O‘zbekiston mahalliy parrandachilik sohasi uchun zarur bo‘lgan ozuqa mahsulotlarining 85 foizini import qilib, soya va kungaboqar shroti, makkajo‘xori chetdan olib kelinmoqda. Bu haqda chorvachilik, parrandachilik, qorako‘lchilik, quyonchilik, baliqchilik va asalarichilik sohalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan seminar-yig‘ilishda ma'lum qilindi.
Ta'kidlanishicha, «bugungi kunda qoramolning 94 foizi, qo‘y va echkining 84 foizi, parrandaning 58 foizi aholi xonadonlarida boqiladi. Shu bois, chorva, parranda va baliq uchun uzluksiz ravishda sifatli ozuqa mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish dolzarb masalalardan biridir. Importni kamaytirish, mahalliy sharoitda yuqori quvvatli ozuqa yem ishlab chiqarishni rivojlantirish zarur. Parrandachilikda ozuqaning 85 foizi import qilinib, haligacha ko‘p miqdorda soya va kungaboqar shroti, makkajo‘xori chetdan olib kelinadi».
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahromjon Norqobilovning so‘zlariga ko‘ra, 6 ming 500 chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligida 2023 yilgacha maxsus naslchilik tarmoqlari tashkil etiladi. Sun'iy urug‘lantirish orqali qoramollarning sut va go‘sht mahsuldorligini oshirish mumkin. Shu bois, sentabr oyidan Samarqand veterinariya meditsinasi institutida sun'iy urug‘lantirish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning malakasini oshirish markazi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Teri, go‘sht va momiq jun olish uchun boqilayotgan quyonchilik yo‘nalishlari ham rivojlanmoqda. Jumladan, bugungi kunda aholi xonadonlari va quyonchilik xo‘jaliklarida 112 ming 600 dan ziyod quyon boqilmoqda. Ularning 66 mingdan ortig‘i zotdor quyon hisoblanadi. Shu sababli, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tizimidagi Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida “Quyonchilik seleksiyasi va genetika markazi” tashkil etiladi.
“O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi raisi Sherali Suyarqulov ta'kidlashicha, 2019 yil uchun respublikada asalarichilik sohasini strategik rivojlantirish yo‘nalishi belgilanib, bunda qishloq xo‘jaligi ekinlari va bog‘larni asalarilar bilan changlatish agrotexnikasi amaliyotda qo‘llanila boshlangan. Samarqand viloyatining Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida 1 ming 500 gektar maydondagi mevali o‘simliklar 7 ming 500 dan ziyod asalari oilasi orqali changlatildi.
Mazkur agrotexnikaning qo‘llanilishi natijasida faqatgina 90 gektar yerga ekilgan gilos bog‘ining har bir gektaridan kamida 10 tonnadan hosil olinishiga erishildi.
Seminar chog‘ida mahsulot ishlab chiqaruvchi, qayta ishlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar o‘rtasida kooperatsiya munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, tashqi bozordan texnologiya izlash bilan kifoyalanmay, O‘zbekistonda mahalliy infratuzilmani birgalikda rivojlantirish payti kelgani alohida ta'kidlandi.
Shunga ko‘ra, tarmoqlarda ishlatiladigan texnika va uskunalarni xorijiy davlatlardan import qilishni kamaytirish va O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish payti kelgani ta'kidlandi. Qayd etilishicha, bugungi kunda chorvadorlar uchun zarur hisoblangan somon va pichanni o‘ruvchi, to‘plovchi oddiy uskunalar ham chetdan keltiriladi. Holbuki, ularni mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, ularning narxi arzonlashgan, soliq bazasi ortgan, asosiysi, yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lar edi.
Seminarda ishtirok etgan soha mutasaddilarining bildirishicha, yaqin kelajakda fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlik sub'yektlari ehtiyoji uchun yerlarni o‘g‘itlovchi, ozuqa o‘simliklarini presslovchi va yer maydonlarini yumshatuvchi texnikalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.