2019 yil 24 iyul kuni Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining joriy yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilishi belgilangan maqsadli vazifalar ijro etilishi bo‘yicha hisoboti eshitildi.
Majlisda qayd etilganidek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xalqaro ishbilarmonlik doiralarida istiqbolli investitsiya loyihalarining taqdimotlarini muntazam ravishda o‘tkazmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida amalga oshirilgan ishlar natijasida iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning eng talabgor yo‘nalishlarida 5,3 mlrd. dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirildi.
2019 yilda vazirlik zimmasiga 41 ta maqsadli vazifa yuklatilgan bo‘lib, shundan 9 ta topshiriqni bajarish muddati 2019 yilning birinchi yarim yilligi etib belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga asosan Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijasida 2019 yilning birinchi yarim yilligi davomida baholash asosiy mezonlaridagi ijro etilishi lozim bo‘lgan 9 ta topshiriqning 4 tasi bajarilmaganligi ma'lum bo‘ldi.
Jumladan, vazirlik tomonidan 140 ta yirik ishlab chiqarish obektini ishga tushirish yuzasidan investitsiya loyihalarining “yo‘l xaritalarini” ishlab chiqish belgilangan bo‘lsa-da, hozirgi kunda bor yo‘g‘i 40 ta loyiha ishga tushirilganligi aniqlandi.
Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a'zo mamlakatlarning kredit tavakkalchiligini tasniflashda O‘zbekistonning pozitsiyasini targ‘ib qilish bo‘yicha xorij tajribasini o‘rganish, mamlakatimizning mazkur nufuzli xalqaro tuzilma reytingidagi o‘rnini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tayyorlash va uni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish borasidagi ishlarda sustkashlik kuzatilmoqda.