2019 yilning yanvar – iyunida O‘zbekiston Respublikasi YaIM hajmi joriy narxlarda 222 trln so‘mni tashkil etdi va 2018 yilning yanvar – iyuni bilan taqqoslaganda 5,8 %ga o‘sdi.
Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, YaIM deflyatori indeksi 2018 yilning yanvar – iyunidagi narxlarga nisbatan 119,6 %ni tashkil etdi.
Aholi jon boshiga hisoblangan YaIM 6,6 mln so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,9 %ga o‘sdi.
O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda YaIM (YaQQ) tarmoqlari tarkibida qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligining ulushi 27,3 %dan 24,3 %ga kamaydi, sanoatning ulushi 27,1 %dan 30,3 %ga, qurilishning ulushi 7,3 %dan 7,6 %ga o‘sdi.
Xizmatlar sohasining YaIM (YaQQ) tarkibidagi ulushi 37,8 %ni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 0,5 f.p.ga kamaydi.
Iqtisodiy o‘sish sur'ati iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy dinamika bilan bog‘liqdir. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi YaIM umumiy hajmining 90,0 %ini tashkil etdi va 5,8 %ga o‘sdi (YaIM mutlaq o‘sishiga ta'siri 5,1 f.p.)ni tashkil etdi. Mahsulotlarga sof soliqlarning YaIM tarkibidagi ulushi 10,0 %ni tashkil etdi va 5,9 % darajasida o‘sish qayd etildi (YaIM mutlaq o‘sishiga ta'siri 0,7 f.p.).
2019 yilning yanvar – iyuni yakunlariga ko‘ra, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 2,1 % darajasida ijobiy o‘sish qayd etildi. Mazkur tarmoqning YaIM mutlaq o‘sish sur'atiga ta'siri 0,5 f.p.ni tashkil etdi. Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida ijobiy o‘sish dehqonchilikda 3,2 %ga va chorvachilikda 1,7 %ga o‘sish hisobiga ta'minlandi.
Sanoat tarmog‘ining qo‘shilgan qiymatida 6,9 %ga o‘sish qayd etildi. Sanoat ishlab chiqarishining YaIM mutlaq o‘sish sur'atiga ijobiy ta'siri 1,6 f.p. darajasida baholandi. Sanoat tarmog‘idagi ijobiy dinamika tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 4,7 %ga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat tarmog‘i qo‘shilgan qiymatining 7,8 %ga va boshqa sanoat tarmoqlarining 4,0 %ga o‘sishi hisobiga ta'minlandi.
2019 yilning yanvar – iyuni yakunlari bo‘yicha, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoati qo‘shilgan qiymati tarkibida eng katta ulush metallurgiya va metallni qayta ishlash sanoatiga (mashina va uskunalardan tashqari) to‘g‘ri keldi va 34,6 %ni tashkil etdi. Oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishning ulushi 14,5 %, to‘qimachilik mahsulotlari, kiyim, teri va unga tegishli mahsulotlar ishlab chiqarish – 14,4 %, rezina, plastmassa buyumlar va boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish – 10,0 %, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish – 8,0 %, avtotransport vositalari, treylerlar, yarim pritseplar hamda boshqa transport uskunalari ishlab chiqarish – 5,9 %, elektr uskunalar ishlab chiqarish – 2,6 %, koks va neftni qayta ishlash mahsulotlari ishlab chiqarish – 2,5 % va ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoatining boshqa mahsulotlarini ishlab chiqarish – 7,5 %ni tashkil qildi.