Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati Xiva shahrida yashovchi tadbirkor Sirojbek Rahmonovdan murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha, Xiva shahri markazidagi dehqon bozorida ularga qarashli iste'mol tovarlari sotiladigan do‘konlari bo‘lgan. Birida o‘zlari savdo-sotiq bilan shug‘ullansa, ikkinchisi qiynalgan bir oilaga ijaraga berilgan. Oilaviy daromadlari shulardan iborat edi. 2017 yil boshlarida ular Toshkent shahriga ish bilan ketgan chog‘larida do‘konlari buzib tashlangan. Bu voqealardan keyin bir yilgacha sabr bilan yangi joy berilishini kutishgan. Bu vaqt ichida hech qanday ijobiy natija bo‘lmagan.
2019 yilning yanvar oyidan boshlab shahar hokimiyati, prokuratura, adliya va boshqa mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilishni boshlashgan. Buzish vaqtida prezident dasturiga tushirilgan degan vajlarni ko‘rsatishgan. Biroq kompensatsiya, yer ajratish va boshqa masalalar hadeganda ijobiy hal bo‘lavermagan. Oxirgi marta shahar hokimligiga murojaat qilgan vaqtida ularga atrofida deyarli hech kim yashamaydigan, shahar markazidan chekka bo‘lgan hududdan yer ajratib berishi mumkinligini aytishgan. Ular esa bundan norozi. Bunday chekka joyda tadbirkorlik qilishning iloji yo‘qligini ta'kidlashmoqda.
«Hokimlikka borsangiz siz bilan suratga tushadi. Bir necha kilometr yo‘l bosib Gurlan shahridagi viloyat hokimining qabuliga bordim. Boraver, keyin hal qilamiz dedi. Ijobiy natija esa yo‘q. Suratimiz uchrashganimizga, ular murojaatni o‘rganganiga dalil bo‘lsa kerak-da. Undan ko‘ra, tadbirkorligimni davom ettirishim uchun yer maydoni ajratib berishsin», - deb o‘z noroziligini ifodaladi Sirojbek Rahmonov.
![](https://storage.kun.uz/source/4/kywOijHddpaF_awU1F-GY358t6VPWFu3.jpg)
Shundan so‘ng, izoh olish maqsadida, Xiva shahar hokimi Sabir Jumaniyazov qabuliga bordik. Shahar hokimi bo‘layotgan holat yuzasidan o‘z tushuntirishlarini berib o‘tdi.
Ma'lum bo‘lishicha, Ichanqal'a ham, Dishanqal'a ham turizm salohiyatini kengaytirish uchun katta qurilish maydoniga aylantirilmoqda. Dishanqal'aning umumiy maydoni 250 gektarni tashkil qiladi. Unda 54 ta madaniy meros obekti bor. Kelayotgan turistlarni shaharda yanada ko‘proq ushlab turish uchun Xivaning me'moriy qiyofasini avvalgi ko‘rinishga keltirish ishlari olib borilmoqda.
«O‘tgan yili Dishanqala yaqinida vokzal qurildi. Keyingi yili «Afrosiyob» poyezdini olib kelish rejalashtirilgan. Toshkentdan Xorazmgacha bu turdagi poyezdlar orqali 6 soatda kelish mumkin bo‘ladi. Bu ham turistlar sonini ko‘payishiga xizmat qiladi. O‘tgan yili 67 ming nafar xorijiy turist kelgan bo‘lsa, bu yil 6 oy ichida ular soni 122 ming nafarga yetdi. Asosiy maqsad yaqin yillar davomida ularning sonini 1 millionga yetkazish. Xalqimizni boqadigan turizmdan boshqa asosiy yechim yo‘q. Turizmni rivojlantirish orqali shahar hayotini yaxshilashimiz kerak. Mehmonxonalar qurilishini ham ko‘paytiramiz. Chunki turistlar soni orsa, ularni qabul qilish uchun joylarimiz yetarli bo‘lishi lozim.
Temir yo‘l vokzalidan Hazorasp darvozasigacha xiyobon, 7 ta mehmonxona, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurildi. Hozirgi kunda darvozadan ichkarigacha bo‘lgan hududlarda ham qurilish va obodonlashtirish ishlari davom etyapti. Qolgan qismida qurilish qilish uchun BMTning YuNeSKO tashkiloti bilan kelishishimiz kerak. Chunki madaniy meros obektlarining himoya hududi bor. U yerda ta'mirlash yoki qurilish ishlarini olib borish uchun ular bilan kelishish lozim. Yana shahar hududida park, prezident maktabi va sharqona tipdagi bozorlar qurishni rejalashtirganmiz. Avval buzilgan buyum bozori mana shu hududda bo‘lgan.
Ikkinchi buzilgan bozorimiz dehqon bozori edi. Bu bozor buzilishining ikkita sababi bor. Birinchi sababi bir muddat avval arxeologik qazuv ishlari olib borildi. Natijada «Said Niyoz sholikor» masjidi yonida Rahimqulixon madrasasining qoldiqlari chiqdi. Avval mansabdorlar bu yerni o‘rganmasdan ustiga bozor qurib tashlashgan. Bu hudud va uning atrofida buzish va qurilish ishlari davom etmoqda.
Hozirda «Sangar» mahallasida buyum bozori qurilishi boshlangan. Yonida 4 gektar yer maydoni mavjud. Shu yerga zamonaviy ko‘rinishga ega dehqon bozori qurilishi rejalashtirilgan. Tadbirkorlar bilan ikkala bozor ham bir joyda qurilishiga kelishdik. Bir-ikki oydan keyin dehqon bozori qurilishi ham boshlanadi. Qurilish boshlanganidan keyin, eski dehqon bozorida kimning mulki bo‘lgan bo‘lsa, ularni shu yangi dehqon bozoriga joylashtiramiz. Bu - birinchi taklifimiz.
Agar tadbirkorlardan kim rozi bo‘lmasa, yangi yer ajratib berishimizni xohlasa, «Obod mahalla» dasturiga tushgan «Do‘stlik», «Sangar» va «Tozabog‘» mahallalaridan (infratuzilma obektlari qurish uchun) ularga yer taklif etyapmiz.
Tadbirkorlardan ajratiladigan yer yo‘lning ustiga yaqin bo‘lsin degan takliflar tushmoqda. Bularni ham hisobga olishni rejalashtirganmiz. Agar tadbirkor xo‘p desa, keyingi yili qurib bitkazilishi rejalashtirilayotgan bozordan joy beramiz. Rozi bo‘lmasa, bo‘sh bo‘lgan shu uchta mahalla hududidan yer ajratishimiz mumkin. Lekin kelishuv shartnomasi imzolaymiz. Faqat bittasini tanlashi zarur», - dedi shahar hokimi Sabir Jumaniyazov.
Suhbat yakunida hokim shaxsan o‘zi bo‘sh turgan «Do‘stlik», «Sangar» va «Tozabog‘» mahallasi hududlaridan yer ko‘rsatishga va'da berdi. Shuningdek, uni sarson qilgan qo‘l ostidagi xodimlariga yetarli chora ko‘rishini bildirdi.
«Men sizlarning ko‘makchingizman. Oldingizga tushib yugurib yurib yordam beraman. Mendan «bor ko‘chaga» yoki «ishingni qil» degan so‘zlarimni eshitganmisiz? Eshitmaysiz ham. Hamma vaqt yoningizdaman. Muammo bo‘lmaydi. Hujjatlaringizni bizga topshiring», - dedi shahar hokimi.
Davlat rahbarining 2019 yil uchun mo‘ljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat idoralari xalqqa, jumladan, tadbirkorlarga yaqin ko‘makchi bo‘lishi zarurligi haqida ta'kidladi.
Shahar hokimi Sabir Jumaniyazov tadbirkor muammosi tez orada bartaraf etilishiga va'da berdi. O‘ylaymizki, uning muammosi tez orada bartaraf etilib, unga tegishli mulk hokimiyat tomonidan ajratiladi, adolat o‘rnatiladi va tadbirkor o‘z faoliyatini davom ettiradi. Hokimiyatga Hukumatning Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori asosida «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida» nizomini eslatishimiz shart bo‘lmasa kerak.
Kun.uz hozircha voqealar rivojini kuzatadi.
Zafarbek Solijonov jurnalist,
Mirrahimov Mirvohid tasvirchi