Boshlang‘ich darajadan boshlab ingliz tilini mustaqil o‘rganish mumkinmi?

Light 20:39 / 30.07.2019 16821

Har qanday xorijiy tilni mustaqil o‘rganish — murakkab vazifa. Eng avvalo, tanlangan til sizga nima uchun zarurligini aniqlab, maqsadni belgilash kerak. Ingliz tili sayohat yo xizmat safarida muloqot uchun, universitetda baholarni yaxshilash yo ingliz tilida chop etilgan adabiyotlarni erkin mutolaa qilish uchun kerakmi? Quyida o‘z tajribamda qo‘llangan usullar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

Shuni bilingki, maqsad aniq bo‘lsa, unga yetishish yo‘llari ham ko‘rinadi. Shunga muvofiq, til nega kerak bo‘lishini belgilab olgach, ishga kirishing. Alifboni bilmay, til o‘rganishni boshlaganlar uchun Puzzle English internet resursi foydali bo‘ladi.

Til o‘rganishning boshlang‘ich davri chiroyli va to‘g‘ri talaffuz qilish kabi mashqlari bilan hamohang bo‘lishi kerak. Men ingliz tiladi kuyga solingan qo‘shiqlarni ko‘p tinglaganman. Albatta, qo‘shiq matni bilan xonandaning talaffuzi ikki xil bo‘lishi mumkin, lekin bu foyda beradi. Shunchaki, ashula nomiga lyrics so‘zini qo‘shib qidiruv portaliga kiriting va natijada ko‘ringan matnni ko‘chirib oling.

Shaxsiy lug‘at daftarchasini yuritib, so‘z boyligini oshirishga harakat qiling. Bunda yana internet resurslaridan foydalanib, ingliz tilida eng ko‘p foydalaniladigan 100, 500 yoki 1000ta so‘zni topishingiz mumkin. Yodda tuting: 1000ta so‘z bilan maishiy mavzularda suhbat qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuningdek, qo‘shiq, atrofda uchragan ajnabiy so‘zlarning o‘zbek tilidagi tarjimasini bilishga harakat qiling, yodda saqlang.

Shaxsan o‘zim ko‘p ishlatiladigan jumla va iboralar, kirish so‘zlar, muloqotda asqotadigan so‘zlarni yaxlit yodlab olardim. Bunda grammatikani yaxshi tushunish ahamiyatga ega emas.

Xorijiy til bilan jiddiy shug‘ullanishni istagan odam, albatta, uning grammatika va asoslarini qunt bilan o‘rganishi kerak. Buning uchun, o‘quvchi o‘z ona tili haqida fundamental tushunchaga ega bo‘lsa, xorijiy tilni o‘rganish ham oson bo‘ladi. Negaki, ot va sifat so‘z turkumlari, gap tuzilishi, kesim va to‘ldiruvchi nima ekanini bilmay, ingliz tili grammatikasi uch boshli bahaybat ajdaho bo‘lib ko‘rinadi. O‘zbek tili borasidagi bilimlaringizni abituriyentlar uchun chop etilgan kichik hajmli kitobchalar orqali tekshirib olishingiz mumkin.

Til o‘rganishning eng mashaqqatli davri — o‘rganilgan bilimni mustahkamlash va amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmasini hosil qilish. Bu borada men omadliman, deya olaman. Ingliz tilini o‘rganish davrida Andijon viloyatida joylashgan «Taraqqiyot» o‘quv markazida tashkil etilgan debatlarni ko‘p kuzatganman. Unda qatnashib, biror mavzu yuzasidan fikrimni bildirish va buni ingliz tilida ifodalashga harakat qilishim yana ko‘proq bilim olishga undagan. Shu bilan birga egallangan bilim amalda qo‘llangan. Demak, ingliz tilida gapirishdan uyalmaydigan bo‘ling, xorijiy tilni o‘rganish maqsadida debat tashkil qiling. 

Xulosa o‘rnida ikki muhim omilga e'tiboringizga qaratmoqchiman: tilni o‘rganish hech qachon kam vaqt talab etadigan jarayon emas va har ishda kuzatilgandek, bu mehnat talab etadi. Asosiy masala esa harakatni to‘xtatmang, kamroq, sekinroq, lekin tinimsiz mehnatda bo‘ling.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: