Belarus poytaxti Minsk shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston-Belarus hududlararo forumida Namangan viloyati hamda Belarusning Vitebsk oblasti o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Ushbu kelishuv Namangan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Kamalov hamda Vitebsk oblasti ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Boris Yefremov tomonidan imzolandi.
O‘zaro mahsulot va xizmatlarni sotib olish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikda ikki viloyat ishbilarmonlari ishtirokida turli biznes-seminarlar, ko‘rgazmalar tashkil etishga kelishib olindi.
Forum doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi hamda Belarus Savdo-sanoat palatasi Vitebsk bo‘limi o‘rtasida ham hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Avvalroq, 24 – 25 iyun kunlari Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyat hududiy boshqarmasi, "Kosonsoy farm" EIZ, "Dori-darmon" AJ, "Namanganvino" AJ, "Sohibqiron" fermer xo‘jaligi vakillaridan iborat viloyat delegatsiyasi Ayubxon Kamalov boshchiligida Vitebskka tashrif buyurgandi.
Tashrif davomida ikki viloyat o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, viloyatlarning investitsion hamda eksport salohiyatlari o‘zaro namoyish etilgandi. Tashrif yakunida MDH davlatlari hududidagi yirik erkin iqtisodiy zonalardan biri - «Vitebsk» EIZ va «Kosonsoy farm» EIZ direksiyasi o‘rtasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.