Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlar bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan viloyatlar ma'lum bo‘ldi

Iqtisodiyot 09:58 / 26.07.2019 39104

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning yanvar-iyun holatiga aholi umumiy daromadlari 153,3 trln. so‘mni, nominal o‘sish sur'ati 121,7%ni tashkil etdi. Bu haqda Davstatqo‘m xabar bermoqda.

Aholi daromadlari bo‘yicha real o‘sish sur'atlarini hisoblashda narx omillari ta'sirini chiqarib tashlash maqsadida inflatsiya ko‘rsatkichlarining asosiy turlaridan biri - iste'mol narxlari indeksidan (INI) foydalaniladi. Iste'mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur'ati 107,2 %ni tashkil etdi. 

2019 yilning yanvar-iyun holatiga aholi jon boshiga umumiy daromadlari 4,6 mln. so‘mni, nominal o‘sish sur'ati 119,4 %ni, real o‘sish sur'ati esa 105,2 %ni tashkil etdi. 

Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha Toshkent shahrida (9276,8 ming so‘m) hamda Navoiy (7037,4 ming so‘m), Buxoro (5682,8 ming so‘m), Toshkent (4791,9 ming so‘m) va Xorazm viloyatlarida (4643,9 ming so‘m) o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilganligi kuzatildi. 

Aholi jon boshiga daromadlarning eng quyi ko‘rsatkichlari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (3348,9 ming so‘m) hamda Namangan (3437,4 ming so‘m) va Farg‘ona (3657,4 ming so‘m) viloyatlarida qayd etildi. 

Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Toshkent shahri (12,6 %) va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga (9,4 %) to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Navoiy (8,1 %), Sirdaryo (6,3 %) hamda Andijon (5,9 %) viloyatlarida aholi jon boshiga umumiy daromad ko‘rsatkichlarining real o‘sishi respublika darajasidan yuqorini tashkil etgan. 

Aholi umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 69,4 % ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) va 24,8 %ni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan. 

Hududlarning aholi umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning (yollanib ishlovchilarning ish haqi va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) eng yuqori ulushi Navoiy (82,6 %) viloyatida kuzatildi. Aksincha, Toshkent shahri, Xorazm, Samarqand, Namangan viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkichni tashkil etdi. Shuningdek, Xorazm va Samarqand viloyatlarida transfertlardan olingan daromadlar aholi umumiy daromadlariga nisbatan 30 %dan yuqori ulushni tashkil etdi. 

Ko‘proq yangiliklar: