablag‘ undirilmay turibdi va buning 1 trln so‘mdan ortig‘i «umidsiz qarzlar» hisoblanadi hamda katta ehtimol bilan kechib yuboriladi.

Korrupsiya bilan kurashish esa faqat bizning vazifamiz emas. Tez kunlarda saytimizda aynan mana shunday holatlarga qarshi kurash bo‘yicha qilingan ishlar yuzasidan ma'lumot beriladi. Xodimlarga bu bo‘yicha topshiriq beraman», deya Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: