«Aksariyat tadqiqotlarimiz rivojlangan davlatlarga boy berib bo‘lingan sohalarga qaratilgan» - O‘zFA tadqiqotchisi bilan suhbat

Jamiyat 15:52 / 23.07.2019 18583

«Ilm-fan juda qimmat soha va katta investitsiya talab qiladi. Raqobatbardosh ilmiy natija olmoqchi bo‘lsak, avval dunyodagi ilg‘or laboratoriyalardagi sharoitni yaratishimiz zarur... Aksariyat tadqiqotlarimiz rivojlangan davlatlarga boy berib bo‘lingan sohalarga qaratilgan. Ta'lim o‘z mohiyatini shaklga boy berib bo‘ldi... Bizning sanoat texnologik jihatdan ancha qoloq. Innovatsiyalar ishlashi uchun iloji boricha iqtisodni erkinlashtirish, unga ta'sir etuvchi salbiy richaglarni yumshatish talab etiladi».

Kun.uz tahririyati bugungi ilm-fan va ta'lim, innovatsion tadqiqotlar, nanotexnologiya va ularning ahamiyati haqida O‘zbekistonda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan tadqiqotchilar bilan suhbatlar tashkil etishni boshlamoqda. Shu maqsadda O‘zFA Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti tayanch doktoranti Rustam Ashurov bilan suhbat uyushtirdi. Unda ilm-fan, sanoat va iqtisodiyotga aloqador bir-biriga bog‘langan tizimli muammolar, mulohazalar, takliflar, shuningdek, ion-plazma va lazer texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar xususida so‘z boradi.

- Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, ilmiy faoliyati haqida ma'lumot bersangiz?

- Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti O‘zbekistonda fizikaviy elektronika, issiqlik fizikasi, optika va lazerlar fizikasi, shuningdek, plazma texnologiyalari bo‘yicha yetakchi ilmiy muassasa hisoblanadi. Hozirda institutda 8 ta ilmiy laboratoriya faoliyat yuritmoqda.

- Bizda laboratoriya deganda to‘rt devor xona, probirkalar, ximikatlar tushuniladi. Umuman, laboratoriya haqidagi fikr-tasavvurlarimizni tiniqlashtirib olsak.

- Laboratoriya ilmiy g‘oyalarni shakllantiruvchi, ularni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tajribalar yoki nazariy tadqiqotlar orqali tasdiqlash uchun zarur shart-sharoit va qurilmalar jamlanmasidir. Tadqiqotchida qanaqadir g‘oya uyg‘onadi va u tajribalar orqali o‘z g‘oyasining taqdirini hal qiladi. Ilmiy g‘oyaning taqdiri esa, tadqiqotchining salohiyatidan tashqari, bevosita laboratoriyaning imkoniyatlariga ham bog‘liq. Aslida, laboratoriya tashkil qilish ko‘pchilik o‘ylagandek oson ish emas. Ayniqsa, eksperimental tadqiqotlar talab qiladigan tabiiy va aniq fanlarda.

Laboratoriya faqat ximikat va probirkalardan iborat, deyish biroz yanglish tushuncha. Laboratoriya mukammal bo‘lishi uchun, eng avvalo, tadqiqotlar turi va xarakteridan kelib chiqib bino loyihalanadi. Qayerdadir o‘ta nozik optik qurilmalar uchun “parazit” tebranishlarning oldini olish maqsadida bino fundamentidan alohida ko‘tarilgan platforma talab qilinsa, qayerdadir qo‘shimcha ta'minot uchun alohida shaxtalar kerak bo‘ladi. Shu sababli ilmiy laboratoriyalar joylashgan binolar odatda murakkab va maxsus loyihalashtirilgan binolar hisoblanadi.

Shundan so‘ng eksperimental laboratoriyalarning infratuzilmalari shakllantiriladi: suv tozalovchi qurilmalar, turli gazlarni transport qiluvchi quvurlar va kompressorlar, havo tozalash uskunalari, umumiy va maxsus kanalizatsiya. Ko‘pgina zamonaviy ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziluvchi joyda o‘ta toza sharoit mavjud bo‘lishi talab etiladi. Chunki ilmiy tadqiqotlar natijalari bevosita laboratoriya muhitiga bog‘liq. Shu sababli maxsus toza xonalar (clean room) tashkil qilinadi va bunday muhitda tadqiqotlar olib borishda maxsus madaniyat shakllangan. Afsuski, O‘zbekistonda bunday madaniyat yetarlicha shakllanmagan, ya'ni tadqiqot natijalariga tashqi muhit ta'siri sezilarli.

Ilmiy natijalarimiz dunyoda yetarlicha raqobatbardosh emasligini ma'lum miqdorda shu omil bilan bog‘lasa bo‘ladi. Rivojlangan davlatlarda tadqiqot o‘tkaziladigan laboratoriyaning tozalik sharoitlariga o‘ta jiddiy qaraladi. Yuqorida sanab o‘tilgan sharoitlar yaratilgandan so‘ng laboratoriyani jihozlash zarur bo‘ladi. Ana shu yerda laboratoriya tashkil qilayotgan shaxsdan tadqiqotlar, g‘oyalar va qo‘yilayotgan maqsadlar haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lish talab qilinadi. Chunki laboratoriya uchun aynan qaysi qurilmani xarid qilishni bilish va ularga texnik talablarni to‘g‘ri tuza olishning o‘zi bir san'at.

Afsuski, yangi jihozlangan ko‘pgina laboratoriyalarimizda qurilmalar o‘ylangan g‘oyani amalga oshirish uchun yetarli imkoniyatga ega bo‘lmayotgani yoki qurilmalar tarkibining noto‘g‘ri tuzilganligi bizda bu kabi ko‘nikmaga ega olimlar sanoqli ekanligidan dalolat beradi. Odatda laboratoriyada qurilmalar obekt yaratuvchi qurilmalar va o‘sha obektni bizga zarur bo‘lgan xossalarini to‘liq kuzatish va o‘rganish imkonini beruvchi analitik qurilmalardan iborat bo‘ladi.

Shuni ta'kidlash joizki, ilm-fan juda qimmat soha va katta investitsiya talab qiladi. Ilmiy tadqiqot qurilmalari yetarlicha qimmat. Ammo raqobatbardosh ilmiy natija olmoqchi bo‘lsak, avval dunyodagi ilg‘or laboratoriyalardagi sharoitni yaratishimiz zarur.

- Yaqinda Xalqaro press klubning Fanlar akademiyasiga bag‘ishlangan sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov bugun ilm-fanda amaliy tadqiqotlar yetishmasligi haqida gapirgandi. Institut faoliyati misolida bunga qanday qaraysiz?

- Ko‘pincha amaliy tadqiqotlar deganda ishlab chiqarishning bugungi muammosi yechimini taklif qiluvchi ishlar tushuniladi. Aslida amaliy tadqiqotlar ancha kengroq, ya'ni bugungi muammolardan tashqari, mavjud sharoitlardan foydalanib, butunlay yangi mahsulot yaratishga ham yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Ilm fan sohasida erishilgan ilg‘or natijalar birinchi navbatda mamlakatda tegishli sohaning rivojlanish darajasiga qarab o‘z samarasini ko‘rsatadi. Bu borada fizika fanida olingan natijalarga O‘zbekistonda talab yetarli emas. Lekin bu tadqiqotlar olib borilishi ortiqcha degani ham emas. Aksincha, sohani fanning eng ilg‘or yutuqlari asosida tashkil qilish va rivojlantirish lozim. Shu o‘rinda yana bir haqiqatni eslatib o‘tmoqchiman, eng ilg‘or amaliy natijalar, avvalo, eng chuqur fundamental bilimga asoslanadi. Shu sababli, tadqiqotlar har tomonlama olib borilishi maqsadga muvofiqdir.

- Institutda ilmiy faoliyatingizni qanday olib boryapsiz? Laboratoriyangiz, ilmiy ishingiz, tadqiqotlaringiz bilan bo‘lishsangiz.

- Bizning laboratoriya, asosan, quyosh energetikasi muammolari bilan kompleks shug‘ullanishni o‘z zimmasiga olgan. Barcha loyihalarimiz quyosh energetikasi atrofida qurilgan. Biz o‘z tadqiqotlarimizni boshlaganimizda, mo‘ljal sifatida yangi avlod quyosh elementlari — SHJ (silicon heterojunction) texnologiyasini oldik. Bu tip quyosh elementini tanlab olinishiga sabab — O‘zbekiston iqlimi. Ya'ni, bizda yuqori haroratda ishlay oladigan quyosh elementlariga ehtiyoj katta. Bu kabi elementlarni ishlab chiqarish uchun esa monosilan gazi talab qilinadi. Bu mahsulotsiz yangi avlod quyosh elementining amorf kremniy qatlamlarini hosil qilishning iloji yo‘q. Shu sababli, eng avvalo, biz monosilan olish texnologiyasini yaratishdan boshladik. Bizning bu texnologiyani yaratish davomida olib borgan tadqiqotlarimiz jahonda kremniy va kremniy mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar orasida yetakchilaridan biri Janubiy Koreyaning OCI yirik kompaniyasini xam qiziqtirib qo‘ydi. Ular o‘z qiziqishini bizning ilmiy tadqiqotlarga 500 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya ko‘rinishida bildirishdi.

Texnologiya yaratilib, sinovdan o‘tkazilgach, uni AQSh, Yaponiya, Koreya, Yevropa Ittifoqi va Tayvan kabi davlatlarda patentladik. Ammo quyosh panellari ishlab chiqarish bilan quyosh energetikasining barcha muammolari hal bo‘lib qolmaydi. Panellarning yuzasini chang qoplab qolishi quyosh panelining samaradorligini tushirib yuboradi. Shu sababli, laboratoriyamizda changdan himoyalovchi o‘ta shaffof super gidrofob qatlamlar yaratish ustida ishlar olib borilayapti va hozirda yaxshi natijalarga erishganimizni tasdiqlovchi ko‘plab namunalarga egamiz. Eng qizig‘i bu kabi qatlamlar monosilan texnologiyamizdan chiqadigan yondosh mahsulotdan olinadi. Aynan shu mahsulot boshqa bir katta muammoga yechim bo‘lish arafasida turibdi. Quyosh panellari ishlab chiqadigan energiyani iste'molchiga yetkazilmagan qismini akkumulyatsiya qilish zarur. Bugun bu maqsad uchun litiy ion akkumulyatorlari ishlatiladi. Ammo bu akkumulyatorlarning yaroqlili muddati quyosh elementinikiga qaraganda ancha qisqa. Juda katta miqdordagi energiyani saqlashda ham bu tip akkumulyatorlar ishonchli emas. Shu sababli bosh tip akkumulyatorlar - vannadiy oksidi asosidagi suyuq akkumulyatorlar istiqboli taxmin qilinmoqda.

Biz aynan shu akkumulyatorlarni yaratish ustida ish olib boryapmiz. Bu sohadagi bizning ilmiy yangiligimiz bu kabi akkumulyatorlar uchun membranalarni yuqorida aytilgan yondosh mahsulotimizdan olishdir. Keyingi yil biz o‘zimiz yaratgan ilk 5 kVatt akkumulyator namunasini taqdim qilishni maqsad qilganmiz. Bizning falsafamiz bir katta loyiha atrofida muammolarga kompleks yechimni taklif qilishdan iborat.

Bundan tashqari, o‘zimning individual tadqiqotlarim ham bor. Ayni damda tayanch doktorant sifatida kremniy nanozarralarini changli plazmada hosil qilish ustida ishlayapman. Bu tadqiqotlarim quyosh elementlarida lyumenofor va shuningdek, meditsinada organizmda dori tashuvchi konteynerlar uchun zarur bo‘lgan nanozarralarni hosil qilishga qaratilgan.

- Bugun innovatsiya haqida ko‘p gapiriladi. Fanni innovatsiyalashtirish, tizimli rivojlantirish uchun nimalar qilinishi kerak, deb hisoblaysiz?

- Fanni tizimli rivojlantirish uchun, eng avvalo, fan tizimini barqaror qilish kerak. Fanni bazaviy moliyalashtirishga qaratilgan qaror aynan shu barqarorlikni ta'minlovchi islohotlardan. Bundan tashqari, texnik bazani tubdan yangilash zarur. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan laboratoriyalardagi ko‘p qurilmalar bugungi fan talabiga javob bermaydi. Shuni ta'kidlash kerakki, yaqin ikki yil ichida laboratoriya qurilmalari xaridlari to‘g‘risida qarorlar chiqdi va aniq manbaga ega mablag‘ ajratildi. Lekin qurilmalar bilan ta'minlangani bilan reagentlar masalasi ochiq qolmoqda. Reagentlar uzoq muddatli reja asosida xarid qilinishi to‘g‘ri emas.

Fan bugungi kunda shiddat bilan rivojlanyapti. Yangi g‘oyalarni generatsiya qilish ham tezlashib ketdi. Bu vaqtda jahonda raqobatbardosh bo‘lish uchun tezlik va egiluvchanlik juda muhim. Hozirgi kunda chetdan keltiriladigan ko‘p reagentlar masalasi milliy fanimiz “oyog‘iga bolta uryapti”. Masalan, Yevropa laboratoriyalarida yangi ilmiy g‘oya uchun kerak bo‘lgan reagentlarni o‘sha kuniyoq buyurtma berib, ertasi kuniyoq qabul qilib olish mumkin. Biz esa, reagentlarni import qilib olib kelishdagi byurokratik to‘siqlarda juda ko‘p vaqt yo‘qotamiz. Bu ahvolda raqobat boy berilishi tabiiy.

Tizimli o‘zgarishni xohlasak, tadqiqot mavzulariga nisbatan munosabatimizni ham o‘zgartirishimiz lozim. Bugun aksariyat tadqiqotlarimiz rivojlangan davlatlarga boy berib bo‘lingan sohalarga qaratilgan. Mening fikrimcha, biz u sohalarga ming urg‘u bersak ham, rivojlangan davlatlarga yetib olib, ular bilan raqobat qila olmaymiz. Shu sababli, tadqiqotlarimizni ko‘proq rivojlanish bo‘sag‘asida turgan istiqbolli yo‘nalishlarga yo‘naltirishimiz lozim. Kelajagi butun dunyoda istiqbolli deb baholanayotgan grafen, uglerod nanotrubkalari, fulleren yoki karbid kremniy kabi materiallarga yo‘naltirsak, nanomateriallar yoki noyob xususiyatli yangi materiallar sintezi, umuman nanotexnologiyaga ko‘proq urg‘u bersak, kelajakda raqobat qila olamiz.

Men o‘z soham doirasida misol keltirdim. Aslida, turli fan yo‘nalishlarining har biridan bu kabi istiqbolli, lekin unchalik ham “tesha tegmagan” tadqiqot obektlari yetarlicha. Jiddiy, tizimli o‘zgarishni xohlasak, avvalo, barqarorlikni, keyin texnik bazani, so‘ngra egiluvchanlikni ta'minlaydigan mexanizmni yaratishimiz talab qilinadi.

- Hech bir soha o‘z-o‘zicha rivoj topmaydi, jumladan, ilm-fan ham. Sizningcha, fanning rivoji qaysi sohalarning ham isloh qilinishi talab qiladi?

Ilm-fan, asosan, ikki sohaga juda bog‘liq: fanga kirayotgan kadrlar va fandan chiqayotgan g‘oyalar. Oddiyroq qilib aytganda, fan oliy ta'lim va sanoatga o‘ta bog‘liq. Afsuski, bugun ta'limimizga mos fan, fanimizga mos sanoatimiz bor. Bugun oliy ta'limda ta'lim darajasi har doimgidan ko‘ra past. Ta'lim o‘z mohiyatini shaklga boy berib bo‘ldi. Oliy ta'lim muassasalarimizdan sanoqli bilimli kadrlar yetishib chiqyapti. Ammo ilmiy tekshirish institutlarining ham bunga qo‘l qovushtirib qarab o‘tirishi to‘g‘ri emas. Institutimiz misolida aytaman, biz Toshkent Davlat Texnika Universitetining 6 ta kafedrasi filialini institutimizda tashkil qildik va ta'lim jarayonida qatnashishni maqsad qildik. Shulardan Ziyomuhammedova Umida rahbarlik qilayotgan materialshunoslik kafedrasi hamkorlikni faol olib borayapti. Bugungi kunda texnologiyalar rivojlanishining jadalligini hisobga olgan holda institut hodimlari tomonidan aynan eng yangi texnologiyalar haqida ma'ruzalar o‘qilyapti va darsliklar ham aynan shu texnologiyalarga bag‘ishlab tuzilyapti. Ammo, shu bilan birga, afsus bilan aytamanki, talabalarning bilimi havas qilar darajada emas. Shundan taassurot uyg‘otyaptiki, oliy ta'lim yil sayin emas, kun sayin degradatsiyaga uchramoqda. Bu, albatta, ayanchli holat. Ilm-fan bundan yetarlicha zarar ko‘radi.

Fan uchun “yoqilg‘i bo‘lishi” kerak sohalardan yana biri bu — sanoat. Afsuski, bizning sanoat texnologik jihatdan ancha qoloq. Eng ayanchlisi — texnologik qoloq bo‘lgan sanoat sektorlariga ilm-fanning moslashishi. Bugun biz texnologik yechimini qidirayotgan texnologiyalar dunyoning rivojlangan davlatlarida eskirib bo‘lgan va ularning ilm-fan sohasi butunlay boshqa tadqiqotlar bilan ovora. Bugun O‘zbekiston fani o‘ta ilg‘or ilmiy yangilik yaratsa ham, mamlakat sanoat sektori uni o‘zlashtira olishi fakt emas.

Yana bir mantiqsiz va ayanchli nuqtaga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bugun tayanch doktorantlar o‘z ishlarini himoya qilishda, ilmiy natijasi biror bir sanoatda qo‘llanilganligi to‘g‘risida hujjat taqdim etishlari lozim. O‘ta ilg‘or yangilikni sanoatimiz o‘zlashtira olmasa-chi? Shu sababli, ilmiy rahbarlar doktorantlarga mavzu berganda aynan sanoatimizning mayda muammochalariga yechim bo‘ladigan, ammo jahon miqyosida hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan mavzularni tanlashga harakat qilishadi.

Umuman olganda, ta'lim, sanoat va ilm-fan bir-biriga bog‘liq ravishda rivojlanadigan sohalar ekanligini bugun rivojlangan davlatlar misolida ko‘rishimiz mumkin.

- Innovatsiya bir tomondan ilm-fan ikkinchi tomondan iqtisodiyot, sanoatning bog‘lanishi uchun dastak bo‘lib rivojlanishga xizmat qila oladimi?

- Innovatsiya, aslida, yangilanish degani. Doimo yangilanish, izlanish bor joyda o‘sish bo‘ladi. Innovatsiyalar ishlashi uchun iloji boricha iqtisodni erkinlashtirish, unga ta'sir etuvchi salbiy richaglarni yumshatish talab etiladi. Eng asosiysi, innovatsiyaga antonim bo‘lgan monopoliyadan xoli iqtisodni yaratishimiz kerak. Tadbirkorlar raqobatda pishsin, innovatsiya haqida bosh qotirsin, ilm-fanga murojaat qilsin. Aks holda, fan va sanoat orasidagi jarlik yana ham chuqurlashib boraveradi. Aynan iqtisodiy reformalar bu ikki soha orasida ko‘prik yarata olishi mumkin.

- Monopoliyaning iqtisodiyotga ta'siri haqida o‘qiganmiz, eshitganmiz, xabarimiz bor, lekin uning innovatsiya va ilm-fanga va shu orqali sanoatga ta'sirini tushuntirib berasizmi?

- Iqtisodni fan va texnologiyalardan ayri ko‘rmagan bo‘lar edim. Bugun rivojlangan davlatlarda qurilgan zamonaviy iqtisod an'anaviy sanoat va tabiiy resurslarga emas, balki yuqori texnologik ishlab chiqarish va xizmatlar, shuningdek, intellektual salohiyatga tayanadi. Fan doimiy ravishda innovatsiyalarni bozorga taqdim etib turishi uchun “fan talab” iqtisodiyot shakllanishi zarur. Bu kabi iqtisodning dvigateli esa raqobatdir. Umuman olganda, innovatsiyaga investitsiya kiritishdan asosiy maqsad, eng avvalo raqobat ustunligiga erishishdir. Raqobat ustunligiga innovatsiyalarni joriy qilgan holda mahsulot sifatini oshirish, tan narxni pasaytirish, mahsulotlarning keng assortimentini shakllantirish orqali erishiladi. Buning uchun, birinchi navbatda, bozorda raqobatning o‘zi bo‘lishi kerak. Bozorda barcha ishtirokchilar teng huquqiy imkoniyatga ega bo‘lsagina g‘oyalar ishlay boshlaydi. Aksincha, tanlangan o‘yinchilarga turli imtiyozlarni joriy qilish esa, innovatsiyalarga bo‘lgan talabni keskin tushirib yuboradi. Bu esa o‘z navbatida zaif sanoat shakllanishiga va iqtisodiy ko‘rsatgichlarga salbiy ta'sir o‘tkazishiga olib keladi. Buni monopol kompaniyalarimizning mahsulotlarini tashqi bozorga eksporti misolida ko‘rishimiz mumkin.

- Yuqorida rivojlangan iqtisod intellektual salohiyatga tayanishini aytdingiz. Nima sababdan fan sohasida ko‘pgina kadrlar chet elga ishlagani ketishni ma'qul ko‘radi? Qanday qilib bu aqliy intellekt chiqib ketish (Utechka mozgov) larning  oldini olsa bo‘ladi?

Bunga bir nechta sabablar bor. Avvalari maosh masalasi asosiy sabab edi. Juda yaqin kelajakda O‘zbekiston olimlar maoshi bo‘yicha ancha raqobatbardosh bo‘lishi kutilyapti. Bugun ham bu tomonlama sezilarli o‘zgarish bor. Ayni damda asosiy sabab sifatida zamonaviy laboratoriyalar yetishmasligi va ilmiy maktablardagi g‘oyalar tanqisligini ko‘rsatishim mumkin. Bir tarafdan laboratoriyalarimizning zamondan ortda qolganligi fan sohasida ishlab yurganlarni g‘oyalarini amalga oshirish imkoniyatini cheklab qo‘ysa, ikkinchi tomondan g‘oyalarning qiziq va dolzarb emasligi yangi bilimli kadrlarni jalb qilishda to‘sqinlik qilmoqda. Bu paytda esa, chet el laboratoriyalari ikkalasini ham taklif qila oladi. Umuman olganda, bugun immigratsiyani cheklash mantiqsiz tadbir. Inson doimo o‘ziga yaxshi sharoitga intiladi. Fan boshqa sohalardan farqli ravishda immigratsiyadan foyda ham ko‘rishi mumkin. Miyalar sizib chiqishini darhol to‘xtata olmas ekanmiz bundan to‘g‘ri foydalanish yo‘lini o‘ylashimiz kerak. Chet el laboratoriyalariga ketayotgan har bir kadrlarimiz bilan ko‘prikni saqlab qolishimiz va ular orqali rivojlangan dunyo faniga integratsiya qilishni o‘rganishimiz lozim.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi 

Ko‘proq yangiliklar: