Aholi jon boshiga qancha investitsiya mablag‘i to‘g‘ri kelishi aytildi

Iqtisodiyot 16:13 / 24.07.2019 7876

2019 yilning birinchi yarmidagi holatga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi jon boshiga 105 AQSh dollar investitsiya mablag‘i to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Senatga bergan hisobotida ma'lum qilindi.

Tashqi savdo va investitsiyalar vaziri o‘rinbosari Alisher Abdualiyev taqdim etgan ma'lumotga asosan, 2019 yil davomida 604ta loyihani amalga oshirish orqali 9,1 mlrd AQSh dollari hajmida investitsiya mablag‘larini kiritish rejalashtirilgan. Joriy yilning birinchi yarmi davomida 3,5 mlrd AQSh dollari miqdorida investitsiya mablag‘ini o‘zlashtirishga erishildi. Jumladan, ijtimoiy soha, turizm, farmatsevtika sohalariga 63,2 mln AQSh dollari, qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasiga 203,5 mln AQSh dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari jalb qilingan.

“Birinchi yarim yillik yakuniga ko‘ra, aholi jon boshiga 105 AQSh dollari investitsiya mablag‘i to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkichni yil yakuniga qadar 188 AQSh dollariga yetkazish maqsad qilingan”, ─ deydi Alisher Abdualiyev.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, 2019 yilning yanvar ─ iyun oylarida respublika bo‘yicha 1779ta yangi korxona ishga tushirilib, ularni jalb qilgan holda 605 mln AQSh dollari qiymatidagi eksport mahsulotlari chiqarilgan.

Alisher Abdualiyevning qayd etishicha, sohada jiddiy ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga bank va moliya tizimidagi muammolar to‘sqinlik qilmoqda. “Biznesni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda bankning o‘rni muhim. Xususiy kapitalning o‘z o‘rnini topishga yordam berish kerak. Lekin bu borada banklarning roli talabga javob bermayapti. Prokuratura, bojxona tizimi o‘z joyiga qo‘yildi. Lekin banklarning savdo aylanmasini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirishda yordami sezilmayapti. Buni tadbirkorlar ham ta'kidlayapti. Vazirlik tomonidan banklarning hududlardagi faoliyati bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda”, ─ deydi u.

Ma'lumot uchun, Jahon banki statistikasiga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonga 95,77 mln, Tojikistonga 107,27 mln, Afg‘onistonga 53,39 mln, Qozog‘istonga 4,654,21 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya mablag‘lari kiritilgan.

Ko‘proq yangiliklar: