Tanqidiy maqoladan so‘ng Kattaqo‘rg‘ondagi bog‘cha mudirasi va bir necha xodimlar ishdan bo‘shatildi

Jamiyat 18:33 / 23.07.2019 15025

15 iyul kuni Kun.uz saytida «Kattaqo‘rg‘ondagi darvozasiz bog‘cha yoxud tumanda maktabgacha ta'lim tizimida muammolar o‘z holicha qolmoqdami?» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Unda ushbu maktabgacha ta'lim muassasadagi qator muammolar, antisanitar holat va tarbiyalanuvchilarga oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan me'yordan kam berilishi haqida yozilgandi.

Samarqand viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi matbuot xizmati tomonidan ma'lum qilinishicha, maqolada qayd etilgan holatlar Samarqand viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqildi va aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi metodisti, bog‘cha mudirasi va bir necha xodimlariga nisbatan choralar ko‘rildi.

«Viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 23-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti bo‘yicha Kun.uz saytida nashr etilgan «Kattaqo‘rg‘ondagi darvozasiz bog‘cha yoxud tumanda maktabgacha ta'lim tizimida muammolar o‘z holicha qolmoqdami?» nomli maqola yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

Maqolada ko‘rsatilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tuman hokimligi bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Tumandagi 23-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti tumandagi «Madrasa» MFY, ya'ni tuman prokuroriga biriktirilgan 2-sektor hududida joylashgan bo‘lib, moslashtirilgan 1 qavatdan iborat binoda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bino 1956 yilda qurilgan, quvvati 120 o‘ringa mo‘ljallangan.

Mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan muassasa binosining fasad qismi, 2ta yozgi ayvonchalar va hojatxonasi ta'mirlandi, muassasa binosida mavjud 16ta eshik va 30ta deraza ranglanib, 14 m.kv. shishalari almashtirildi, guruhlarga 240 m.kv gilam to‘shaldi. Tashkilot hududida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, daraxtlarga shakl berilib, hovlisiga gul ko‘chatlari ekildi.

Hozirgi kunda tashkilotga kirish qismiga darvoza o‘rnatish va hududini 62 metr devor bilan o‘rash ishlari amalga oshirilmoqda.

Lavozim vazifalariga mas'uliyat bilan yondashmagan bir qator mas'ul shaxslarga tegishli tartibda choralar ko‘rildi.

Jumladan, 23-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti mudirasi Z.Xudoyberdiyeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi boshqarma boshlig‘ining 16.07.2019 yildagi 206-k-sonli buyrug‘i bilan bekor qilindi.

Bundan tashqari, tuman maktabgacha ta'lim bo‘limining bir nafar metodisti M.Eshmurodovaga o‘rtacha oylik ish haqining 20 foiz miqdorida jarima jazosi tayinlanib, 23-sonli MTT xo‘jalik mudiri, oshpazi va hamshirasi bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi», – deyiladi boshqarma ma'lumotnomasida.

Ko‘proq yangiliklar: