2019 yil 26 iyul kuni Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda qurilish, energetika hamda iqtisodiyot va sanoat vazirliklarining maqsadli vazifalarni joriy yil birinchi yarim yilligida bajarish bo‘yicha hisobotlari eshitildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan mamlakatni qisqa, o‘rta, va uzoq muddatli davrda barqaror va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta'minlashga, aholi farovonligini oshirish va ushbu yo‘nalishda mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan konsepsiyalar, tarmoq va hududiy dasturlarni ishlab chiqish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganiga e'tibor qaratildi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga 2019 yilda jami 43 ta vazifa yuklatilib, ulardan 33 tasining ijro muddati etib joriy yilning birinchi yarim yilligi belgilangan. Ushbu topshiriqlardan 25 tasi bajarilgan. Respublikaning asosiy iqtisodiy rivojlanish prognoz parametrlarini tarmoqlar va hududlar kesimida monitoring qilish, ishchi komissiyalar tuzgan holda 2018 yil hududiy prognoz ko‘rsatkichlarini bajarishda qoloq hududlarni joyiga chiqqan holda o‘rganish kabi vazifalar shular jumlasidan.
Shu bilan birga, vazirlik tomonidan ijro muddati joriy yilning birinchi yarmiga belgilangan 8 ta vazifa yoki jami vazifalarning 24 foizi bajarilmagan va 2 ta vazifa muddatidan kechikib bajarilganligi qayd etildi. Xususan, mahsulotlar tannarxini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, maqsadli parametrlarni ishlab chiqish, monitoring qilish, tashqi va ichki bozorda sanoat mahsulotlari raqobatbardoshligi past darajada ekanligi sabablarini aniqlash, mavjud tabiiy resurslar asosida sanoat ishlab chiqarish loyihalarini tayyorlash, past rentabelli yerlar unumdorligini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda tomchilab sug‘orish tizimini joriy etish orqali oshirish loyihalarini ishlab chiqish kabi topshiriqlar bajarilmay qolganligi qayd etildi.
Majlisda maqsadli vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlashga erishmagan vazirliklar faoliyati qoniqarsiz ekanligi alohida qayd etib o‘tildi va bunday kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llari ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan tegishli tavsiyalar va takliflar bildirildi.