O‘zbekistonning tashqi qarzi 19,1 mlrd dollarga yetgan. Bu har birimiz uchun nimani bildiradi?

Iqtisodiyot 14:20 / 31.07.2019 140170

Tashqi qarz nima?

Kimdan qarz va kimning qarzi bu?

Tashqi qarz oshib ketishining tahlikalari bormi?

Davlatning qarzi — bu bizning ham qarzimizmi?

Gapni hikmatdan boshlay qolaylik. Xalqimizda qarz — yaxshilikdan emas, noilojlikdan darak, degan gap bor. Qarzning maqomi ham — shunga yarasha. «Qarz bergan — arslon, qarz olgan — sichqon», «Qarz olgan qochar, qarz bergan quvar», — degan ota so‘zlarimiz bor. Qarz berishning savobi hadya berganning savobidan ko‘ra ko‘proqligi, uzish niyatida qarz olgan kishiga Alloh taoloning O‘zi yordam berishi borasida Rasululloh (s.a.v.) dan hadislar rivoyat qilingan. Qarz berish savob, lekin qarz olish — og‘ir ish. «Qizg‘anchiqdan qarz olma, qarz olsang ham xarjlama» degan maqol ham bor.

«Qarz» so‘zi aslida kesish ma'nosini anglatadi, demakki, imkoni bor o‘zining sarmoyasidan bir qismini kesib, boshqaga beradi. Olgan o‘sha kesikni yana qayta tiklab berishi lozim. Qur'oni Karimning bir necha joyida «Alloh uchun qarzi hasana beruvchi bormi?» ma'nosidagi oyatlar keladi (Baqara, 245; Moida, 12). Bu mardlarga xitob bo‘lib, qarzi hasana berishsa, qarz olgan taraf to joyini to‘ldirgunicha sabr etib turishi lozim bo‘ladi.

Qarzimiz...

O‘zbekiston Markaziy Banki davlatning tashqi qarzi oshganini e'lon qildi. Qarzimiz 2019 yil 1 aprelgacha holatida 19,1 mlrd dollarga yetgan. Bu yil boshidan shu sanagacha 10,3 foizga, ya'ni 1,8 milliard dollarga oshganini bildiradi. Mamlakat iqtisodiga tashqi sarmoyalarni jalb etish shu holatga olib kelgan. Qarzning 11,7 milliard dollari davlat sektoriga va 7,3 milliard dollari xususiy sektorga daxldordir, yil boshidan olingan qarzning 1,7 milliard dollari davlat sektori tomonidan olingan, 2019 yilning 29 iyun kuni, soat ertalabki 8dan 47 daqiqa o‘tgan holatga ko‘ra, Markaziy bankning davlat tashqi qarzini hisoblagichi 50 439 580 712 dollar qarzni ko‘rsatmoqda va bu endi tug‘ilgan chaqaloqdan to keksa fuqarogacha har bir jonga taqsimlaganda 1590 dollar demakdir. Har birimiz shunchadan tashqi qarzga sohibmiz. Shu yilning o‘zida davlatimiz to bugungacha 2 417 913 502 dollar qarz olgan. Davlat qarzi oshib borishi, xususiy sektor qarzi bir qadar qisqargani kuzatiladi.

Bu ozmi yoki ko‘pmi? Boshqa davlatlar bilan qiyoslaganda-chi?

Hozir izchil iqtisodiy islohotlar davri va mamlakat tashqi sarmoyadorlar va kreditorlarni faol jalb qilishda davom etmoqda. Lekin bu sarmoyalar va qarzlar o‘z muddatida foizi bilan qaytarilishi kerak. Tashqi qarzlar uzoq va o‘rta muddatli qarzlar bo‘lib, tashqi majburiyatlarning 88,6 foiz (15,3 mlrd dollar) 10 yildan ziyod muddat ichida qaytarilishi shart, yana 923 million dollar — 5 yildan 10 yilgacha qaytarilishi lozim.

Tashqi qarz qanchalik tahlikali?

Sarmoyalar bo‘yicha tashqi ekspertlar mamlakat uchun, O‘zbekiston uchun tashqi qarz Yalpi ichki mahsulotga nisbati 60-70 foizdan oshganda xavfli bo‘lishini aytadi. Tahlikaning ostonasi davlat o‘zining tanqislashgan budjetini moliyalashtira olmay qolganda va bu tashqi qarz YaIMning 70-80 foiziga yetganda boshlanadi hamda 100 foizdan o‘tganda ulkan tahlika yuzaga keladi, deganidir. Afsuski, biz hali yilning birinchi yarmidayoq allaqachon 10,4 foiz o‘sgan qarzda turibmiz.

Faqatgina dunyoning ulkan iqtisodlari katta tashqi qarzni shakllantira olishi mumkin. O‘zbekistonning tashqi qarzi yiliga 10 foizga oshsa, iqtisodda barqarorlik saqlanib turishidan umid qilish mumkin. Ikkinchi tomondan, tashqi qarz oshmasidan turib YaIM o‘sishi mushkuldir. Dunyoning yetakchi davlatlari juda ulkan tashqi qarzga egadir va shu yo‘l bilan iqtisodlari haddan ziyod ulkanlashgan va xalqlari hayot darajasi o‘sgan, bir qarzni qaytarish uchun ikkinchi qarzni olishlari kerak va bu bomba ustiga qurilgan hayotga o‘xshaydi.

O‘zbekiston uchun esa, aytishimiz mumkinki, agar tashqi qarz Yalpi ichki mahsulotga hamohang tarzda yuqorilasa, demak, mo‘'tadil yo‘ldan borayotganimizni anglatadi. Lekin, agar qarzimiz oshaversa-yu, YaIM o‘smasa, xavotirlar yuzaga keladi.

Qo‘shnilarning tashqi qarzi qay darajada?

Davlat tashqi qarzi oshib borishi muammosi Tojikiston va Qirg‘izistonni ham xavotirga solmoqda. Osiyo taraqqiyot banki so‘nggi yillarda mamlakat qarz inqiroziga uchramasligi uchun Tojikistonga qarz bermaslikka, faqat beg‘araz yordam ko‘rsatishga qaror qilgan. Bu mamlakatning tashqi qarzi hozir YaIMning 40 foizi atrofidadir.

Qirg‘izistonda vaziyat bir qadar murakkab bo‘lib, 4,4 milliard dollarlik tashqi qarzning 3,8 milliardi davlatga tegishlidir, kreditlar bo‘yicha foizlarni to‘lash majburiyati qarzni yanada oshirishi aniqdir.

Qozog‘iston va Turkmanistonni tashqi qarz tahlikali tus olishidan asrab kelayotgan narsa — yerosti va yerusti tabiiy zaxiralari mavjudligidir.

Tashqi qarz — milliy xavfsizlikka tahdid soladimi?

Davlatning tashqi va ichki qarzi oshishiga asosiy sabablar — davlat xarajatlarining tinimsiz oshishi, iqtisodiy islohotlarning inqirozi va parokandaligi, korrupsiya va yashirin iqtisod, harbiy xarajatlar va tabiiy ofatlar bo‘lishi mumkin. Yetarlicha davlat va jamoatchilik nazorati yo‘qligi, boshqaruv tizimi haddan ziyod korrupsiyalashgani budjet yetishmasligi va qarzdorlik oshishini milliy xavfsizlikka tahdidga aylantirishi mumkin. Qolaversa, tashqi va ichki qarzdorlik davlat moliyaviy tizimi barqarorligiga, sarmoya kiritish iqlimiga va davlatning dunyodagi mavqeyiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu xavflarni hisobga olmaslik xatarlidir.

Aytish kerakki, bugungi kunda oshib borayotgan tashqi qarz muammosi nafaqat rivojlanayotgan mamlakatlarni, balki rivojlangan davlatlarni ham tahlikaga solmoqda.

Davlat tashqi qarzining Yalpi ichki mahsulotga nisbati iqtisodiy barqarorlikni namoyon qiladigan ko‘rsatkich bo‘lib, Maastrixt mezonlariga ko‘ra Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun 60 foiz etib belgilangan, Xalqaro valuta jamg‘armasi davlat qarzining Yalpi ichki mahsulotga 50 foiz nisbatini tahlikaning boshlanishi, deb hisoblaydi.

Tashqi qarz borasida dunyodagi ahvol qanday?

Davlatning qarzi eng yuksak davlatlar dunyoda eng iqtisodi rivojlangan davlatlar — AQSh, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridir. Ayni paytda AQSh va Yevropa mamlakatlarida tashqi qarz yuqori bo‘lsa BRIKS davlatlari va Yaponiyada ichki qarz yuqoridir, ya'ni ular milliy valutada o‘z xalqidan va o‘z banklaridan qarzdor. Umuman, davlatning qarzdorligi milliy iqtisodga sarmoya kiritishni cheklaydi, mamlakat budjetining sezilarli qismini ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarga emas, qarz to‘lashga sarflashga majbur qiladi, mamlakat moliya tizimi xalqaro zaxiralarga tobe bo‘lib qoladi.

Albatta, tashqi qarz borasida eng katta qarzdorlardan biri Amerika Qo‘shma Shtatlaridir. 2016 yilning fevralidayoq AQSh qarzi 19,013 trillion dollarni tashkil etgandi. AQSh Kongressining Budjet boshqarmasi prognozlariga ko‘ra, davlatning qarzi 2020 yilda 22,6 trillion dollarga, 2026 yilga borib esa 29,3 trillion dollarga yetishi mumkin. Bu ahvol AQShning o‘zigagina emas, jahon iqtisodiga xavf soladi va buyuk davlatlar qolganlarni shu holatning asiri holatida ushlab turibdi, chunki globallashuv davrida jahondagi iqtisodlar bir-biriga o‘ta bog‘langan holdadir. AQShning tashqi qarzi hozirda 22,012 trillion dollarni tashkil etishi aytilmoqda. Holbuki janob Tramp hokimiyatga kelsa, ikkita prezidentlik muddatida tashqi qarzni tugatib yuborishini va'da qilgandi. Lekin u yuqoridagi rekord qarzni qayd etdi va birgina shu yilning fevralidan beri bu ko‘rsatkich yana 90 milliard dollarga oshdi.

Boshqa ayrim davlatlarning tashqi qarzlari ularning Yalpi ichki mahsulotlariga nisbatan:

• Kuvayt — 7,4 foiz

• Saudiya Arabistoni — 7,5 foiz

• O‘zbekistan — 10,1 foiz

• Qozog‘iston — 11 foiz

• Ozarboyjon — 10 foiz

• Norvegiya — 30 foiz

Yevropa Ittifoqi davlatlari:

• Fransiya — 93,5 foiz

• Germaniya — 78,4 foiz

• Portugaliya — 129 foiz

• Italiya — 132,6 foiz

• Gretsiya — 175,1 foiz

Taqqoslash uchun: AQSh — YaIMning 116,4 foizi, Yaponiya — YaIMning 239,2 foizi.

Davlatning qarzi nima? Kim uni to‘laydi?

Ilmiy tilda aytganda, davlatning qarzi — davlat budjeti yetishmovchiligini qoplash uchun davlat olgan moliyaviy qarzlardir. Davlat qarzi ichki va tashqi qarzlar bo‘ladi. Ichki qarzlar — davlatning qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha qarzlar, aksiyadorlar jamiyatlari chiqargan qimmatli qog‘ozlarga davlat kafolatlari bo‘yicha qarzlar, davlatga banklar va boshqa kreditorlar bergan qarzlar, to‘lanmagan tovonlar va hokazo.

Tashqi qarzlar — boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar hamda xalqaro huquq sub'yektlari oldidagi davlatning qimmatli qog‘ozlari uchun qarzlar, davlatga tashqi kreditorlar bergan qarzlar, rezident-tashkilotlar davlat kafolati ostida olgan qarzlar, budjet tashkilotlarining tashqi savdo jarayonlarida to‘lashi lozim bo‘lgan qarzlardir.

Iqtisodda davlat qarzining ahamiyatini ham salbiy, ham ijobiy baholashadi. Mashhur ingliz iqtisodchisi David Rikardoga ko‘ra, davlatning qarzi «insoniyat qachondir kashf etgan eng dahshatli falokatlardan biridir». Keynschilar esa uni «iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi yuqori qarzdorlik», deb biladilar.

Oqibatlar...

Muayyan chegaradan oshib ketgan davlat qarzi iqtisodiy o‘sishga salbiy ta'sir ko‘rsata boshlaydi. Eng dahshatlisi — davlatning tashqi qarzi kelgusi avlodning — farzandlarimiz va nabiralarimizning chekiga yuk bo‘lib tushadi, ular to‘lashi lozim bo‘lgan mablag‘larni biz ular dunyoga kelmasidanoq sarflab qo‘ygan bo‘lamiz. Davlat qarzi aholi orasida daromadlarning qayta taqsimlanishiga olib keladi, ya'ni davlatning qimmatli qog‘ozlariga ega badavlat fuqarolar pullarini foizi bilan qaytarib ham oladilar, qashshoq fuqarolarimiz xorij qarzini qaytarish uchun maoshlaridan soliq to‘lashga majbur bo‘ladi. Davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi xususiy sarmoyalarning qisqarishiga, siqib chiqarilishiga olib keladi. Iqtisodning barqarorligiga putur yetadi.

Nima qilmoq kerak?

Butun tarix va amaliyot shuni ko‘rsatadiki, sarmoyalarni jalb etish qanchalik mahoratni talab qilsa ham, eng asosiysi uni to‘g‘ri va joyida ishlatishdir. O‘zbek olimi, iqtisodiyot fanlari doktori M.Umurzoqovning sarmoyalarga oid taqqosi juda o‘rinlidir. Unga ko‘ra vaziyat shunday: iqtisodiyotimiz — go‘yo bir «bemor»dir, uning davolovchi «dorisi» sarmoyadir. O‘zimizda bu «dori» yetarli emasligi uchun xorijiy sarmoya olamiz. Ammo biz shuncha miqdorda «dori» olishimiz kerakki, tokim bemor tezroq tuzalsin, safga qaytsin va ishlab o‘z ta'minotini ham qilsin, ham «dorining puli»ni uzsin. Agar u «dori» ustiga «dori» olaversa-yu, o‘zi isloh bo‘lmasa, giyohvand kabi doriga o‘tirib qoladi va boqimanda hamda qarzdorga aylanadi. Shuning uchun sarmoyaning keragini va zarur miqdordagina olish kerak, tezroq iqtisodni isloh qilib, qarz olishni to‘xtatish va qarzlarni uzish shart.

Pul kiritayotgan investorlarni tanlash kerak — ularning aksariyati oddiy «uddaburonlar»: bugun bir biznesni sotib olib, birozdan keyin ikki baravarida sotish payida bo‘ladi. Qarz olayotgan davlat yoki biznesmen katta pulni ko‘rib aqli shoshmasdan, ertaga qaytarish lozimligini bilib, istiqbolli ishlarga sarflashi shart.

Nima qilish kerak?

1. Strategik sarmoyador kerak, tokim uning maqsadlari va manfaatlari siznikiga monand kelsin. Olib-sotarlar hamkor bo‘lmaydi.

2. Sarmoyalar muayyan, aniq vazifalarga yo‘naltirilishi kerak.

3. Qancha kerak bo‘lsa, shuncha qarz olish lozim, qancha beraversa, olaverish kerak emas.

4. Tuzilayotgan shartnomalarning foyda va zararlari, xatarlari hisobga olinishi kerak. «Nega xalq uchun zararli shartnoma tuzildi», deb keyin hayron bo‘lib yurmaslik lozim.

5. Biror xususiy tadbirkor qarz olsa, buning mas'uliyati uning yelkasidadir. Ammo davlat qarz olar ekan, uni davlat emas, xalq to‘laydi. Bu yoddan chiqmasligi kerak.

Shuncha statistika va mulohazalarni keltirib, xulosa chiqarmasak, oldisini aytib, berdisida jim o‘tirsak bo‘lmas.

Biror sohaga imtiyoz berilarkan, u budjetga to‘lashi kerak bo‘lgan mablag‘ boshqa insofli soliq to‘lovchilar hisobidan to‘lanadi. Imtiyozlar ham, qarzlar ham — hammasi shu xalqning ustidan va ularni alal-oqibat soliq to‘lovchi xalq qoplaydi. Shuning uchun qarz olishga, qonun chiqarishga, davlat va xalq nomidan ish yuritishga vakolatni kimlargadir berar ekansiz, bu insonlarni, deputatlarni yo mansabdorlarni saylayotganda, kimga ovoz berayotganingizga e'tibor qiling, degimiz keladi. Chunki siz o‘z ovozingizga qo‘shib, nomingizdan qarz olishga ham vakolat berayotgan bo‘lasiz.

Mo‘'jaz taqqos

Umuman olganda, bir insonning qarz olishi va davlatning, vakolatli idora va muassasalarning qarz olishi mohiyatan bir xildir. Deylik, oddiy bir mehnatkash tovuq boqish uchun kredit olsa-yu, hokim buvaga: «Men buncha pulni ko‘rmaganman, dovdirab qolaman, hovliqib ketib, tovuq emas — mashina yo ikkinchi xotin olib qo‘yishim, xumor tutganda maishat qilib, ichib qo‘yishim mumkin. Shu kreditga o‘zingiz tovuqxona qurib bering, tovuq olib bering...», — desa yoxud baribir shunday bo‘ladi, deb hisoblab, hokim buvaning o‘zi kreditni jiyanining firmasiga o‘tkazsa, jiyan albatta eng arzon materiallardan quradi va eng pushti kuygan, tugagan arzon tovuqlarni olib beradi. Chunki o‘zi ham yeyishi kerak, tog‘asiga ham uzatishi kerak. Erkin Vohidovning manfaat falsafasi degan she'rini eslang:

Bitta qo‘l uzatsa loy,

Bittasi suvar, do‘stim —

Foydasiz jiyan kelsa,

Tog‘a ham quvar do‘stim...

Qarabsizki, kredit tamom, tovuqlar tug‘may qo‘ygan, qarzni endi tovuqboqarlikni orzu qilgan zahmatkash, mehnatkash va uning bolalari to‘lashi kerak. Bu yerda, mana, har yerda hozir korrupsiya ham bor. Boringki, shu mehnatkashning o‘zi ham hokimsiz kreditni no‘noqlarcha ishlatsa, sovurib yuborsa, oilasi va bolalari uzoq yillar qarzga botadi.

Alal-oqibat...

Davlat iqtisodni isloh qilish, ish o‘rinlari yaratish, sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va shu kabi xayrli maqsadlarda olayotgan tashqi qarzlar, investitsiyalar ham shunga o‘xshashdir. Uni ham baribir butun xalq qaytarishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun, eng avvalo, bu xalqning mazkur jarayonlardan, qay yerdan qancha mablag‘ olingani va olinayotganidan, qay yerga ishlatilayotganidan, qay tarzda qaytarilishidan xabardor bo‘lishga yuz foiz haqqi bordir. Bu jarayon boshdan oxir shaffof bo‘lishi kerak. Xalqning zimmasiga tushadigan investitsiyalar imi-jimida sarflanishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari korrupsiyaning oldini oladigan asosiy va davlat nazorati idoralari korrupsiyalashgan sharoitda, balkim yagona choradir.

Agar kimdir qashshoq bo‘lsa, kimningdir boy bo‘layotgani tufaylidir. Yozuvchi Bernard Shou juda ozg‘in edi. Bir semirib ketgan oqsuyak uni haqoratlaganday: «Ey, Bernard oka, sal et olsangiz bo‘lmaydimi, sizni ko‘rgan odam London-sitida ochlik deb o‘ylashi mumkin! Mamlakatni sha'nini yerga urmang, vatan xoini!» — debdi. Bernard Shou pul semirtirgan bu mansabdorga qarab: «Sizni ko‘rgan odam, qashshoqlikning sababi shu kimsa bo‘lsa kerak, Angliyadagi hamma nonni shu yeb qo‘ygan, shekilli, deb o‘ylaydi!», — degan ekan.

Avval bayon qilganimizdek, xalq kimnidir boy qilsa, uning o‘n tangalik narsasini xorijdan arzon olib kirish cheklangan sharoitda yigirma tangaga sotib olib boy qiladi, u aksiyador bo‘lgan zavodning chetdan olib kelingan arzon va sifatsiz, besh baravargacha qimmat rasmiylashtirilgan ehtiyot qismlardan yig‘ib bergan, shu uchun narxini qimmat qilgan avtomobilini xorijdan avtomashina olib kirish boji ikki barobarligi uchun ichki mashinani ikki barobar olishga majbur bo‘lganidan boy qiladi. Hatto uddaburonligi va tinib-tinchimasligidan boy bo‘lsa ham, uning mahsulotini xalq olmasa, boy bo‘lolmaydi. Xalq sochini oldirmaslikka qaror qilsa, sartarosh ham bankrot bo‘ladi. Hamma narsaning yuki elga tushadi. Buyuk jahongir Amir Temur: «Kengashib ish qilinishi xayrlidir», — degani demokratiyaning asosiy tamoyili hamdir.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyeyev har chiqishida: «Menga maqtovlaring, qarsaklaring kerak emas, fikr beringlar, taklif beringlar!», — deb shuning uchun aytmoqda.

Shunday qilib, ulkan sarmoyalar ham nimalarga sarflanayotganidan uni to‘laydigan el xabardor bo‘lishga haqlidir va demokratik davlatimizda fuqarolik jamiyati o‘z fikrlari bilan hatto qay sohaga sarflanishi — ulkan forumlar saroylari va «siti»largami yoki nuragan bog‘cha va dori-darmonsiz kasalxonalargami — zarurligi borasida fikr yuritishi, qarorlar qabul qilishida ishtirok etishi zarur. Xalqimizning «Yemagan somasaga pul to‘ladi», degan maqoli shu o‘rinda haq bo‘lib chiqmasligini istardik.

Qarz baribir qarzdir, Qiyomatga qolmasligi kerakdir.

Hikmat bilan boshlangan so‘zimizni hikmat bilan yakunlaymiz: Insonni qarz sinagani kabi, iqtisodni ham sinaydi. Yahudiy xalq maqolida «Agar do‘stingdan qutulmoqchi bo‘lsang unga qarz ber yoki qarz ol», — deyiladi. Hech kimga qaram bo‘lmagan, hech kimdan qarz bo‘lmagan xalq va millat bo‘lmoq qanchalar ulug‘ martabadir. Zero, xalqimiz bilib aytadi: «G‘am yo‘qligi — sog‘liq, qarz yo‘qligi— boylikdir».

Karim BAHRIYeV.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: