Samarada zaharlangan o‘zbekistonliklarni davolash bilan bog‘liq barcha xarajatlar ish beruvchi hisobidan qoplanadi 

Jamiyat 16:30 / 21.07.2019 8521

19 iyul kuni O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsuli Fariddin Nasriyev va Tashqi mehnat migratsiya agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi rahbari Saidno‘mon Mansurov “Koshelevskiy posad” korxonasida ishlaydigan O‘zbekiston fuqarolarining zaharlanish belgilari bilan kasalxonaga yotqizilishi tafsilotlarini aniqlash uchun Samara viloyatiga tashrif buyurdilar.

Mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston vakillari vatandoshlarimiz davolanayotgan V.D.Seredavina nomidagi Samara viloyati klinik kasalxonasiga va 1-sonli Tolyatti shahar klinik kasalxonasiga tashrif buyurib, bemorlar holidan xabar oldilar, ular bilan suhbatlashdilar. Ma'lum bo‘lishicha, kasalxonada davolanayotgan O‘zbekiston fuqarolarining jami soni 69 nafar, jumladan 1 nafar bola bo‘lib, ulardan uch nafari reanimatsiya bo‘limida. Ularning sog‘liklari holati barqaror-og‘ir. Ayni paytda zaharlanish sabablarini aniqlash uchun tekshiruv olib borilmoqda.

Shuningdek, mazkur hudud, viloyat sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari, tibbiyot muassasalari boshliqlari va “Koshelevskiy posad” korxonasi direktori bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuv va muzokaralar yakunlarida quyidagi kelishuvlarga erishildi:

- bemorlarni davolash bilan bog‘liq barcha xarajatlar ish beruvchi hisobidan qoplanadi;

- O‘zbekiston fuqarolarining pasport va mehnat patentlari egalarining qo‘llariga topshiriladi;

- fuqarolarning ovqatlanish va yashash sharoitlarini qo‘shimcha yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘riladi;

- ish haqi miqdorini oshirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Vaziyat Bosh konsulxona nazoratida turibdi.

Konsullik-huquqiy departamenti eslatadiki, Rossiyaning Volgabo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijyegorod viloyati, Orenburg viloyati, Penza viloyati, Perm o‘lkasi, Samara viloyati, Saratov viloyati, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov viloyati, Chuvashiya Respublikasi) hududidagi hamyurtlarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-967-772-66-00.

Eslatib o‘tamiz, 18 iyulda Samara viloyatidagi “Koshelevskiy posad” korxonasida ishlaydigan 68 nafar O‘zbekiston fuqarosi “noma'lum moddadan zaharlanish” tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: